Breaking News

Prezidentlik uchun nomzod demokratlar nima haqida bahslashdi?


AQSh prezidentligi uchun demokratlar bahsi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:51 0:00

Prezidentlik uchun da'vogar 12 nafar demokrat nomzod navbatdagi bahsni o'tkazdi. Ular Prezident Donald Trampga tanqidlarni yog'dirish barobarida bir-birlarini ham nishonga oldi. Sog'liqni saqlash, daromaddagi notenglik hamda AQSh kuchlarini Suriyadan chiqarish kabi mavzularga alohida e'tibor qaratildi.

Ogayoda o'tgan demokratlar bahsi Prezident Trampni impichment qilish hamda demokrat nomzod Jo Bayden o'g'lining Ukrainadagi ishlariga doir savollar bilan boshlandi.

Bayden e'tiborni Trampning o'ziga qaratdi.

"Rudi Juliani, prezident va uning gumashtalari ochiq yolg'onchi ekanliklarini isbotlashdi. Biz hozir e'tiborni Donald Trampga qaratishimiz kerak. U mening nomzod bo'lishimni xohlamaydi. Agar nomzod bo'lsam, uni yengishimni bilgani uchun ortimdan yuribdi", - dedi Bayden.

12 ta nomzodning barchasi Trampning impichment qilinishini yoqladi. So'rovlarda Bayden bilan deyarli teng ketayotgan senator Elizabet Uorren ham shunday fikrda.

"Bu odam hech qanday javobgarliksiz muntazam qonunni buzishiga yo'l qo'yilmasligini impichment orqali ko'rsatib qo'yish kerak", - dedi u.

Yaqinda yurak xurujini boshdan kechirgan senator Berni Sanders mamlakatda impichmentdan ko'ra muhimroq masalalar borligini aytdi.

"Amerika xalqi qilayotgan ishimiz faqat Trampga hujum qilish deb o'ylasa, bu falokat. Tibbiy sug'urtasiz 87 million amerikalik borligini esdan chiqarmaylik", - dedi u.

Nyu-Jersilik senator Kori Buker saylovchilar impichment harakatini partiyabozlik sifatida ko'rishi mumkinligidan xavotirda.

"Hammamiz his qilayotgan g'azabni tushunaman. Lekin jarayonni sharaf bilan, mamlakatni bo'lib qo'yadigan emas, birlashtiradigan uslubda amalga oshirishimiz kerak", - dedi u.

Sog'liqni saqlash, qurol nazorati hamda AQSh kuchlarining Suriyadan chiqarilishi kabi mavzularda ham munozara qizidi.

Pit Butejej Suriya bo'yicha Tramp qarorini keskin qoraladi.

"Suriyadagi qotilliklar Amerika u yerdaligi tufayli emas, aksincha, askarlarning chiqarilishi va prezident Amerika ittifoqchilari va qadriyatlariga xiyonat qilgani uchun ro'y beryapti", - dedi u.

Senator Eymi Klobushar ham prezident qarorini tanqid qildi.

"Kurdlarni o'lim domiga qoldirib tark etish, Rossiyaning ularni himoya qilish uchun kirib kelishi Amerikani qanday qilib yana buyuk qiladi? Vladimir Putin bilan osh-qatiq bo'lish Amerikani yana buyuk qiladimi? Bu Amerikani emas, Rossiyani buyuk qiladi", - dedi Klobushar.

Demokratlarning navbatdagi bahsi 20-noyabr kuni Jorjiya shtatida bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG