Tayvan Xitoyda akkreditatsiyasi bekor qilingan Amerika jurnalistlarini o’z hududiga taklif etmoqda. Pekin bosimidan olisda, erkin ijod uchun qulay makon, deydi rasmiylar.
Tayvan Tashqi ishlar vaziri Jozef Vu “Twitter” orqali murojaat qilib, AQSh jurnalistlarini mamlakatga chorladi. Pekin Vashingtonning AQShdagi Xitoy jurnalistlari faoliyatini cheklashi ortidan shu tarzda qarshi javob bergan. Vashington Xitoy propagandasi bilan shug’ullangani uchun jurnalistlaringiz faoliyatiga aralashdik, deya izoh bergan edi.
“Tashqi ishlar vaziri New York Times, Wall Street Journal va Washington Post muxbirlarini Tayvanga – ozodlik va demokratiya maskaniga taklif etdi”, - deydi vazirlik matbuot kotibi Joanni Ou.
Pekin o’tgan haftada yuqorida qayd etilan uch nashrning ayrim jurnalistlarini mamlakatdan chiqarib yubordi. “Time” nashri va “Amerika Ovozi”dan Xitoydagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot taqdim etishni talab qildi.
Xitoy va Tayvan o’rtasidagi ixtiloflar 1940-yillarga borib taqaladi. Ikki tomon ham mustaqil hokimiyatiga ega. Biroq Xitoy Tayvanni nazorat ostida ushlab turishga intiladi. Orol aholisi Pekinga qarshi ko’p bor norozilik namoyishlariga chiqqan. Tayvan 1980-yillarda demokratiya yo’lini tanlagan. Kommunistik boshqaruvni yoqlamaydi.
AQSh jurnalistlarining Tayvan taklifini qabul qilish-qilmasligi noma’lum.
Biroq Tayvanda, Xitoydan farqli o’laroq, xorijiy muxbirlar erkin faoliyat olib borishi, hech qanday hujjatbozliksiz rasmiylar, olimlar va oddiy xalqdan intervyu olishi mumkin.
Tayvan politsiyasi ham jurnalistlarga bosim o’tkazmaydi, faoliyatiga aralashmaydi. Tashqi ishlar vazirligi esa tanqidiy chiqishlar uchun jurnalistlarni mamlakatdan chiqarib yuborish payiga tushmaydi.
Pekin fevral oyida urchigan epidemiya davrida “Xitoy Osiyoning kasal odami” nomli sarlavhasi uchun Wall Street’ning uch jurnalistini mamlakatdan chiqarib yuborgan edi.
Facebook Forum