AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 3-fevral kuni O’zbekistonga tashrifi chog’ida qo’shni Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha Toshkent olib borayotgan sa’y-harakatlarni olqishladi.
“Mayk Pompeo Oʻzbekistonning tinchlik va barqarorlikka erishish, Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga doir aniq infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi”, deb yozadi O’zbekiston Milliy axborot agentligi.
O’zbekistonning Afg’onistonga tinchlikni tiklash bobida qanday foydasi tegishi mumkin?
Tahlilchi Asadullah Nadim nazarida bugungi kunda AQSh va O’zbekiston aloqalari ancha yaxshilangan. Sababi, deydi suhbatdosh, O’zbekistondagi islohotlar va tashqi siyosati bilan bog’liq.
“O’zbekiston Afg’oniston sulhi bo’yicha katta rol o’ynay olmaydi, lekin biz bu davlatning rolini inkor ham qila olmaymiz. O’zbekiston Afg’oniston hukumati, Amerika, Tolibon va mintaqa davlatlari bilan yaxshi aloqada. Bu aloqalar O’zbekiston uchun afg’on sulhi masalasida xos o’rin ajratishi va O’zbekiston sulh muloqotlariga mezbonlik qilishi mumkin”,- deydi Nadim.
Suhbatdosh nazarida Vashingtonning Markaziy Osiyo davlatlari orasidan O’zbekistonga e’tibori oshayotganining bir necha omili bor.
“Shavkat Mirziyoyev boshliq O’zbekiston hukumatining o’zi tashabbus ko’rsatayotgani, ayni holda bu davlatning Markaziy Osiydagi geografik, iqtisodiy, harbiy salohiyati, tashqi siyosatda faolligi O’zbekiston mavqeini yanada oshiradi. Shu sababli dunyoning katta davlatlari, jumladan, Amerika O’zbekistonga ko’proq e’tibor qaratadi”, - deydi Nadim.
Afg’oniston va O’zbekiston bir-biri uchun muhim va kerakli, deydi kuzatuvchilar.
“O’zbekiston-Afg’oniston o’rtasida boshlangan aloqalar qanchalik rivojlansa, bu ikki davlatning foydasiga. Bu davlatlar aloqalari va hamkorliklari hech bir davlatning zarariga emas”, - deydi tahlilchi Asadullah Nadim.
So’nggi yillarda O’zbekiston-Afg’oniston aloqalari chuqurlashayotgani kuzatilmoqda. Turli sohalar bo’yicha bir necha bitimlar imzolangan.
Bundan tashqari, O’zbekiston Afg’oniston orqali ochiq dengizga chiqish imkoniyatini o'rganmoqda. Bu esa mamlakatda tinchlik ta’minlanishi bilan uzviy bog’liq.
Facebook Forum