Viskonsin shtatining Milvoki shahrida bir kishi o't ochib, bir necha kishini o'ldirgan kunda Prezident Donald Tramp Oq uydan xalqqa murojaat qilib, halok bo'lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.
"Dahshatli voqea... Hukumat nima bo'lganini aniqlab, bunday jinoyatlarga qarshi kurash yo'lida barcha zarur qadamlarni tashlaydi", - dedi Tramp.
Bugungi matbuot anjumanidan asosiy maqsad Amerikada koronavirusga qarshi kurash qanday kechayotgani haqida hisobot berish edi.
Trampga ko'ra, bu yuqumli kasallikka nisbatan chora ko'rishda AQSh birinchi o'rinda. Vitse-prezident Mayk Pens bu masala bo'yicha mas'ul.
Kongress shu maqsadda 2-8 milliard dollar orasida mablag' ajratishi kutilmoqda. Masala hozir qonunchilar orasida muhokamada.
Muxolifat nazarida, pandemiyalar va umuman yuqumli kasalliklar uchun kam xarajat qilayotgan Tramp ma'muriyatiga bu kurashda ishonmaslik kerak. Oq uy koronavirusga qarshi kuchli jamoaga ega emas, deydi demokratlar. Respublikachilar esa buning aksini aytib, jamoatchilikni vahimaga solmaslik kerak, deya undamoqda.
Nafas olish yo'llari orqali tarqaladigan xavfli virus dunyo bo'ylab minglab odamlarni hayotdan olib ketdi. Xitoydan chiqqan xastalik hozirda Yevropaga ham yetib borgan. Qolaversa, Amerikada ham aniqlangan. Ayni damda bemorlar soni 60 nafar.
Tramp deydiki, Amerika olimlari vaksina ustida tezkor ish olib bormoqda va yaqin kelajakda chiqishi kutilmoqda.
Uch-olti oy vaqt ketadi, deydi Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash markazi rahbari Antoni Fauchi.
AQSh Sog'liqni saqlash vazirligi va Fauchi boshliq markaz koronavirus tarqalishining oldini olishda jonbozlik ko'rsatadi va amerikaliklar har ikkisiga ishoninishga majbur, deydi mutaxassislar.
Facebook Forum