Breaking News

AQSh: Oziq-ovqat yetarli, muammo uni qanday yetkazishda


AQShda oziq-ovqat ta’minoti va fermalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00

Pandemiya sharoitida ko’proq amerikaliklar uyda ovqat pishirmoqda. Bu degani, ta’minot tizimlari izdan chiqqan bir paytda turli xil mahsulotlarga talab oshgan. Ayrim tovarlar yetishmovchiligi aholi orasida xavotir bilan qarshi olindi, biroq bo’sh rastalar oziq-ovqat tugab borayotganini anglatmaydi.

Tina Hinchlining Viskonsin shtatidagi fermasida pandemiyaga qaramasdan sigirlarni sog’ish tartibi o’zgargani yo’q.

Bu fermada sog’ib olinadigan sutning 90 foizi Viskonsindagi pishloq ishlab chiqaruvchi korxonalarga yetkazilar edi. Ammo koronavirusni to’xtatish bo’yicha choralar deyarli barcha sanoatlarga birdek ta’sir ko’rsatdi. Aksar joylar yopiq.

“Restoran, maktab va universitetlar pandemiya tufayli yopilganidan keyin, mana shu kabi tijoriy xaridorlar uchun katta miqdorda pishloq ishlab chiqarish ham to’xtadi”, - deydi Hinchli.

Uning aytishicha, oziq-ovqat sanoati iste’molchilarning to’satdan o’zgargan xatti-harakatlariga moslashishi uchun vaqt kerak. Masalan, hozir porsiyalangan, qadoqlangan pishloqqa talab katta.

“18 kilogramli ulgurji sotiladigan pishloqni donalab sotish, yoki saryog’ni iste’molchi uchun qulay miqdorda, chakanalab sotishni yo’lga qo’yish vaqt talab qiladi”, - deydi fermer.

“Maydalangan pishloqni 3-4 kilolab oladigan iste’molchilar kam. Ko’pchilik do’konda yarim kiloli qadoqni qidiradi. Buni yo’lga qo’yish uchun esa boshqacha uskuna kerak. Mavjud jihoz bilan kichik qadoqli ishlab chiqarishni boshlay olmaysiz”, - deydi Mark Stivenson.

U Viskonsin universitetida sutchilik sanoati va qishloq xo’jaligi bo’yicha mutaxassis.

“Mahsulotni ishlab chiqariladigan joydan bugun kerakli joyga yetkazish katta o’zgarishlar talab qilyapti”.

Shu bois ba’zi mahsulotlar rastada bo’lmasligi mumkin. Ammo bu vaqtinchalik holat.

“Oziq-ovqat avvalgi miqdorda ishlab chiqarilyapti. Muammo logistikada”, - deydi mutaxassis.

Illinoys shtatidan “Amerika Ovozi” bilan Skayp orqali gaplashgan fermer Brayan Dankan cho’chqa go’shti bilan muammo yo’qligini aytadi.

Yaqinda Janubiy Dakotadagi go’sht kombinatida 200 ishchi virusni yuqtirgach, korxona yopildi. Mahsulot 500 dan ziyod fermerlardan sotib olinar edi. Ayrim korxonalar vaqtincha ishdan to’xtagan bo’lsa-da, AQShda go’sht mahsulotlari yetarli, deydi Dankan.

“Ta’minot tizimidagi uzilishlar uzoqqa cho’zilmaydi. Rastalarni go’sht mahsulotlari bilan to’ldirish uchun yetarli quvvatga egamiz. Uzilishlar mahalliy darajada bo’ladi. Mahsulotni do’konga vaqtida yetkazish tizimi yo’lga tushsa bo’lgani”, - deydi Dankan.

Tina Hinchli ham mahsulot miqdori emas, uni qadoqlab yetkazish muammo ekanini aytadi.

Hozirda fermamiz, aksincha, keragidan ortiq sut ishlab chiqarmoqda, deydi u. Karantinning ilk kunlarida turli xil mahsulotlarga oshgan talab hozirda normallashgan. Biroq yirik mijozlar mahsulot olmayotgani sabab fermalar ishlab chiqarishni kamaytirishga majbur.

“Yangicha ish usullariga o’tayapmiz. Vaziyat bir oy oldingidan ancha farqli”, - deydi Hinchli.

Karatindan oldin amerikaliklar restoranlarda ko’proq pul sarflashardi. Endi esa raqamlar boshqacha. Ishlab chiqaruvchilarga moslashish uchun vaqt kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG