Breaking News

Bloger Usmonjon Qodirov ozodlikda - nima bo'ldi o'zi?


Bloger Usmonjon Qodirov ozodlikda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:55 0:00

Bloger Usmonjon Qodirov ozodlikda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg’ona safariga tayyorgarlik uchun odamlar majburiy ishlatilmoqda, deya post qilgan bloger Usmonjon Qodirov 15 kunlik ma’muriy jazoga tortilgan.

Blogerning qamoqqa olinishi ijtimoiy tarmoqlarda kuchli norozilik uyg’otishi ortidan 29-may kuni u ozodlikka chiqqan.

Farg’ona viloyat televideniyesi muxbiri bo'lgan Qodirov Mirziyoyevning viloyatga tashrifiga ko’rilayotgan hozirlik yuzasidan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tanqidiy ruhdagi shaxsiy fikrlarini yozib qoldiradi.

“Farg’ona viloyatida Prezident tashrifiga tayyorgarlik yuqori darajada. Lekin, karantin vaqtida, issiq havoda, zavod xodimlarining “hashar”ga chiqqani achinarli. Tashrifga taraddud viloyatning boshqa hududlarida ham davom etmoqda. Menimcha, Marg’ilondagi shifokorlar bo’yicha gaplar ham rostga o’xshaydiyov. Qachongacha bunday ishlar davom etadi. Qonuniy yo’l bilan, hech kimni majbur qilmasdan qilish mumkinmi bunday ishlarni? Yoki biz rahbarlar aytmasa yon atrofimizni toza pokiza qilmaymizmi? Albatta katta rahbar kelsa shunga tayyorlanish kerakmi?” - deb yozadi bloger.

"Amerika Ovozi"ning aniqlashicha, Qodirovning bu posti ketidan u Farg’ona viloyat hokimiyati matbuot xizmati boshlig’i Muhammadjon Obidov huzuriga chaqirtiriladi.

Usmonjon Qodirov hamkasbi Mavjuda Mirzayeva bilan, Farg'ona, 29-may, 2020
Usmonjon Qodirov hamkasbi Mavjuda Mirzayeva bilan, Farg'ona, 29-may, 2020

Matbuot kotibi blogerni yolg’on xabar tarqatishda ayblab, odamlar majburiy ravishda ishga olib chiqilgani haqidagi xabar yuzasidan raddiya talab qiladi.

Farg’ona viloyat hokimligi axborot xizmatini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qoldirgan videoxabarda bloger Usmonjon Qodirov yoshlik qilib noto’g’ri xabar tarqatgani, buning uchun xalqdan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan kechirim so’raydi.

Bloger bu iqrorida Mirziyoyevning Farg’onaga kutilayotgan safariga hozirlik ko’rish uchun tibbiyot xodimlari obodonlashtirish ishlariga olib chiqilgani haqida “Ozodlik”da berilgan xabargi ham munosabat bildiradi va tajribasizlik qilib, bu xabarni haqiqatga yaqin baholaganidan pushaymonlik izhor qiladi.

27-may kuni kechga tomon Qodirov hokimiyat organiga faol qarshilik ko’rsatish, bezorilik, haqoratlash aybi bilan 15 kunlik ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Xabar omma orasida shov-shuv uyg'otib, keng jamoatchilik orasida bloger himoyasi yo'lida chaqiriqlar yangrar ekan, blogerning ishi zudlik bilan qayta ko’rilgan. 15 kunlik qamoq 2 kunga o’zgartirilgan. Bloger 29-may kuni ozodlikka chiqarilgan.

Qodirov uyidan turib, video orqali jamoatchilikka minnatdorchilik bildirdi. Sud ishi va jazo yuzasidan lom-mim demagan.

Bloger bir necha oy oldin "Amerika Ovozi" bilan Toshkentda muloqot qilganida, O'zbekiston xalqini aldash hozirda juda qiyin, odamlar haqiqatga intilmoqda. talabchanlik kuchaydi, deya fikr bildirgan edi.

Bir necha kun avval O’zbekiston davlat televideniyesining ikki jurnalisti “O’zbekiston24” kanali faoliyatini tanqid qilib chiqqan edi. Teleradiokompaniya rahbari Alisher Xo’jayevning bu tanqidlarga nisbatan bayonoti ortidan ular ishdan bo‘shatilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG