Breaking News

Mayk Pompeo Isroilda Eron va tinchlik rejasini muhokama qildi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo (chapda) Isroil Bosh vaziri Benymin Netanyaxu bilan, Quddus, Isroil, 2020-yil, 13-may
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo (chapda) Isroil Bosh vaziri Benymin Netanyaxu bilan, Quddus, Isroil, 2020-yil, 13-may

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo chorshanba kuni Isroilga qilgan bir kunlik safari doirasida rasmiylar bilan uchrashuvlar o'tkazdi. Muzokaralar Eron va Trump ma'muriyatining Yaqin Sharq tinchlik rejasi yuzasidan bo’ldi. G'arbiy sohilning uchdan birini Isroil egallashiga imkon beradigan bu reja Yaqin Sharqda yangi tarangliklarni keltirib chiqarishi mumkinligi aytiladi.

Davlat kotibi Mayk Pompeo COVID-19 pandemiyasi boshlangandan beri Isroilga tashrif buyurgan birinchi yuqori lavozimli AQSh rasmiysi hisoblanadi.

"Siz Vashingtonga kelib Prezident Trump bilan Tinchlik rejasini e’lon qilganingizga bir necha oy bo’ldi. Hali qilinadigan ishlar bor va biz bu borada olg'a siljishimiz kerak. Men shundan umidvorman”, - dedi Pompeo.

Bosh vazir Netanyaxu AQSh va Isroil koronavirusga qarshi kurashda hamda Eron masalasida birga hamkorlik qilayotganini aytdi. U Eronga qurol embargosi qo'llagani uchun AQShga minnatdorlik bildirdi va tinchlik rejasi ham olg'a siljishidan umidvorligini aytdi.

"Ertaga biz milliy birlik hukumati tuzamiz. Menimcha, bu Prezident Trump bilan yanvar oyida Vashingtonda bo'lgan oxirgi tashrifimda erishilgan tinchlik va xavfsizlik rejasini targ’ib qilish imkonini beradi", - dedi Netanyaxu.

Reja Isroilga G'arbiy Sohilning deyarli uchdan bir qismi, shu jumladan, yahudiy aholi punktlarining katta qismi ustidan suverenitet o'rnatish huquqini beradi. Bu Prezident Trumpga qadar yahudiy aholi punktlarini noqonuniy deb hisoblagan Amerika siyosatidan keskin burilishdir. Falastinliklar G'arbiy Sohil kelajakdagi Falastin davlatining bir qismi bo'lishi kerakligini ta'kidlab, Isroilni bosqinchilikda ayblaydi.

Yevropaning bir qator davlatlari, xususan, Fransiya, Ispaniya, Irlandiya va Shvetsiya Isroil anneksiyasini qabul qilmasliklarini aytgan. Garchi ba'zi sanksiyalar Yevropa Ittifoqining bir ovozdan kelishuvini talab qilsa-da, boshqalari, masalan, savdo bitimlari bo’yicha bu davlatlar Isroilga mustaqil jazo choralarini qo’llashi mumkin.

Mitvim institutining yahudiy siyosatshunosi Nimrod Gorenning ta'kidlashicha, qarorgohi Bryusselda joylashgan Yevropa Ittifoqi va Isroil o'rtasida keskinlik kuchayib bormoqda.

"Quddusda Bryusselga nisbatan salbiy munosabat kuchayib bormoqda. Yevropa davlatlari va tashqi ishlar vazirlari so'nggi haftalarda Isroilning anneksiya qilish niyatiga qarshi chiqishganida, bu Quddusning Bryusselga nisbatan yana bir keskin reaksiyasiga sabab bo’ldi. Yangi Isroil hukumati shu narsani o'zgarishga harakat qilishi kerak, chunki Yevropa Isroilning strategik hamkori va juda yaqin do'sti", - dedi Goren.

G'arbiy Sohilning bir qismi Isroilga qo'shib olinsa, bu 1967 yilga qadar hududni nazorat qilgan Iordaniya bilan munosabatlarni yanada taranglashtirishi mumkin. Isroil bilan tinchlik shartnomasi tarafdorlari Iordaniya aholisi orasida tobora kamayib bormoqda, garchi davlatlar kuchli xavfsizlik aloqalariga ega bo’lsa ham.

Netanyaxu va sobiq raqibi Benni Gants o'rtasidagi yangi koalitsiya hukumati, o’zaro kelishuvga muvofiq, iyuldan boshlan G’arbiy Sohilning bir qismini egallash harakatini boshlashi mumkin.

Ammo ikki haftadan oz vaqt ichida Netanyaxuning firibgarlik va korrupsiya ayblovlari bo'yicha sudi boshlanadi. Isroil rahbari diqqatni bu ishdan chalg’itish uchun anneksiyani boshlaydimi yoki xalqaro hamjamiyat noroziligining badali o’gir bo’lishidan cho’chib o’zini tiyadimi, hozircha buni bilish qiyin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG