Saylov bilan bog'liq qanday shikoyatlar tushdi?
Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, saylov jarayonidagi qonunbuzilishlar borasida bir qancha shikoyatlar tushgan.
Kun.uz nashrining yozishicha, bir saylovchi 2-3 nafar saylovchi o‘rniga ovoz bergani, oilaviy ovoz berishga sharoit borligi bo‘yicha shikoyatlar bo‘lgan.
Shuningdek, 21-dekabrdan boshlab saylov tashviqoti to‘xtatilganiga qaramay saylov kuni ham tashviqot davom etgani haqida xabarlar bor.
Jumladan, Chirchiq shahridagi 197 va 198-saylov uchastkalarida “Adolat” partiyasidan nomzod Sardor Daftirov saylov kuni tashviqot ishlarini olib borgani borasida shikoyat qilingan.
“Murojaat zudlik bilan nazoratga olindi hamda prokuratura organlariga yuborildi. Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi”, - dedi Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat mudiri Xudoyor Mamatov Kun.uz nashriga.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning matbuotga ma’lum qilishicha, saylov kampaniyasi davomida prokuraturaga 65 ta murojaat tushgan.
Jumladan, Olmazor tumanidagi 39-saylov uchastkasi va Namangandagi 32-saylov uchastkasida nomzodlar tashviqot olib borishda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani aniqlangan va ular ma’muriy huquqbuzarlikka tortilgan.
Sudlarda saylov bilan bog‘liq jami 11 ta shikoyat ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Xalqaro matbuot markazida o‘tgan matbuot anjumanida Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov ma’lum qildi.
Shikoyatlar, asosan, nomzodlarni ro‘yxatga olish bilan bog‘liq. Saylovgacha 7 ta ish, saylov kuni esa yana 4 ta ish ko‘rib chiqilgan.
Jumladan, quvalik nomzod noqonuniy saylov tashviqoti olib borganlikda ayblanib, 1,5 million so‘m jarimaga tortilgan.
Saylov natijalari qachon e'lon qilinadi?
Markaziy saylov komissiyasining xabar berishicha, 23-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan 14:00 da O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlarning dastlabki natijalari e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov MSKda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Xalqaro kuzatuvchilar bu yilgi saylov haqida qanday fikrda?
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha instituti O'zbekistondagi parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarni yaqindan kuzatar ekan, missiya rahbari Tana de Zulueta Toshkent yuragidagi saylov uchastkasiga borib, vaziyat bilan tanishdi.
U bilan saylovda "muxolifat" yo'gligi masalasi, parlament va prezident saylovlari orasidagi farq, bugungi saylovga qachon yakuniy baho berilishi va umuman bunday missiyalardan maqsad nima ekani xususida gaplashdik.
Qancha fuqaro ovoz berdi?
Markaziy Saylov komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston vaqti bilan soat 18:00 ga qadar mamlakatdagi 18 797 810 nafar saylovchidan 12 922 429 nafari yoki 68,7 foizi ovoz bergan.
Facebook Forum