AQSh Prezidenti Donald Tramp Meksikadagi narkokartellarni terrorchi tashkilot deb e’lon qilish ahdida qat’iy. Meksika hukumati bundan norozi.
Alanga olgan mashinalar, qonga botgan ko’chalar va vahimadagi fuqarolar – bu o’tgan hafta narkokartellar va hukumat kuchlari o’rtasida yuz bergan to’qnashuvdan keyingi manzara. Otishmada 22 odam o’lgan, jumladan, to’rt politsiyachi.
Chegaralararo uyushgan jinoyatchilik AQSh va Meksika uchun jiddiy muammo. Noyabr boshida Meksikada yuz bergan dahshatli xurujda to’qqiz AQSh fuqarosi halok bo’ldi. Shundan so’ng Prezident Tramp narkokartellarni xorijiy terror tashkiloti deb tamg’alash niyatida ekanini e’lon qildi.
Tahlilchi Adam Ayzksonga ko’ra, saylov kampaniyasi paytidayoq Tramp Lotin Amerikasidan kelayotgan odamlarni zo’ravonlar deb atagan edi.
“Jinoiy guruhlarni terrorchilar deb atash va Meksikadagi boshboshdoqlikka e’tiborni qaratish o’sha paytdagi chaqiriqlarga mos tushadi”, - deydi u.
Jinoiy guruhlar terrorchi deb e’lon qilinsa, AQSh ularning mol-mulkini muzlatishi, ularga aloqador deb ko’rilgan odamlarni javobgarlikka tortishi yoki Amerikaga kiritmasligi mumkin.
Trampning aytishicha, u Meksika prezidentiga AQSh kuchlari ichkariga kirib “vaziyatni nazorat ostiga olib berishi” mumkinligi haqida taklif qilgan.
Meksika rahbari bunga keskin javob qaytarib, tartib o’rnatish uchun Meksikaga hech qanday tashqi kuch kiritilmasligini aytdi.
“Hech qanday aralashuvni qabul qilmaymiz. Biz erkin va suveren davlatmiz”, - dedi u.
Immigratsiya tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi Den Kedmanning aytishicha, Meksika hukumatining suverenitet talab qilishga haqqi yo’q, chunki u bosimga taslim bo’lib, kartel yetakchisi El Chaponing o’g’lini ozodlikka qo’yib yuborgan. Asl muammo hukumatning kartellar zo’ravonligiga yechim topa olmayotganida, deydi u.
“Afg’onistonda Tolibon ko’nknor dalalarini nazorat qilgandek, hukumat giyohvand moddalar traffigini to’xtatishi mumkin edi”, - deydi u.
Tramp taklifini yoqlamayotgan tahlilchilarning aytishicha, jinoiy kartellarni terrorchi tashkilot deb atash terrorga qarshi kurash choralarini zaiflashtirishi mumkin. Ayzkson fikricha, bu AQSh-Meksika aloqalariga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi, chunki ikki mamlakat chegara muammolaridan tashqari boshqa ko’plab sohalarda umumiy manfaatlarga ega.
Narkokartellarga terrorchi tamg’asining bosilishi masalasini Davlat departamenti hal qiladi. Buning uchun bunday tashkilotlar terrorchilarga xos bo’lgan bir qator shartlarga mos kelishi kerak.
Facebook Forum