Uyg’ur huquq faollarining aytishicha, Xitoy hukumatiga qarashli “China Daily” gazetasi e’lon qilgan videolar hukumatning uyg’urlarni tazyiq ostiga oluvchi siyosatini fosh etuvchi maxfiy hujjatning haqiqatda mavjudligini isbotlaydi.
Ikki videoda uch nafar uyg’ur Xitoy hukumati ko’rayotgan choralarni “mehribonlik” deya olqishlaydi. Ularning nomi sizib chiqarilgan maxfiy hujjatlar orqali faollarga avvaldan ma’lum bo’lgan, ammo shu paytgacha hech qayerda oshkor qilinmagan edi. Bu shaxslarning rasmiy Pekinga qarashli nashr taqdim etgan propaganda materialda ko’rinish berishi maxfiy ro’yxatning haqiqatdan ham borligini tasdiqladi, deydi xorijdagi faollar.
Qoraqosh ro’yxati deb atalgan hujjatda 311 uyg’ur nomi tilga olingan. Ular Shinjon viloyatining Qoraqosh okrugidan majburiy lagerlarga jo’natilgan mahkumlar ekani aytiladi.
Pekindagi manbalar orqali dastlab bir guruh xitoylik tadqiqotchilar qo’liga tushgan bu hujjatda odamlar soqol qo’ygani, yuziga niqob taqqani yoki diniy marosimda turmush qurgani uchun hibsga olingani qayd etilgan.
Bu ma’lumotlar ommaviy axbrot vositalarida e’lon qilinishi ortidan Xitoy rasmiylari ro’yxatning to’qima ekanini iddao qildi.
“China Daily” videolari
“China Daily” nashri saytiga qo’yilgan videolardan birida Qoraqosh ro’yxatida bo’lgan uch uyg’ur o’zi haqida gapirib beradi.
46 yoshli Bulitiji Balati ismli ayol “yaxshi hayot” taqdim etgani uchun Xitoy Kommunistik partiyasiga tashakkur bildirib, qanday hibsga olingani haqidagi ma’lumotni “o’ziga nisbatan haqorat” deb ataydi. Abduhayit Yusup va Abdusamat Abdurahmon ismli boshqa uyg’urlar ham shunga o’xshash gaplarni aytgan.
Kommunizm qurbonlari memorial jamg’armasi tadqiqotchisi Adrian Zenzning aytishicha, videoda tilga olingan uch uyg’urning nomi faollarga ma’lum bo’lgan, ammo ular shu paytgacha hech qayerda oshkor qilinmagan. Ularning videoda gapirtirilishi “China Daily” qo’lida ham maxfiy hujjat borligini yoki ularga bu ma’lumot hukumat tomonidan berilganini anglatadi, deydi Zenz.
“Sizdirilgan hujjatni to’liq chop etmaganmiz. Bulitiji Balatining ma’lumotlari ham hech bir G’arb matbuotida yoki mening hisobotimda yo’q. U haqda hujjatning 298 va 590-qatorlarida so’z boradi. Demak, Xitoy hukumatida bu hujjat mavjud”, - deydi u.
Qoraqosh ro’yxati
Qoraqosh okrugi hokimi Mahmudjon Umarjonning Urumchida o’tgan matbuot anjumanida bildirishicha, “diniy ekstremizmga berilgan va kichik jinoyatlarni sodir etganlardan tashqari”, hujjatda tilga olinganlarning ko’pi lagerlarda bo’lmagan.
AQSh Davlat departamenti rasmiylaridan birining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qoraqosh ro’yxati Xitoy Kommunistik partiyasining Shinjondagi musulmonlarga ko’rsatib kelgan zulmiga oid mavjud ko’plab dalillarga mos keladi.
Pekin xalqaro hamjamiyat tanqidiga duchor bo’lgan majburiy lagerlarni “ixtiyoriy ta’lim markazlari” deb ataydi. AQSh rasmiylari esa uyg’urlar ibodat qilgani yoki diniy kiyim kiygani uchun bu lagerlarda majburiy tutqunlikda ushlab turilganini aytadi.
Norvegiyada yashovchi uyg’ur tilshunosi va tadqiqotchisi Abduvali Ayupga ko’ra, Xitoy rasmiylarining bir necha marta raddiya e’lon qilishi hukumat xalqaro hamjamiyat bosimini ko’proq his qilayotgani natijasidir.
“Hujjatni inkor etish jarayonida Xitoy hukumati Qoraqosh ro’yxatining haqiqiyligini bildirib qo’ydi. Ommaga hali oshkor qilinmagan to’liq ro’yxat haqida ma’lumot berishi, hisobotimizda yoki matbuotda nomi qayd etilmagan odamlardan olingan intervyularni e’lon qilishi shundan dalolat beradi”, - dedi u.
Xitoy 2017-yildan boshlab ikki millionga yaqin uyg’urni va boshqa etnik ozchilik musulmonlarni lagerlarga tashlagani va bu yerda ular o’z dini, tili va madaniyatidan voz kechishga majburlanishi aytiladi. Lagerlarga tashlanmaganlar ham davlatning kuchli nazorati va tekshiruvi ostida hayot kechirishi ma’lum.
Facebook Forum