AQSh Suriya prezidenti Bashar al-Assadga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Vashington shu yo’l bilan rejimni BMT boshchiligidagi muzokaralar stoliga qaytarib, qariyb o'n yillik fuqarolar urushini tugatishga harakat qilmoqda.
17-iyun kuni Assad va uning rafiqasi Asmani shaxsan nishonga olgan Suriyaga qarshi yangi jazo choralari e'lon qilindi. Bu orada Suriya rahbari o’z nazorati ostidagi hududlarda kuchli iqtisodiy inqiroz va aholi noroziligi bilan yuzlashmoqda.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo yangi choralar yuzasidan qilgan bayonotida kelasi hafta va oylarda Assad hukumatiga qarshi yana sanksiyalar e’lon qilinishi haqida ogohlantirdi.
"Assad va uning rejimi Suriya xalqiga qarshi keraksiz va shafqatsiz urushni to'xtatmaguncha biz to'xtamaymiz", - dedi Pompeo.
Amerika Qo'shma Shtatlari va Yevropa Ittifoqi allaqachon Suriyaga qarshi sanksiyalarni qabul qilgan. Vashingtonning so'nggi choralari Damashq bilan savdo-sotiq qilayotgan har qanday shaxs, muassasa yoki kompaniyani jazolashga qaratilgan.
Yangi qonun Asadning asosiy qo'llab-quvvatlovchilari - Rossiya, Eron va Livandagi Hizbulloh jangari guruhiga qarshi ishlatilishi mumkin.
U Xitoy, shuningdek, Iordaniya, Livan, Iroq va Fors ko'rfazi mamlakatlariga ham ta'sir qiladi, chunki bu davlatlar to'qqiz yillik urushga tezroq yakun yasash uchun Suriya bilan yarashmoqchi.
BMTdagi AQSh elchisi Kelli Kraftning aytishicha, sanksiyalar Assad rejimini insonlarga zulm o’tkazish uchun ishlatiladigan daromad va qo’llab-quvvatlovdan ayirishni maqsad qiladi.
Kraftning aytishicha, Assad Xavfsizlik Kengashining sulh tuzish va saylovlar o’tkazishga chaqiruvchi rezolyutsiyasi talablarini bajarib, shuningdek, uzoq vaqtdan beri davom etayotgan BMT muzokaralariga qo’shilishi kerak.
"Assad rejimining aniq tanlovi bor: 2254-sonli rezolyutsiyada belgilangan siyosiy yo'ldan borishi kerak yoki qayta qurish mablag’laridan mosuvo bo’lib, ko’proq AQSh sanksiyalariga yo’liqishga rozi bo’lishi kerak", - dedi u.
Suriya hukumati shimoli-g'arbdagi İdlib viloyati va kurdlar nazoratidagi ba'zi hududlardan tashqari mamlakatning katta qismini isyonchilardan tortib oldi.
Taxminan 700 000 odamning umriga zomin bo'lgan o'n yillik urushdan so'ng rejim hanuz qudratda.
Shaharlar va qishloqlar vayronaga aylandi, millionlab odamlar uy-joysiz qoldi.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenziyaning aytishicha, AQShning bu jazo choralaridan maqsadi Suriyaning qonuniy hokimiyatini ag'darish.
Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Junga ko’ra esa, Suriya singari himoyasiz davlatlar [koronavirus] pandemiyasi bilan kurashayotgan bir paytda qo'shimcha sanksiyalarni qo’llash g'ayriinsoniy va yanada ko’proq falokatlarga olib kelishi mumkin.
Sanksiyalar Livanga, ayniqsa, ko’proq salbiy ta’sir qilishi kutilmoqda. Suriya Livan uchun arab dunyosiga kirishda yagona quruqlik ko'prigi vazifasini o’taydi.
Facebook Forum