Breaking News

O'zbekiston: qishloq xo'jaligidagi islohotlar qanday ketyapti?


O'zbekistonda klaster tizimi o'zini oqlaydimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:33:44 0:00

Smail Ospanov O'zbekistonda qishloq xo'jaligi sohasida yetuk mutaxassis bo'lgan. Islom Karimov rahbarligi davrida u yetti yil tuman hokimi va uch yil Navoiy viloyati hokimi o'rinbosari bo'lib ishlagan. Hozirda AQShda yashaydi. Undan O'zbekiston qishloq xo'jaligida bugun amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikrini so'radik.

O'zbekiston uchun qishloq xo'jaligi muhimligi haqida va islohotlarning boshlanishi tarixiga nazar

Smail Ospanov:

“Qishloq xo'jaligi sohasi O'zbekistonda juda muhim ahamiyatga ega. Nimaga deganda, bizda aholining asosiy qismi, uning 50 foizdan ko'prog'i qishloq joylarda yashaydi. Shuning uchun aytish mumkinki, qishloq xo'jaligi sohasi mamlakat uchun hayotiy ahamiyatga ega. U bizning ota-bobolarimiz azaldan shug'ullanib kelgan juda muhim soha.

Mustaqillikkacha bo'lgan davrlar, 1990-91 yillarda qishloq xo'jaligi mahsulotlari tanqisligi katta bo'ldi. Sovetlar davrida nonni ham, boshqa mahsulotlarni ham kerak bo'lganda kartochka bilan olish darajasigacha yetib borgandik. Endi buni qanaqadir yo'llar bilan o'zgartirish kerak edi.

Mustaqillikkacha qishloq xo'jaligi hamma sovet davlatlarida bo'lganidek bitta joyga bo'ysunadigan davlat tasarrufidagi xo'jaliklar edi. Barcha mahsulot davlat buyurtmasi bo'yicha, davlat narxlari asosida va bizda eng muhimi paxta yakkahokimligi bor edi. Nimaga deganda, imkoniyati bor joyda paxta ekildi. Olti million [tonna] paxta yetishtiramiz degan gaplarni eshitgansiz. Tanqidchilar bizlarni paxtakor emas, paxtaqul ham deb yurdi. Buning hammasi haqiqat”.

Qishloq xo'jaligida sovetcha ko'z-qarash ildizi yoki dehqon yer egasiga aylansa nima bo'lishi borasida

Smail Ospanov:

“Bunday olganda paxta yaxshi narsa, lekin uning samaradorligi, foydasi boshqa ekinlarga qaraganda 10 barobargacha kam. Masalan, meva-uzum, chorvachilik, sabzavotchilikdan samaradorligi ancha kam. Nimaga deganda biz sovet davlatiga paxta berishga majbur edik. Buni o'zgartirish kerak edi. Birinchi muammo shu yerda edi. Ikkinchi muammo, kolxoz bo'ladimi, sovxoz bo'ladimi, bu yerdagi ishlovchilarning moddiy manfaatdorlikka umuman aloqasi yo'q edi. U sovet davlat xo'jaligi bo'ladimi, jamoa xo'jaligi bo'ladimi, buning hammasining mulki davlatniki edi. Masalan, siz kolxozchi bo'lsangiz va undan chiqib ketsangiz, undagi o'z ulushingizni olib ketolmasdingiz. Sovxozning esa hamma mulki davlatniki edi. Davlatning va shaxsiy mulkka bo'lgan munosabatni qandayligini hammamiz bilamiz-ku. Masalan 10-20 so'tix yer bilan kun ko'rayotgan oilalar bor. Mana sizga munosabat”.

Islohotlar boshida yo'l qo'yilgan bosh xato haqida

Smail Ospanov:

“Mana shu yerda muammo bo'yicha yo'l qo'yilgan eng birinchi xato shuki, biz davlat xo'jaliklarini jamoa xo'jaligi qilsak, davlat tasarrufidan chiqarsak, balodan qutulamiz dedik. Umuman olganda, kolxozning davlat xo'jaligidan hech qanday farqi yo'q edi. U yerda rais o'tirardi, uning tepasida raykom sekretari o'tirardi, bir yoqda ministr o'tirardi va hokazo. U yerda kolxozchining kolxoz mulkiga hech qanday aloqasi bo'lmagan. Bu tizim 1930-yillar birov aravasi, birov eshagi bilan, boshqasi ho'kizi bilan kelganlar mulkidan paydo bo'lgan mulk. Shuning uchun ular birinchi navbatda nima qilishdi, sovxozlarni kolxoz qilib yuboramiz va ular davlat mulki bo'lmaydi, dedi. Lekin ichidagi jarayon bir xil. Mehnatga haq to'lash, mulkka bo'lgan munosabat o'zgargani yo'q. Buni ham biz reforma deb bildik. Lekin bahs-munozaralar bo'lgan. Shaxsiy mulk qilmasak, odamlarni manfaatdorligini oshirmasak, [soha] o'smaydi degan fikrlar bo'ldi. Lekin bular inobatga olinmadi. Qonunlar o'z vaqtida chiqmadi. 1995-yillarga boribgina fermerlar to'g'risida, dehqon xo'jaliklari to'g'risida qonunlar chiqdi. U paytlar shunaqa edi, negadir orqaga qarab ish qilinarmidi”.

Kolxoz va shirkatlar qanday qilib xo'jalikka aylanganini eslab

Smail Ospanov:

“Islohotlar bor deydigan joylari ham yo'q emas. Bunga to'g'ri baho berishimiz kerak. Keyingi etapi nima bo'ldi. Sovxozlarni kolxozlarga aylantirgandan keyin uni ham bo'lmadiga chiqarib, shirkat qilaylik, deyishdi. Shirkat degani nima? Uning kolxozdan farqi nimada? Shirkat bu aksionerlik jamiyati kabi hamma o'z mulki bilan kiradigan joy. Shirkat qilib “shapkasini”, ya'ni nomini o'zgartirdik xolos. Endi kolxozni ham, sovxozni ham shirkat dedik. Ma'no o'zgargani yo'q. Ichidagi bo'layotgan jarayonlar, mulkka bo'lgan munosabat o'zgargani yo'q. Siz shirkatdan o'z ulushingizni olib chiqib ketolmaysiz. Mana shunday bo'lgach, buni ko'rgach, yo'q bu bo'lmas ekan, deb 1995-yillar edi fermer xo'jaliklari ochishga o'tdi. Ana shu haqiqiy reformani o'tkazishning boshlanishi edi. Buni tan olish kerak. Fermerlar to'g'risida qonunlar chiqdi, lekin ular meni uncha qoniqtirmaydi.

Endi shirkat xo'jaliklarini tarqatib yuborganda, qancha mulk bor edi u yerda. Traktorlardan tortib boshqa uskunalargacha. Ularning hammasi talon-taroj bo'lib ketdi. Agarda shirkat bo'lganda, men uning a'zosi ekanman, o'shanda tegishli ulushimni olishim kerak edi. Bunday bo'lmadi. Ularni direktor oldi, buxgalter oldi, hokimning odami oldi va hokazo. Endi shirkatlar bilan fermerlar barobar faoliyat ko'rsatdi. Fermerlarning samaradorligi hammaga ko'rinib qoldi. 2000-yillardan keyin shirkatlarning hammasi tugatilib, hammasi fermerlarga o'tqazildi. Fermerlikka o'tgandan keyin yo'l qo'yilgan xatolardan bittasi - fermer bo'laman degan odamlarning hammasiga yer bera boshlashdi. Bu katta xato edi. Tender qilamiz, tanlab olamiz, mutaxassis olamiz deganlari hammasi gap bo'lib qoldi. Shunda qo'lidan keladigani ham, qo'lidan kelmaydigani ham “men sendan kami”, deb fermer bo'lishga o'tdi. Lekin 15-20 foizi fermerlikni eplolmadi. Uning traktori ham yo'q, o'zi esa mutaxassis emas, odami ham yo'q va hokazo. Bularni ko'rib, fermerlarni “ukrupnyat” qilishimiz, yiriklashtirishimiz kerak ekan, dedi. Ularni yiriklashtirishdi. Shu jarayonlar oralig'ida 10-15 yil o'tdimi. Mavjud texnika eskirdi. Yangisini sotib oladigan kolxoz va sovxozlar yo'q. Oqibatda qishloq xo'jaligi sohasida agrotexnika susayib ketdi. Bundan tashqari paxta davlat buyurtmasi, g'alla davlat buyurtmasi degan gap bu sohani umuman o'ldirdi. Nimaga? Chunki paxtaning xarid narxi uni yetistirish xarajatiga yetmaydi. Umuman qoplamaydi. Buni hech kim so'ramaydi ham, aytmaydi ham.

Fermer paxtakor, ga'llakor bo'ladigan bo'lsa, qancha foyda olyapti, ishlab chiqarishni o'stirish uchun qancha sarflayapti, degan masala turmaydi. Ga'llani bajar, paxtani bajar! Paxtani bajarmasang, ana u yoqdan borib sotib ol. Yoki yetishtirgan g'allasi 50 foizini olib, qolgan qismini o'ziga qoldirishi kerak bo'lsa-da, bir kilogramini qoldirmasdan olib ketyaptilar. Buni biz ko'ryapmiz. Umuman mumkin emas. Qonun bo'yicha olganda, fermer o'z mulkiga 100 foiz xo'jayin. Davlatdan yerni ijaraga olgan, xolos. Boshqa narsasiga hech kimning tegishga haqqi yo'q. Mana shu yerda katta jinoyat ham, qonun buzilishi ham bor. Xoxlaganingizni ishlating. Mumkin emas!”

Davlat buyurtmasi ortida kimlar turgani va undan kim ko'proq manfaat ko'rayotganligiga to'xalganda

Smail Ospanov:

“Bu narsa, menimcha, monopoliyalarga kerak. Mana qarang, davlat uchun deydi paxtani. Paxtani davlat olyaptimi? Paxtani paxta zavodi olyapti. Sizga aytsam, u yerlar o'g'rilarning uyasi. U yerda chigit ham, paxta ham o’g’irlanadi. Shuning uchun davlat degan so'zni bu yerda ishlatmaslik kerak. U ham paxtakorga, fermerga o'xshagan bir korxonaning xo'jayini. Uning o'z kollektivi bor, u aksionerlik jamiyati. Aksionerlik jamiyati yilni oxirida o'zining daromadini olishi kerak. Bu narsa esa bugun kun tartibida turgani yo'q. G'alla qabul qiladigan punktlari ham xuddi shunday. Davlatga topshiramiz deydi. Qanaqa davlat? U davlat korxonasi emasligiga ancha bo'lgan. Demak biz monopoliyaning manfaatlari yo'lida ishlayapmiz. Har ikki sohada”.

Qishloq xo'jaligini rivojlantirishda davlatning roli qayerda bo'lishi kerak?

Smail Ospanov:

“Bu yerda davlatning roli qonunlarni ishlatishda bo'lishi kerak. Faqat shu. Monopoliyadan chiqarish kerak. Hosilni qabul qiladigan korxonalar, melkombinatmi, paxta zavodimi, ta'minot tashkilotlarining hammasi monopoliyadan chiqishi kerak. Mana qarang, siz biror joydan benzin yoki solyarka oladigan bo'lsangiz, 10 foiz kam quyadi, sizga beradigan o'g'itni ham kam beradi. Haqqinsizni talab qilsangiz, bunday qilib tepani ko'rsatadi. Urug' ham xuddi shunday. Fermerning ishlatish uchun oladigan hamma mahsuloti monopoliyada. Bu bo'lmaydi. Monopoliyadan chiqmagan joyda iqtisodiy islohot bo'lmaydi.

Sotadigan joyga kelsak... Men Janubiy Qozog'istondagi ahvolni bilaman. U yerda paxtakorlar to'kin yashayapti. Ular yaxshi daromad oladi. Nima, ularni paxtasi bizdan yaxshimi? Xuddi shu paxta. O'sha hudud. O'sha texnologiya. Ularning dehqoni bizdan zo'rmi? Yo'q. Davlatning narxi degan narsaning umuman keragi yo'q. Nima uchun fermer davlatga ishlashi, tayyorlovchilar esa o'ziga ishlashi kerak ekan? Mumkin emas bu. Bu yerda birinchi o'rinda moddiy manfaatdorlik turadi. Boshqa gap yo'q. Shu bir gektar, ikki gektar yerga ekkan odam o'ziga to'q yashasin, oladigan ish haqqi, daromadi zo'r bo'lsin. O'shanda sohada o'sish bo'ladi, hosildorlik ko'tariladi. Hosildorlik masalasida gapirsak, u kulgili ahvolda. 20-25 sentner paxta olish - bu sharmandagarchilik. 30-35 sentner g'alla yetishtirish - bu sharmandagarchilik. 70-80 sentner g'alla olsa bo'ladi. Paxtadan [gektaridan] 45 sentnerdan kam hosil ko'tarish - bizning hudud uchun chidab bo'lmaydigan hol. Isroil 70 sentner olyapti hozir. Yoki sigirdan yiliga 1,5 ming litr sut olish … u echki emas-ku, sigir axir. Sigir 10 ming litr sut berishi kerak. Ha, shunaqa. Bu statistika ma'lumotlari. Bunaqada qachon o'samiz? Osishning manbai mahsuldorlikni ko'tarish. Hosildorlik ko'tarilsa, yaxshi narxlarda sotilsa, shunda effekt bo'ladi”.

Uzluksiz “tajribalar” sinovlarga aylanganda

Smail Ospanov:

“Qishloq xo'jaligidagi eksperimentlar borku, keling shu qayerlardadir bor tajribalarni olaylik. G'alla yetishtirish bu qiyomat qoyin deganimasku. G'alla yetishtirishda faqatgina yaxshiroq texnologiyani ishlatsangiz kifoya. Paxtani ichiga g'alla ekyapti. Qaysi agrotexnika bu holatga to'g'ri keladi? Paxtasini hali terib bo'lgani yo'q, ichkarisiga g'alla ekib tashlayapti. Shu holda siz 70 sentner hosil olasizmi? Yo'q, 20 sentner olasiz. Yoki hozir paxtani haydash traktorlarining o'zi yo'q. Mineral o'g’itni esa militsiya olib borib beradi. Militsiya! O'girlab ketmasin deb. Nimaga o'g’irlashi kerak ekan? Mahsuloti o'ziniki bo'lmagandan keyin o'g'irlaydi. Mahsulot o'ziniki bo'lsa, hech qachon o'g'irlamaydi. Urug'ni yerga ekadi va katta hosil oladi. Hamma muammo shu yerda.

Borib sen mana shuncha berasan, davlatga topshirasan... Kecha-yu kunduz hammasi o'sha yerda [dalalarni qo'riqlab] yuradi. Bosh vazirdan uning o'rinbosarigacha. Ko'rdik mana ahvolini. Bunaqada hech narsa bo'lmaydi, bo'lmagan ham.

Men Amerika bo'ylab sayohat qilib yurganda dalani ko'rib yig'layman. Qanaqa qilib bu davlat rivojlanib ketganini ko'rib yig'layman. Shunaqa vaqtlarda g'allazor va paxtazorni ichiga borib yotgim keladi. Hech kim u yerda qorovul bo'lib yurgani yo'q. Yer o'ziniki. Bu sohada eng katta muammo - yerga egalik qilish. Fermer bugun yerga egamas. Unday qilding, bunday qilding, deb hokimdan boshlab katta hokimgacha yerni tortib olish huquqiga ega. Bunday paytda o'z vazifasini suiiste’mol qilish hollari ham bor. Buni ochiq aytish kerak. Yaxshi yerlar kimlarga tegishli? Qarindosh-urug'iga, tanish-bilishiga va hokazo. Bu holda pul o'ynashi ham mumkin. Yerlarni ochiqdan-ochiq sotganlarini ham eshitganman”.

Sohadagi islohotlar yo'lidagi asosiy muammo haqida qisqacha gapirganda

Smail Ospanov:

“Menimcha, eng asosiy muammo siyosiy islohotlarning o'zi yo'q. Qonunlar ishlamaydi. Erkinlik yo'q. Tadbirkorlikda umuman erkinlik yo'q. Tadbirkor bugun tadbirkor emas. Tadbirkor bugun nima deymiz, “krepostnoymi”... Tadbirkor bugun o'zini erkin sezmayapti. Mana shu gap. Mana shu masalada kimdan so'rasak aytadi, u erkin emas. Bugun u tadbirkor, ertaga tadbirkor emas. Uni sindirib tashlaydi. Kerak emas tadbirkorning ustida turib uni qil, buni qil deyish. Mayli sinib ketar, besh qo'l barobar emas. Odamlar har xil. Kimdir epchil, kimdir chiqib ketadi biznesdan. Har kim qo'lidan keladigan ishni qilishi kerak. Lekin 100 foiz tepasida turib, uni qil buni qil deyish, davlatga berasan, deb tazyiq o'tkazish, bu o'tgan davrning ishi. Hozirgi zamonga bunday qarashlar to'g'ri kelmaydi.

Faqat qonunlar ishlasin. Viloyat deputati deysizmi, Oliy Majlis deputatimi, qishloq xo'jaligi masalasini ko'tarib yurganini men eshitmadim. Men doim kuzatib kelayapman. Eshitmadim. Qishloqda shunaqa muammo bor. Mana shu qonunni o'zgartiraylik, degan gap chiqmaydi. Hamma gaplar davlat buyurtmasi atofida aylanmoqda. Qo'yish kerak bu ishlarni. Davlat buyurtmasi? Nima u? Davlat bu bizning xalq. Xalq yaxshi yashasa, davlat shu. Xalq qashshoq bo'lib, chet davlatga chiqib ketayotgan bo'lsa, bunaqa buyurtmaning nima keragi bor? Rasmiy ma'lumotlarga qarasak, 5,6 million odam chetga chiqibti. Real olib qaralsa, 10 millioncha odam chiqib ketgan. Asosan qishloqning odamlari. Qishloq xo'jaligi bugun bor-yo'g'i 17 foiz yalpi mahsulotni beryapti, 17 foiz! U yerda aholining yarmidan ko'pi yashaydi. 87 milliarddan bor-yo'g'i 17 foizini beradi qishloq xo'jaligi sohasi. Vaholanki, yalpi mahsulotning yarmini berishi kerak. Salohiyat juda katta. Agarda paxtadan, paxta degan monokulturadan chiqadigan [voz kechish nazarda tutilgan] bo'lsak, biz albatta bog'dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilikni rivojlantirmasak bo'lmaydi. Mana shu sohalar paxtaga qaraganda 10 karra ko'p daromad beradi, har biri”.

Bugungi O'zbekiston uchun qishloq xo'jaligining roli xususida

Smail Ospanov:

“Qishloq xo'jaligining asosiy vazifasi - qishloqda yashaydigan odamlarning hol-ahvolini yaxshilash. Shularning turmush darajasini ko'tarish. Boshqa vazifa yo'q. “Biz chuchvara yeyishda, go'sht yeyishda” degan maqol bor. Dehqonchilik, chorva qilgandan maqsad nima o'zi? Daromad olishmi? Daromad olish bo'lsa, sharoit yarataylik. Qonunlarni o'zgartiraylik. Ishlamayotganlarini to'g'rilaylik. Xato bor joylarini tuzataylik. Xatosiz ish bo'lmaydi. Mana qarang, go'sht yo'q. Go'sht qimmat. Go'shtni biz Mongoliyadan olyapmiz, sutni Belarusdan olyapmiz, g'allani Qozog'istondan olyapmiz. Bularni hammasini o'zimizda yetishtirsa bo'ladi. Muammo shu yerda.

Muammo - ega yo'q. Yerni Qozog'istonda 1990-yillarning o'rtasida odamlarga berib yubordi. Rossiyada berib yubordi. Yerni xususiy qilish kerak. Qiyin masala. Ertaga bo'ladi deb aytolmayman. Mavjud to’rt milliondan 350 ming gektar yer ishdan chiqib qolganmish. Ekilmaydi ham. Bu nima degani? Ana shu ishdan chiqqan 350 ming gektar yerni odamlarga bering. O'zlari tuzatib oladi. Bu bir misol. Aholisi zich joylarda kamroq, aholi kam joylarda ko'proq berilsin. Tajriba qilishsin. Egalik bo'lmasa, hech narsa bo'lmaydi. Yer meniki bo'lmasa, mulk meniki bo'lmasa men ishlamayman, siz ham ishlamaysiz. Eng katta muammo shu yerda.

Hozir Karimovni aytsak, yomonlasak, hammamiz botir bo'lib qolgandek bo'lamiz, hammamiz yomonlayapmiz. O'sha paytlarda Karimov yo'l qo'ymadi. “Yo'q davlat ushlab turishi kerak, aks holda inqiroz bo'ladi, balo-yu battar bo'ladi va hokazolar yuz beradi”, dedi. Hech balo bo'lmaydi. Odamlarimiz, dehqonlarimiz tadbirkor va aqlli. 20 so'tiq joydan kun ko'rayotgan oilalar borligini aytgandim. Yarim gektar uzumdan bir yil daromad oladi bir odam. Marhamat. Hozir qayerga qaramang daraxtlar kesib tashlangan, uzumlarni qo'porib tashlagan. Paxta ekish kerakmish. Klaster kelganmish. Bekor gap. Bunaqada o'zgarmaydi. Yer haqiqiy egasini topmaguncha, millionta islohot o'tkazsangiz ham hech narsa o'zgarmaydi. Buning ilojini topish kerak. Boshqa yo'li yo'q”.

Vaziyatni o'nglash uchun takliflar

Smail Ospanov:

“Qishloq xo'jaligida, ayniqsa chorva sohasida fermerlarga taklif bilan chiqish kerak va 40-50 gektar yeri bor fermerlar bor, ularga paxta ekmagin, chorva qil desangiz bajonidil qiladi. Sizga rahmat hokimbuva, ham deydi. Qaysing mol boqsang, boq. Mana yer. 40 gektar yer, 80-100 bosh molga yetadi. Misol uchun. Qiladi. 10 barobar ko'p daromad oladi. Mana sizga bir misol”.

Yangi islohotlar muammolari yoritilmayotgani xususida

Smail Ospanov:

“Hozir bir katta muammo tug'ilyapti. Uni men katta muammo deb bilaman. Klaster degan narsani chiqarishdi. Klaster degani tom ma'noda bir tipdagi xo'jaliklarning birikmasi, maslahat beradigan institutlar, yuristlar, iqtisodchilar o'tiradigan joy. Fermerlarning xo'jaliklari rahbarlari borib maslahat qiladigan joy. Klasterlarni hozir yerni egasi qilib qo'yishayapti. Fermerlarning yerlarini tortib olishyapti, fermerlikdan o'zim arizam bilan chiqdim deb. Keyin dod solishyapti. Bunaqa hollar borasidagi ma'lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda to'lib ketgan. “Mening yerimni olib qo'ydi, haydab yubordi, klaster keldi...”.

Klaster nima o'zi? Klaster bo'lsa bo'laversin, maslahatini bersin. Qonunlarni ishlatsin. Agroprom uyushmalari ishlagandek yaxshimi-yomon, ishlasin, mayli. Qarshimasman. Lekin tadbirkorga, mulk egasiga tegmasin. Bu juda muhim masala, ammo hech kim uni yoritmayapti. Buning ichiga ham kirmayapti. Bu yerda katta-katta yerlarning egalari kelgan. Bu sir emas. Katta mablag'ini qayerga qo'yishni bilmay yurganlar pul yuvishga kelyapti. Bu islohot emas. “Zaxvat” bu. Odamlarning biri ikki bo'lmaydi. Borib shunga ishlaydi.

Fermerlarni ham men farishta deyolmayman. Fermerlar paxtani bajarmagandan keyin nima qiladi? Pripiska qiladi. Paxtani ekmaydida yarim, bir gektariga o'ziga kerakli narsani ekib oladi. Buni hokim ko'rib turadi. Ko’zni yumadi. U tirikchilik qilishi kerak. Yoki birovga sotadi. Keladi qovun-tarvuz ekadi, kartoshka ekadi. Gektari 1000 dollardan ikki ming dollargacha. Shuni bilasizmi? Men bilaman. Hozir sotayotgan yerlar shunaqa. Klaster nima qilyapti? Fermerlarni haydab yuborib, yerlarni boshqalarga sotib yuboryapri. Bo'ldi. Bu dahshat. Bu islohot bo'lmaydi. Bu islohot emas. Islohot mulkning egasi bo'lish, davlatning tasarrufidan chiqarish, monopoliyadan chiqarish. Monopoliya degan narsa umuman bo'lmasligi kerak, sotib oladigan ham, ta'minotchi ham [monopolist] bo'lmasin”.

Urish emas o'rgatish zarurligi borasida

Smail Ospanov:

“Men fermerlarning qonunlarni, hisob-kitobni bilmasligidan qo'rqardim. Bizlar haftasiga bir marta ularni chaqirib o'rgatardik. Fermerlarning hammasi ham institutni bitirgan emas. Mutaxassis emas. Ular oddiy dehqon. O'rganishi kerak. Bu katta jarayon. Bu narsa ayrim joylarda qilindi, boshqa joylarda qilinmadi. Olaylik, siz yoki men fermer. To'rt-besh kishi ishga keldi. Men vedomost bilan oylik beramanmi? Yo'q. Mehnat kodeksi qayerda qolib ketdi? Siz ishga olgan odamingizga eng kam ish haqidan past maosh bermasligingiz kerak. Ishlamaydi bu qonun. Men senga ishingning haqqi evaziga g'alla beraman deydi. Bu holda davlat ham soliqdan quruq qolyapti. Umuman qonun buzilyapti.

Bu holda kerakli narsa, davlatdagi mavjud qonunlarni ishlatish. Zo'ravonlikni yig'ishtirish kerak. Hozirgi avtokratiya qachon bo'lsa ham tagimizni quritadi. Avtokratiya, bilmayman uni qanday yo'qotish mumkin. Hokimlar qonunni bilmaydimi? Nimaga fermerni chaqirib urish kerak? Bunaqada hech qanaqa islohot bo'lishi mumkin emas. O'rgatish kerak. O'qish kerak. Sizga aytsam, odamlarning qo'li sovigan. Dehqonchilikdan odamlarning qo'li sovigani yaxshimas”.

Yer xususiy qo'llarga o'tganda inqiroz yuz tutmasligi borasida

Smail Ospanov:

“Yerni kattami-kichikmi har qanday davlatlar odamlarga berib yuborgan. Bu jarayonda silkinish, muammo chiqmaydi, deb hech kim aytolmaydi. Lekin boshqa yo'li yo'q. Qiyin bo'ladi. Tajriba qilish kerak. Regional qilish kerak. Vodiyda boshqa, Toshkentda boshqa, Sirdaryoda boshqa. Qilish kerak. Qo'limizda-ku. Tajriba sifatida ko'riladi. Qoraqalpog'istonda qancha yerlar yotibti, bersin. Cho'llar yotibti, bersin. Odamlar saksovul eksin. O'tin ko'payadi. Borib qo'y boqsin.

Tamaki ek, uzum ekma degan qonun yo'q. Aytagonganim shu, ega bo'lsin. Uzum eksa uzum eksin, shaftoli eksa shaftoli, xohlasa kartoshka eksin. Dehqon axmoq emas. Bir xili inqirozga uchrashi ham mumkin, lekin keyingi yil tajribasi oshadi. Uzum, olma, sabzavotchilik kamida 10 barobar ko'p foyda beradi. Toshkent viloyatida olti rayon bor, umuman paxta ekmaydi. Oylaymanki, Toshkent viloyatida hech bir tuman paxta ekmasligi kerak. Samarqand atrofidagi hamma rayonlari uzumzor bo'lsin. O'shanda uzum, olma eksa bo'ladi. Meva-sabzavot yetishtiruvchilarning hammasining sharoiti juda yaxshi. Ular rivojlangan. Issiqxonalari bor”.

Hokimiyat nimalarni nazorat qilsin?

Smail Ospanov:

“Paxtaning davlat buyurtmasini men yomon demayman. Davlatga mumkin tola kerakdir. Lekin hosilni bozor narxida belgilab olsin. Shunda paxtani eshak-aravasi bilan paxta zavodlariga olib borib beradi. Yelkasiga ko'tarib bo'lsa-da, olib boradi. Bersin, gap yo'q. Davlat regulirovkasi deymiz. Bir xil mahsulotlarni yetishtirish juda qimmat. Shuning uchun odamlar uni yetishtirishga qiziqishmaydi.

O'rganishim bo'yicha Amerikada ham, Yevropa davlatlarida ham shunaqa narsalarga dotatsiya berib qo'yadi. Shuni ekkin jo'ra, deydi. Ekmasa bo'lmaydi. Bu dunyoni praktikasi. Bu borada davlat va sohadagi mutaxassislar ishlashi kerak. Qonunlarni yozsin. Qaysi mahsulot bizga juda kerak, uni yo'qotib bo'lmaydigan bo'lsa, marhamat qilib ustama to'lasin, imtiyoz bersin. Bu Amerikada ham bor. Makka ekadiganlarga beradi. Ular shu sohani yo'qotib qo'ymasligi kerak. Hamma o'ziga kerakli narsani ekaversa, ko'payib ketadigan kelsak, bo'lishi mumkin. Dehqonlar biladi nima ekishni. Biz ularga ishonishimiz kerak. Qachongacha biz odamlarga ishonmaymiz?”

Go'sht kamayganining asl siri

Smail Ospanov:

“Odamlar ishlab chiqargan mahsulotni oyga olib chiqib ketmaydi. Bizga mahsulot ko'paysa bo'ldi. Hozir go'sht kam, deymiz. Go'sht nima uchun kam. Chunki tegishli yer berilmadi fermerlarga. Fermer o'zi ko'paytirolmaydi mahsulotni. Gap mahsulotni ko'paytirishda. Ko'paysa, u bozorga chiqadi. Masalan, bitta buqa kuniga 1 kilogramm 200 grammga semirmasa, undan siz foyda ololmaysiz. Buning uchun nima kerak? Omuxta yem kerak, silos, beda, xashaki lavlagi kerak. Ular bizda yo'q. “Sigirning suti tilida”, degan gap bor o'zbeklarda. Yesa beradi, yemasa bermaydi. Mahsulot ko'paysa, davlat zaxirasiga ham oladi, bozorga ham chiqadi”.

Tushunchalar o'zgarayotganidan xavotirlar. “Klasterlar” haqida yana bir luqma

Smail Ospanov:

“Bu Agrosanoat uyushmalarining xuddi o'zi. Agrosanoat uyushmasi nima edi? Bitta xo'jayin 4-5 odam bilan o'tirardi, buyruq berardi. Boshqa hech narsa yo'q. Fermerlar uyushmasi ham xuddi shu, uning qo'lida resurs yo'q. Uning qo'lida faqat buyruq bor. Men fermer bo'lsam, bu uyushmaga kirmasdim. Hozir majbur qilib qo'ygan, unga kirmasang yeringni olaman, deydi. Bu konstitutsiyaga to'g'ri kelmaydi. Hech qanaqa jamiyatga, turli organlarga u klastermi yoki uyushmaga kirishga majburlash mumkin emas. Klaster ixtiyoriy narsa. Bugun klaster kerakmi? Maslahati kerakdir, ilm-fanda nima o'zgarish bor, texnikada, urug'larda... muammo ko'p. Maslahat bera oladigan, kallasi ishlaydigan bir odam u yerda o'tiradi. U jo'ra bu yil falon joyda shu sortdagi urug' keldi, shuni olamiz deydi. U boshqalar bilan shartnoma tuzishi mumkin. Lekin u ishlab chiqarishga aralashmaydi. Bunga uning huquqi yo'q. Hozir esa klaster planni bajardi, deyapti. Qanaqa axmoqchilik bu? Klasterda plan yo'q. Uning yeri yo'q. Agar yerni tortib olgan bo'lsa, u qonunga zid. Tamom. Qarshiman men bunga”.

Sohada boshqa qator muammolar ham bor. Uar ham e'tibordan chetda qolmasligi muhim

Smail Ospanov:

“Hozir eng achinarlisi urug'chilik, o'simliklarni himoya qilish, molni veterinariya himoya qilish, degan narsalar ham asta-sekin yo'qolyapti. Veterinariya davlat tasarrufidagi xizmat, bunga alohida urg'u berishimiz kerak. U shaxsiy bo'lishi mumkin emas. Nimaga deganda buning qonuni bor. Odamlarga meditsina qanday qarasa, molga veterenariya shunday qarashi kerak. Xudo ko'rsatmasin, lekin biror katta fermada kasal tarqalsa hamma mol kuydi degani. Odamlarga ham ziyon. Urug'chilik, deylik sizga paxta zavodidan urug' beryapti. U qanaqa urug'ligini bilmaysiz. Uning yarmi puch. U o'sib chiqmaydi. Shuning koeffitsientini chiqaradigan laboratoriyalar ham qolmagan. Mana shu masala og'ir. Bug'doyda ham shu. Qanaqa urug' olib kelsa, shuni ekasiz. Uning ham 10 prosenti yo'q. Olib qo'yadi va boshqa joyga sotadi”.

Rejalangan olamshumul o'zgarishlar muddati haqidagi o'ylar

Smail Ospanov:

“Endi davlat idoralari ham qanaqadir ishlarni qilyapti. Xabarim borki, 2020-2030 yillargacha qishloq xo'jaligida tub o'zgarishlar qilamiz, olamshumul o'zgarishlar qilamiz, degan gaplar chiqdi. Men erinmasdan sinchiklab o'qib chiqdim. Olamshumul o'zgarish ko'rmadim. 10 yil ichida bosqichma-bosqich davlatning ishtirokidan voz kechamiz, debti. Bu nima degani? Qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishida davlat ishtirok etayotgani yo'q. Davlat tashkiloti, korxonasi yo'q. Shunga men tushunmadim. Nima uchun 10 yil kerak? Nima uchun bir yil emas? Nima uchun keyingi prezident boshqaruvidagi o'tib ketgan uch yil davomida bu ishlar boshlanmadi? Shu ishlarni boshlash kerak edi. 10 yil deganlariga menda shubha bor. Ertaga bularning hammasi esdan chiqib ketadi. Go'sht, sut ko'payadi, deb 10 yil kutib o'tiramizmi?

Davlatning tasarrufidan emas, ishtirokidan deydi. Davlat qatnashmasin. To'g'ri, haliyam davlat qatnashmayapti. Davlat shuncha mahsulot berasan, deb majburiyat qo'yib tashlagan. Boshqa ishtiroki yo'q. Kredit bermaydigan davlat kredit beradigan bo'ladi. Davlat kredit bermaydi, axir. Kulgili. Kreditni kredit tashkiloti beradi. Bank beradi, puldor odamlar, investor beradi. Davlat byudjetidan kredit berilmaydi. Mana shu masalalar juda ham qiziq-da. Nima uchun 10 yil kutamiz?”

O’zbekistonda qishloq xo'jaligi rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan bosh muammolar aniq

Smail Ospanov:

“Suhbat davomida bir necha marotaba aytdim va yana bir bor takrorlayman - tadbirkorlarning erkinligi, tadbirkor deganda biz fermerni ham kiritamiz. Erkinlik. Qonunlar ustuvorligi. Fermerlar to'g'risidagi qonun ishlasin. Agar u ishlamayotgan bo'lsa, yangisini chiqarsin. Davlat buyurtmasi degan narsani unutish kerak. Yo'q u narsa. Hamma narsa faqat bozor narxida bo'lsin. Oladigan narsasi bozorniki-yu sotadigan narxi davlatniki. Bu yerda rivojlanish bo'lmaydi. Undan keyin odamlarning haq-huquqlarini himoya qilish tomonlarini ham o'ylash kerak. Endi jim o'tirib, kelib kaltak bilan ursa ham, otangni, onangni desa ham jim o'tiraversa taraqqiyot bo'lmaydi. Katta masala shu yerda”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG