Breaking News

Tramp Shimoliy Koreyadan hadiksirayaptimi?


AQSh Prezidenti Donald Tramp va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un Koreya yarimorolidagi betaraf hududda, 30-iyun, 2019.
AQSh Prezidenti Donald Tramp va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un Koreya yarimorolidagi betaraf hududda, 30-iyun, 2019.

Prezident Donald Tramp yadroviy muzokaralar yuzasidan Shimoliy Koreya belgilagan muhlatga jiddiy e’tibor bermayotgan ko’rinadi. Xalqaro ekspertlar ana shunday fikrda.

AQSh-Shimoliy Koreya o’rtasidagi muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgach, Pxenyan Vashingtonga joriy yil yakuniga qadar muhlat berilishini ma’lum qilgan edi. Shu vaqt ichida Vashington yadroviy kelishuv bo’yicha optimal taklif bilan chiqishi talab etilgan. Bitim imzolansa, Shimoliy Koreya sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadroviy dasturini to’xtatishi kerak edi.

Biroq tahlilchilar orasida muhlat yakuniga yetsa va Vashington bilan kelishuv yuz bermasa, nima bo’ladi, degan savol qizg’in muhokamada.

“Kim Chen Un o’ta aqlli. U dushmanlik yo’lini tanlasa, ko’p narsani yo’qotishini yaxhi biladi. Singapurda yadro qurolidan kechishga doir hujjatni imzolagan. Kim Chen Un AQSh rahbari bilan sovuq munosabatga borishga va prezidentlik saylovlariga aralashishga jazm etmaydi. Shimoliy Koreya uning rahbarligi ostida keng iqtisodiy imkoniyatlarga ega. Biroq va’daga ko’ra, yadroviy dastur to’xtatilishi kerak”, - deb yozdi Tramp “Twitter”da 9-dekabr kuni.

Shu kunning o’zida Shimoliy Koreya rasmiysi AQSh prezidentiga mamlakat axborot agentligi orqali tahdidli murojaat bilan chiqdi.

“Tramp bizning rejamizni bilishga qiziqayotganday. Nima qilishimiz mumkinligini o’ylab xavotirda. Uning aytganlari, bir qarashda, tahdidday tuyulishi mumkin. Biroq amalda bu uning ichki hadiklaridan dalolat. Tramp o’zi ekkanini o’zi o’rib olishi, joriy vaziyatni qabul qilishi kerak. Munosabatlar oqibati fojiali tus olmasidan u ikki karra o’ylab ko’rishi lozim”, - dedi Koreya Ishchilar partiyasi Markaziy qo’mitasi raisi o’rinbosari Ri Su Yon.

Seulda ham, Vashingtonda ham, ekspertlar Trampning murojaatlari Pxenyanda faqat aks javob bilan qarshi olinishini taxmin qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG