Xyustonda joylashgan CITGO neft korporatsiyasining olti nafar boshqaruvchisi ikki yildan beri Venesuelada hibsda saqlanmoqda. Ularning besh nafari AQSh fuqarosi, bittasi AQShda doimiy yashash huquqiga ega.
Ularning barchasi tegishli huquqlari buzilgan holda noqonuniy hibsga olingani, Nikolas Maduro rejimining siyosiy mahbuslari ekani aytiladi.
AQSh hukumati Venesuela hukumatini CITGOning olti xodimini ozod qilishga chaqirdi.
Fevral oyigacha ular uy qamog’ida saqlangan. So’ng Maduro rejimining razvedka xizmati ularni qamoqqa olib ketgan. Ularga oila a’zolari yoki advokatlari bilan gaplashishga ruxsat berilmayapti.
“Ular Venesuelani tark etib, oilalari bag’riga qaytishiga ruxsat berilishi kerak”, - dedi Davlat departamentining Venesuela bo’yicha Maxsis vakili Elliot Abrams.
“COVID-19” virusining tarqab borayotgani ham yana bir xavotir manbai. Davlat kotibi Mayk Pompeo Karakasdagi mash’um hibsxonada saqlanayotgan olti CITGO xodimiga virus yuqish xavfi yuqoriligidan xavotir bildirdi.
Davlat kotibi nomidan e’lon qilingan yozma bayonotda aytilishicha, asossiz hibsga olingan bu insonlarning sog’ligi yomonlashib, immunitet tizimlari ham zaiflashgan va virus yuqtirsa, hayotlari uchun katta tahdid paydo bo’ladi.
“Zarracha dalilsiz ular allaqachon ikki yildan ortiq qamoqda o’tirdi. Insonparvarlik yuzasidan ularni ozod qilish payti keldi”, - dedi Pompeo.
Facebook Forum