Breaking News

Kurdlar Turkiyaga qarshi Suriya rejimi bilan kelishuvga erishdi


Suriya askarlari Turkiya chegarasi yaqinidagi Tal Tamr shahrida, 2019-yil, 14-oktabr
Suriya askarlari Turkiya chegarasi yaqinidagi Tal Tamr shahrida, 2019-yil, 14-oktabr

Suriya rejimi kuchlari Turkiya chegarasidagi shaharga joylashtirildi. Bir kun avval ular Turkiya bosqinini qaytarish bo’yicha kurdlar bilan kelishuvga erishgan edi.

Suriyaning “SANA” axborot agentligi xabariga ko’ra, hukumat qo’shinlari chegaradan 20 kilometr narida joylashgan Tal Tamr shahriga kirib borgan. “Turkiya bosqinini to’xtatish uchun” amalga oshirilayotgan bu chorani mahalliy aholi xursandchilik bilan qabul qildi, deyiladi xabarda.

Kurd kuchlari, Suriya va Rossiya o’rtasidagi kelishuv Turkiya askarlari shimoliy Suriyaga kirishidan to’rt kun o’tib e’lon qilindi. Bu orada deyarli barcha AQSh kuchlari hududni tark etgan.

Anqara Suriya Demokratik kuchlarini Turkiyadagi ayirmachilar bilan aloqador terrorchi guruh sifatida ko’radi.

13-oktabr kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp “Twitter” orqali AQSh kuchlarining qolgan qismi ham shimoliy Suriyani tark etayotganini e’lon qildi. Amerika askarlarining qolishini istayotganlar “tuganmas urush”ni yoqlaydi, dedi u.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya Kansleri Angela Merkelning aytishicha, Turkiya “chidab bo’lmas gumanitar inqiroz”ni o’z zimmasiga olish xavfi oldida turibdi.

“Bir tomondan hujum gumanitar vaziyatni izdan chiqaradi; buni biz allaqachon ko’ryapmiz. Ikkinchi tomondan, u hududda IShIDning qayta bo’y ko’rsatishiga yordam beradi. Bunday vaziyatda biz aloqada turibmiz. Qurol savdosini to’xtatishimiz mumkinligi haqida Turkiyani ogohlantirganmiz. Kelasi soatlarda va kunlarda oladigan qarorlarimiz haqida ham xabar beramiz”, - dedi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron.

“Bugun Prezident Erdog’an bilan bir soat gaplashdim. Albatta, biz Turkiyaning xavfsizlik bo’yicha manfaatlarini hisobga olishimiz kerak, lekin gumanitar sabablarga ko’ra Turkiyaning bu bosqinini to’xtatishimiz ham zarur. Kurdlar yuzlashayotgan bu vaziyatni ham qabul qila olmaymiz va boshqa yechim topishimiz kerak”, - dedi Germaniya Kansleri Angela Merkel.

IShID jangarilari saqlanayotgan hibsxona qo’riqchilari ham turklarga qarshi kurashish uchun o’z joylarini tark etgani xabar qilinmoqda.

Suriyadagi kurd rasmiylarining aytishicha, allaqachon yuzlab jangari va ularning oila a’zolari asirlar lageridan qochgan.

Kurdlarning aytishicha, IShIDga qarshi kurashda AQSh askarlari bilan yelkama-yelka jang qilganiga qaramay, AQSh ularni Turkiya hujumi oldidan tashlab ketgan. Ular arab dunyosi va BMT Xavfsizlik kengashini ham e’tiborsizlikda aybladi.

Tramp ayni paytda Kongress yetakchilari, xususan, muxolif demokratlar bilan birga ishlab, Turkiyaga qarshi kuchli iqtisodiy jazo choralarini tayyorlayotganini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG