Breaking News

Minnesota Erkinlik fondi to'rt kunda 20 million dollar to'pladi


Minnesota shtatining Minneapolis shahrida namoyishchilar Xristofor Kolumbning haykalini qulatgan kun
Minnesota shtatining Minneapolis shahrida namoyishchilar Xristofor Kolumbning haykalini qulatgan kun

Amerikada irqchilikdan noliyotgan, politsiyani zo'ravonlikda ayblayotgan odamlar ko'p ekan, katta shaharlarda tarixiy shaxslarning haykallari qulamoqda. Xristofor Kolumbdan tortib, AQSh o'tmishida muhim rol o'ynagan general va liderlargacha. Quldorlikni yoqlagan odamlar sharaflanmasligi lozim, deydi namoyishchilar. Tartib va xavfsizlik, huquq va erkinlik singari ustuvor deya eslatib turibdi mahalliy hokimiyatlar.

Namoyishlar va keskin kayfiyat yangi tashabbuslarga yetaklamoqda. Tashabbuslarni esa moliyasiz amalga oshirib bo'lmaydi. Afro-amerikaliklar manfaati uchun hamda politsiya qo'lida o'lgan odamlarning oilalariga yordam berish maqsadida jamg'armalar tuzilmoqda. Minnesota Erkinlik fondi shulardan biri. To'rt kun ichida 20 million dollar yig'di.

Minneapolis shahrida qora tanli fuqaro politsiya qo'lida jon bergach avj olgan norozilik chiqishlarida qariyb 11 ming amerikalik hisbga olindi.

Ayrimlari tovon evaziga qo'yib yuborildi. Tovon to'lay olmaganlar ham anchagina. Ularga Minnesota Erkinlik fondi madad ko'rsatmoqda.

Minnesota shtati, 10-iyun, 2020
Minnesota shtati, 10-iyun, 2020

Mirella Seja-Orozko, fond rahbarlaridan biri:

"Aslida ikki to'liq stavkali xodimimiz bor edi va sakkiz ko'ngilli xizmatchi. Yillik byudjetimiz 150 ming dollarcha edi. Lekin odamlar qiynalar ekan, qarab tura olmadik. Targ'ibot ishlarini boshladik. Bir necha kun o'tmay 900 ming amerikalik qilgan xayriya hisobiga 31 million dollarcha moliyaga ega bo'ldik. Donorlarga rahmat".

Xayriya bilan bog'liq ishlar bilan shug'ullanish uchun yangi ko'ngillilar qo'shildi. Hibsdagilar sudga olib borilar ekan, ularga huquqiy yordam ko'rsatilmoqda.

"Biz albatta boshida yordam beramiz, keyingi masalalarni esa odamlarning o'zi hal qiladi. Ularga advokatlar zarur. Bu borada ham ko'maklashamiz. Bizni tanqid qilayotganlar bor, albatta. Biz qora tanlilarga ham, oq tanlilarga ham birdek yordamlashamiz. Nega hamma uchun birdek kuyinayapsiz, deb so'rashadi. Lekin biz mehr-muruvvat ulashadigan tashkilotmiz. Ko'makka zor odam bo'lsa, albatta qo'l cho'zamiz. Ayniqsa agar bu odamlar xalq dardini ko'tarib chiqqan yurtdoshlarimiz bo'lsa. Jamiyatimiz ravnaqi uchun hissa qo'shamiz".

AQSh bo'ylab politsiyaga qarshi namoyishlar
AQSh bo'ylab politsiyaga qarshi namoyishlar

Namoyishlar hozir ancha tingan. Lekin muammolar yechilishi uchun harakatni to'xtatmaslik kerak, deydi Mirella Seja-Orozko. Fuqarolarni quvvatlaydigan nohukumat tashkilotlarning roli har doimgidan ham muhimroq, deydi faol.

"Tartibni buzganlikda gumon qilinib politsiya boshqarmasiga olib borilgan odam u yerda ko'p ushlab turilmaydi. Tovon to'lab chiqib ketishadi. Lekin politsiya ularni tekshiradi va tegishli ro'yxatlarga qo'shadi, keyin kuzatadi", - deydi Seja-Orozko.

Shtatlar va federal hukumat politsiyani isloh qilishga qanchalik so'z berib, bunga bel bog'lamasin, jamoatchilik orasida norozilik hissi yo'qolib qolmaydi, deydi u.

Minnesota Erkinlik fondi aslida shu shtatdagina ishlab kelayotgan edi, lekin hozirda boshqa shtatlardan ham yordam so'rab murojaat qilishmoqda. Tashkilot to'lagan eng katta tovon hozircha 500 ming dollar. Boshqa jamg'armalar bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan, hatto ayrim donorlarni va xayriyaning bir qismini boshqa fondlarga yo'naltirishmoqda.

Amerikaning qayerida o'z huquqidan foydalanib, ko'chaga chiqib, adolat talab qilgani uchun hibsga olingan shaxs bo'lsa, unga madadkor bo'lish asosiy maqsad, deydi Mirella Seja-Orozko.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG