Breaking News

Kongress moliyalashi "Amerika Ovozi" AQShni tanqid qila olmaydi degani emas


Prezident Donald Tramp 2018-yilda "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan
Prezident Donald Tramp 2018-yilda "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan

"Amerika Ovozi" 1942-yildan beri efirda. Xushxabarmi, shum xabarmi, sizga haqiqatni aytamiz, degan azaliy shior ostida axborot oqimi cheklangan jamiyatlarga informatsiya uzatadi.

AQSh hukumati bu tashkilotdan norozi bo'lgan davrlar o'tmishda ko'p kuzatilgan. Kongress har yili "Amerika Ovozi" va unga o'xshash yana bir necha mediaga mablag' ajratsa-da, federal qonunlar hukumatga ularning faoliyatiga aralashishga yoki biror jihatdan to'sqinlik qilishga yo'l bermaydi.

Missiyalar aniq. Tashkilotlar omma ishonchini qozonganini ularning ko'p tillik va yuzlab millionlik auditoriyasidan bilish mumkin.

2001-yilda, 11-sentabrdagi terror xurujlari ketidan "Amerika Ovozi" Afg'on xizmati Tolibon lideri Mulla Umar bilan eksklyuziv intervyu qilganida Bush ma'muriyati qarshilik ko'rsatgan. AQSh puliga ishlaydigan OAV terroristlarga mikrofon tutmasligi kerak, ularga qonli mafkurasini oqlashi uchun imkon bermasligi kerak, degan rasmiylar. "Amerika Ovozi" rahbariyati esa bu qarashga qo'shilmagan. Intervyu efirga ketgan.

Prezident Bush "Amerika Ovozi"da, Vashington, 2002
Prezident Bush "Amerika Ovozi"da, Vashington, 2002

"Amerika Ovozi" 46 tilda yangraydi. Haftalik auditoriyasi 280 million. Uni AQSh Global Media Agentligi boshqaradi. Bu agentlik biror vazirlikka qarashli emas. Uning ostida "Ozodlik", "Ozod Osiyo", "Marti", Yaqin Sharq teleradiosi degan media tashkilotlar ham bor. Kongress yiliga bu agentlik uchun 600-700 million dollar ajratadi.

"Amerika Ovozi" bu davlatning deyarli har bir rahbari bilan intervyular o'tkazgan va Oq uyda doimiy muxbirlariga ega.

O'tgan oy Prezident Donald Tramp va Oq uy yaqinda "Amerika Ovozi"ni qoralab chiqdi. Ma'muriyat nazarida tashkilot Xitoydagi koronavirusga qarshi choralarni ijobiy ruhda yoritmoqda va bu bilan Amerika manfaatlariga qarshi ish tutmoqda.

"Amerika Ovozi" bu iddaolarni inkor etib, axborot vositasi sifatida Xitoy hukumatini savolga tutayotgani, u yerdagi vaziyatni xolis tahlil qilayotgani va yopiq bu tuzumdan ishonchli informatsiya uzatayotganini qayd etadi. Tashkilot rahbari Amanda Bennett Oq uy tanqidiga so'zma-so'z javob berib, matbuot erkinligi va mustaqilligi ahamiyati haqida bayonot qilgan.

Tramp AQSh Global Media Agentligi boshlig'ini ikki yildan beri yangilashga urinsa-da, Senat nomzodni tasdiqlamagan. Prezident qonunchilardan norozi. Lekin nomzod Maykl Pek ma'qullangan taqdirda ham Oq uy "Amerika Ovozi" va boshqa tashkilotlarga bosim o'tkaza olmaydi.

Ya'ni Kongress moliyalagani bu OAVlar Amerikani yoqlaydi degani emas. Bennett eslatganidek, qonun ularning erkinligi va mustaqilligini himoya qiladi.

Prezident Obama "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Oq uy, 2012
Prezident Obama "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Oq uy, 2012

Amanda Bennett deydiki, faktlarga asoslangan, betaraf axborot berish - "Amerika Ovozi" jurnalistlari uchun burch va majburiyat.

1976-yilda Kongress "Amerika Ovozi" nizomini qabul qilgan. Unga binoan tashkilot haqqoniy va xolis informatsiya tarqatishi shart va o'z dasturlarida Amerikaning biror tarafi yoki qismini emas, butun mamlakatni, xususan uning siyosati va hayotini obyektiv tarzda ochib berishi kerak.

Obama ma'muriyatida Davlat departamentining Xalq diplomatiyasi bo'yicha bosh rasmiysi bo'lgan Richard Stengel nazarida "Amerika Ovozi" o'z vazifasini eplay olgani bilan ham yanada ishonchli va jahon jurnalistika ahli hurmatiga sazovor.

"Amerika Ovozi" davlat axborot vositasi emas. Avtoritar tuzumlar iznidagi teleradiolar singari amaldagi siyosatni targ'ib qiladigan tizim emas", - deydi Stengel.

Tashkilot AQSh siyosatini yoritadi, savolga tutib, tahlil qiladi va shu tariqa boshqa OAVlarga namuna, deydi arbob.

Prezident Reygen "Amerika Ovozi"da, Vashington, 1985
Prezident Reygen "Amerika Ovozi"da, Vashington, 1985

Murakkab jihati shundaki, "Amerika Ovozi" va AQSh Global Media Agentligi rahbarligiga nomzodlarni Oq uy ko'rsatib, qonunchilar uni ma'qullashi ko'plar tomonidan "nazorat" sifatida qabul qilinadi.

Tramp tarafdorlari fikricha, "Amerika Ovozi" direktori Obama davridan qolgan ekan, uni ham yangilash kerak. Hozircha bu borada yangilik yoki harakat yo'q. Koronavirus pandemiyasi davrida tashkilotning auditoriyasi yanada kengaygan, multimedia dasturlariga qiziqish va talab oshgan.

OAV va jurnalistika bo'yicha ekspert Lata Nott deydiki, har qanday media siyosiy va iqtisodiy jihatdan mashaqqatli pallalarda sinaladi.

"Davlat moliyalasa-da, u boshqarmaydigan OAV ekan, "Amerika Ovozi" mustaqil axborot manbai sifatida nufuz va shuhrat qozongan", - deydi Nott.

Boshqa mutaxassislar nazarida ham aynan shu jihati bois ham ushbu teleradio boshqalarga qaraganda qattiqroq kuzatiladi va baholanadi.

Prezident Klinton "Amerika Ovozi"da, Vashington, 1997
Prezident Klinton "Amerika Ovozi"da, Vashington, 1997

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG