Dunyoga mashhur oshpaz Xose Andres bir necha shtatdagi restoranlarini koronavirus pandemiyasi paytida muhtojlarga tekin ovqat tarqatiladigan markazlarga aylantirdi. Bunday xizmatga talab yuqori bo’lgani bois ulkan stadionlar vaqtinchalik oshxonalarga aylantirildi.
Mart oyida koronavirus tarqalishi kuchayishi ortidan poytaxt vashingtonlik Xose Andres bo’sh turgan stadionlarni oshxonaga aylantirish taklifi bilan chiqdi.
Chunki iqtisodiyot yopilgach, oziq-ovqat topishga qiynalib qolgan odamlar soni ortdi va ularga xizmat ko’rsatishga ehtiyoj tug’ildi.
Vashingtondagi ulkan beysbol stadioni oziq-ovqat tarqatiladigan ana shunday markazga aylandi.
“Ilgari ham stadionlarni ishlatganmiz. Ular juda muhim; yaxshi kunlarda jamiyatimizga xizmat qiladi. Favqulodda holatlarda ham ular juda foydali. Bu yerda barpo qilingan oshxonalarda minglab, o’n minglab taomlar tayyorlaymiz”, - deydi oshpaz Xose Andres.
Stadion jamoasi ham yordam beryapti.
“COVID-19 dan jabr ko’rgan odamlarga qanday yordam bera olishimiz haqida o’yladik. Barcha do’stlarimizga katta miqdorda taom tayyorlashga qodirmiz; buning uchun juda yaxshi binolarimiz bor. Shu bois Xose Andres jamoasiga bog’lanib, ular bilan hamkorlik qilishni xohladik. Stadiondagi oshxonalarimizdan foydalanishni xohlaysizmi, deb so’radik”, - deydi “Nationals” stadioni vitse-prezidenti Jonatan Stal.
Stadionning keng oshxonasida bir paytning o’zida 50 ta odam yonma-yon ishlashi mumkin. Ovqatlar to’yimli; go’sht, sabzavot, guruch va mevalar tortiq qilinadi.
Pishirilgan taomlar maxsus idishlarga solinib, “Uber Eats” haydovchilari orqali kasalxona, qariyalar uyi, uysiz va qashshoqlar markazi kabi joylarga eltib beriladi.
Virusga qarshi xavfsizlik choralari ham ko’rilgan.
“Ishga keladigan har bir odamning haroratini o’lchayapmiz. Peshonasini maxsus jihoz orqali skanerdan o’tkazamiz. Shundan keyin shaxsiy buyumlarini alohida joyga qo’yishini so’raymiz”, - deydi Stal.
Xose Andresning xayr-saxovati faqat poytaxt Vashington bilan cheklanmagan.
Homiylarning moliyaviy yordami va ehsonlari tufayli oshpaz va uning jamoasi Amerika bo’ylab muhtojlarga minglab taom ulashmoqda. Andresning aytishicha, yordam aksiyaning so’nggi kuni belgilanmagan. Ehtijoy bor ekan, biz ovqat tarqatishni davom ettiramiz, deydi u.
Facebook Forum