22-dekabr kuni O'zbekiston parlamenti quyi palatasi uchun saylovlar bo'lib o'tadi. Saylovlarni o'tkazish tartibiga muvofiq, 12-dekabrdan boshlab muddatidan oldin ovoz berish boshlangan. 18-dekabrgacha AQShning Chikago, San-Fransisko, Bruklin, Sietl va Filadelfiya shaharlarida o'zbekistonlik saylovchilarga erta ovoz berish imkoni berilgan. Elchixona va konsullik xodimlari o'zbekistonliklar zich istiqomat qilib kelayotgan bu hududlarda ko'chma saylov uchastkalari tashkil etgan.
12-dekabrga qadar bo'lgan ma'lumotga ko'ra, 20 milliondan ortiq saylovchi ro'yxatga olingan. Ularning 91 foizdan ko'prog'i O'zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan saylov uchastkalariga biriktirilgan, yana 1,79 millioni yoki 8,7 foiz saylovchi chet elda deb qayd etilgan.
Norasmiy ma'lumotlarga ko’ra, o'zbekistonliklarning mehnatga layoqatli va ovoz berish huquqiga ega salmoqli qismi xorijda. Ular 5-7 millionni tashkil etishi aytiladi. Ba’zilari norasmiy yo'llar bilan vaqtincha ishga ketganligi bois aksariyat hollarda konsulliklar ro'yxatida turmaydi.
14-dekabr kuni Nyu-York shahrining Bruklin tumanida ham muddatidan erta saylov bo'lib o'tdi.
“Bu saylov uchastkamiz Nyu-York shahrining Brayton-Bich ko'chasidagi katta kutubxonada joylashgan. AQShda saylovlar har doim mana shunaqa katta kutubxonalarda, jamoat markazlarida o'tkaziladi. Shu an'analarga sodiq qolgan holda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlarni ham Brayton-Bichdagi kutubxonada o'tkazishni lozim topdik. AQShda o'zbekistonliklar eng ko'p yashaydigan joy – Nyu-York shahridagi Bruklin tumani, xususan Brayton-Bich mahallasi. Bu yerni tanlashimizga sabab shuki, bu yerga o'zbekistonliklar ko'p kelishadi, shu yerda shug'ullanishadi. Aholiga e'tibor bersangiz, bolalar orasida ham o'zbek bolalari ko'pligini ko'rasiz. Sababi, ota-onalar shu yerga kelishadi, o'qishadi, ham bu yer ilm-ma'rifat markazi. Bu juda chiroyli joy. Mana bu saylov uchastkamizga kiradigan joyi. Mana bu saylov uchastkamiz. Mana bu yerda nomzodlarning har biri haqida alohida ma'lumot yopishtirilgan. Odamlar kelib tomosha qilishdi, o'rganishdi. O'zlariga tegishli xulosa chiqarishyapti” - o'zbekistonliklarni atrofiga jamlagan "Vatandosh" jamiyati faoli Norxo'ja Sodiqov.
“Vatandosh” O'zbek-Amerika federatsiyasi faollariga ko'ra, Nyu-York atrofida 60 mingga yaqin o'zbekistonlik yashaydi. Ularning aksariyati “grin karta” yutib kelgan, O'zbekiston bosh konsulligi hisobida turmaydi. Diplomatlar ro'yxatdagilar 400 kishiga ham yetmasligini aytadi.
Nyu-Yorkda qancha o'zbekistonlik ovoz berishi kutilyapti?
“Bizda aniq ma'lumot yo'q. Lekin “Vatandosh” jamiyatiga aloqador kamida 500 kishi kelishi mumkin. Undan tashqari, boshqa jamiyatlar, boshqa jamoat markazlaridan ham odamlar ishtirok etyapti. Mana shu bizning saylov uchastkamiz. Bu yerda O'zbekiston Respublikasi gerbi, bayrog'i, bu saylov qutisi. Albatta, saylovlarni bu yerda uyushtirishda O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakillari, Nyu-York shahridagi bosh konsulligi xodimlari ancha xizmat qilishdi. Bizlar ham ularning yonida turib qo'limizdan kelgan ishlarni qildik. Ushbu kutubxonadan foydalanish uchun ruxsatnoma olindi. Biz qariyb ikki oy shu loyihada ishladik”, - deydi Norxo'ja Sodiqov.
O'zbekistondan tashqarida mamlakat diplomatik vakolatxonalari qoshida 55 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. AQShda yashovchi o'zbekistonlik saylovchilar 150-Shayxontohur okrugidan ko'rsatilgan besh nomzod orasidan saylash huququga ega.
"O'zingiz ham ovoz berdingizmi? Saylov qanday o'tdi?" - deya so'raymiz "Vatandosh" faoli Norxo'ja Sodiqovdan.
“Men ovoz berishga ulgurdim. Birinchilar qatorida ovoz berdik. Bu yilgi saylovda ko'p partiyalar a'zolari ishtirok etishyapti. Biz uchun bu katta bayram. Chunki bu yil xalqimiz saylovga boshqacha tayyorgarlik ko’rgan, boshqacha ishonch bilan qarayapti. Respublikada bo'layotgan o'zgarishlarni xursandchilik bilan qabul qilib, bizda ham katta uyg'onish bor. Nomzodlarning har biri haqida internetda o'qidik. Ularni programmalarini o'rganib chiqdik. Biz ham ana shu jarayonlardan chetda qolmaylik va o'z hissamizni qo'shaylik degan maqsadda odamlar kelyapti. Shu bilan birgalikda, bu nomzodlar AQShda yashovchi o'zbekistonliklar nazariga tushdi. Ular ham vatandoshlarga, chet elda yashaydigan o'zbekistonliklarga alohida e'tibor bilan qarashsin. Va bu masala ularning nazaridan chetda qolib ketmasligini so'raymiz. Biz ishonch bilan ularga ovoz beryapmiz. Ular haqiqiy demokratik yo'l bilan O'zbekistonni o'zgartira oladigan nomzodlar deb o'ylaymiz. Chunki bu nomzodlarning hammasi yosh, o'qimishli insonlar ekan. Xalqimizda o'zgarish bor. Qayerda yashamaylik, O'zbekistonni o'zgarishi, vatan ishqi bilan yashaymiz. Bir kun yo'qki, O'zbekistonimizni, xalqimizni, vatanimizni eslamasak”, - deydi u.
“AQShda oilam bilan 12 yildan buyon istiqomat qilib kelyapman. Bugun bizlarga ham saylovda qatnashish nasib qildi. Men 5 nomzod platformalarini o'qib chiqdim. O'zimga ma'quliga ovoz berdim. Menimcha, bu hayotim davomida qatnashayotgan birinchi saylov bo'lsa kerak. Oldin O'zbekistonda o'tkazilgan saylovlarda qatnashmagandim. AQShda saylovlarda qatnashish nasib qildi. Avvaliga bizga konsullikdan telefon qilib, 22-dekabr kuni saylovda qatnashasiz deb aytishdi. Yaqinda yana qo'ng'iroq qilishdi. Saylov 14-dekabrda Bruklinda, kutubxonada bo'ladi, deyishdi. Bu juda ham qulay bo'ldi men va oilam a'zolari uchun. Mana 14-dekabr kuni keldik, saylovda qatnashdik”, - deydi asli samarqandlik Nilufar Gapparova.
Facebook Forum