Ovozlarni sanash jarayoni boshlandi
O'zbekiston bo'ylab saylov uchastkalarida kun bo'yi berilgan ovozlarni sanash jarayoni boshlandi.
Dastlabki natijalar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 23-dekabr kuni 14:00 da e'lon qilinadi.
AQShda ovoz berish davom etmoqda
O'zbekistonda 20:00 da barcha saylov uchastkalarida ovoz berish nihoyasiga yetdi. Ayni paytda AQShdagi O'zbekiston elchixonasida, xususan, Nyu-York shahridagi O'zbekiston konsulligida saylov davom etyapti. Vashingtonda 12-saylov uchastkasi tashkil etilgan.
"Amerika Ovozi" elchixonaga borib jarayon bilan tanishdi.
20:00 da saylov uchastkalari yopildi
Toshkent vaqti bilan soat 20:00da O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlarda ovoz berish jarayoni yakunlandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 20:00 gacha O‘zbekiston hududidagi 18 797 810 nafar saylovchidan 13 355 911 nafari, ya'ni 71,1 foizi ovoz bergan.
Xorijdagi bir qator saylov uchastkalarida, xususan, AQShda ovoz berish davom etmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi saylovning ilk natijalari 23-dekabr kuni soat 14:00 da e’lon qilinishini ma’lum qilgan.
Xorijda nechta saylov uchastkasi tashkil etildi?
Markaziy saylov komissiyasi tashkil etgan birifingda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matovning aytishicha, xorijiy davlatlarda 55 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Rossiyada ular soni 8 ta. Bundan tashqari, 90 dan ortiq hududlarda muddatdan oldin ovoz berish tashkil etilgan.
Sof.uz nashrining xabar berishicha, 12:00 ga qadar xorijiy davlatlarda jami 1455 kishi ovoz bergan.
Mamlakatda va chet ellarda jami 10315 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ilk saylov uchastkasi O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasida Toshkent vaqti bilan tungi soat 03:00 da ochilgan. Vaqtlardagi tafovut tufayli Ovoz berish Rossiyaning Vladivostok shahrida boshlanib, Amerikaning Vashington va Nyu-York shaharlarida yakunlanishi kutilyapti.
Xorijliklar orasidan nomzod ko'rsatish taklif etildi
Sof.uz nashrining xorijdagi mehnat migratlari orasidan nomzod ko'rsatish imkoniyati haqida bergan savoliga Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Ilhom Nema'tov bu taklifni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
"Siz aytgan holatning hozir imkoni yo‘q, chunki nomzodlar siyosiy partiyalardan ko‘rsatiladi, siyosiy partiyalarning esa xorijdagi fuqarolarimiz yashaydigan joylarda bo‘limlari yo‘q. Buni qonunchilikka kiritishga harakat qilish kerak. Shaxsan men buni qo‘llab-quvvatlayman", - dedi Nema'tov.
Facebook Forum