BMT va inson huquqlari faollari jurnalistlar uchun kengroq himoya choralari yaratilishini talab qilmoqda. Bu haqda ular Jurnalistlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilmaslikni tugatish xalqaro kunida bayonot berdi.
Saudiya arabistonilik jurnalist Jamol Qoshiqchining Istanbuldagi Saudiya konsulligida o'ldirilishi jurnalist qotillarining jazosiz qolishiga yaqqol misol, deydi faollar. Qotillikni amalga oshirish uchun berilgan buyruq ortida valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon turgani aytiladi, lekin unga nisbatan hech qanday jinoiy ish qo'zg'atilmagan.
Jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan boshqa ko'plab qotilliklar ham jazosiz qolib ketgan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, so'nggi yillarda matbuot xodimlariga tahdid va hujumlar soni oshgan.
BMTning matbuot va tashqi aloqalar bo'limi rahbari Ril Leblankning aytishicha, jurnalistlarni soxta xabarlar tarqatishda ayblayotgan davlat yetakchlari matbuot vakillari hayoti va erkinligini xavf ostiga qo'yyapti.
"BMT yetakchisi davlat rahbarlari uchun matbuot erkinligini himoya qilish qanchalar muhim ekanini bot-bot ta'kidlagan. So'z erkinligi va erkin matbuot demokratiyamiz uchun juda muhim", - dedi u.
YUNESKO ma'lumotiga ko'ra, 1993-yildan beri 1360 jurnalist o'ldirilgan. 2019-yil hozirgacha yuz bergan qotilliklar soni 65 ta. Ko'plab mamlakatlarda jurnalistlarni jismoniy va ruhiy tahqirlash, hibsga olish va qiynash keng tarqalgan.
Faollar jurnalistlarni himoya qilish va aybdorlarning jazosiz qolmasligini ta'minlash uchun xalqaro konvensiya qabul qilish talabini olg'a surmoqda.
Afg'oniston, Suriya, Somali va Iroq kabi davlatlarda jurnalistlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar ko'pincha jazosiz qoladi. Chunki bu o'lkalarda mustaqil sud hokimiyati mavjud emas. Bu kabi jinoyatlarning ijrochilarini topish va jazolash uchun mustaqil xalqaro tergov va sudlov mexanizmlari ishlab chiqilishi kerak, deydi kuzatuvchilar.
Facebook Forum