So'nggi yillarda AQSh bo'ylab jamoat kollejlariga qabul qilinayotgan talabalar soni kamayganiga qaramay, ular ko'plab mahalliy va xalqaro talabalar uchun hamyonbop ta'lim dargohi hisoblanadi.
Kolumbiya okrugi universiteti jamoat kollejida talabalar amaliy seminarda qatnashmoqda. Boshqa to'rt yillik universitetlarga qaraganda, jamoat kollejlariga kirish osonroq, deydi dastur rahbari Uilyam Russo.
"To'rt yillik dasturga kirish ancha qiyin. Chunki ularning o'quv dasturlari va qabul talablari ham an'anaviy bo'ladi. Masalan, abituriyentlar, odatda, SAT yoki boshqa qabul imtihonlarini topshiradi va hokazo. Jamoat kollejida bunday talablar yo'q", - deydi u.
Jamoat kollejlari ikki yillik diplom yoki sertifikat beradi.
Ruandalik xalqaro talaba Kristian Xabimana o'qishni tugatib vataniga qaytmoqchi. Uning uchun qabul talablaridan ko'ra o'qishning qancha davom etishi muhim.
"Aviatsiya bo'yicha jamoat kollejini tanlashimdan maqsad, avvalo, uning qisqaligi", - deydi u.
Amerikalik talaba Anita Bleyrga jamoat kollejlarining to'rt yillik dasturlarga qaraganda ancha arzonligi yoqadi.
"Shu yerlik bo'lganim uchun men shtat darajasida pul to'layman. Xalqaro talabalarga esa xalqaro narx qo'yilgan", - deydi u.
"Mahalliy talabalarga qaraganda men ko'p to'layapman. Bitta semestr 5300 dollarga tushyapti. Boshqa kursdoshlarim 1500-1600 dollar to'lashadi", - deydi iroqlik talaba Raid Muhammad.
Xalqaro talabalar uchun boshqa qiyinchiliklar ham bor. Jamoat kollejidan olingan diplom bilan AQShda ish topish oson emas.
"AQShda raqobat kuchli. Ikki yildan so'ng, agar AQShda qolishni rejalasam, yana ikki yil o'qib, to'rt yillik diplom olishim kerak bo'ladi, chunki ish topish qiyin", - deydi gabonlik talaba Jon Ossobita.
Oxirgi yillarda boshqa ko'plab universitetlar kabi jamoat kollejlarida ham xalqaro talabalar soni kamaymoqda.
Buning sababi nimada?
"Bu ba'zan immigratsiya bo'yicha hukumat siyosati, ba'zan davlatlarning xalqaro talabalarni moliyalash tartibi o'zgarishi bilan bog'liq", - deydi Shimoliy Virjiniya jamoat kolleji xodimi Stiven Partrij.
Xabimana uchun hammasi yaxshi. Chunki vatanida uni o'zi tanlagan sohasida yaxshi ishlar kutib turibdi.
Facebook Forum