Breaking News

Vashington Srebrenitsa qatliomini qanday baholaydi?


Srebrenitsa yaqinida genotsid qurbonlari qabristonida yig'layotgan ayol. Bosniya va Gersegovina, 11-iyul, 2020.
Srebrenitsa yaqinida genotsid qurbonlari qabristonida yig'layotgan ayol. Bosniya va Gersegovina, 11-iyul, 2020.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

1995-yilning iyul oyi o’rtalarida serblar Bosniya va Gersegovinada BMT joriy etgan “xavfsiz hudud”ga bostirib kirgan. 8 mingdan ziyod Bosniya musulmonlari qirib tashlangan ana shu mudhish voqea Yevropada Ikkinchi Jahon urushidan keyin amalga oshirilgan eng yirik jinoyat sifatida tarixga kirgan. Joriy oyda Srebrenitsa qatliomiga 25 yil to’lgani munosabati bilan xotira tadbirlari o’tkazilmoqda.

1990-yillarning boshlarida Yugoslaviya tarqab ketgach, mamlakat tarkibida bo’lgan etnik guruhlar o’rtasida tanglik va nizolar keskin tus oldi. To’qnashuvlar dastlab Xorvatiya va Sloveniyada, so’ng turli etnik guruhlar yashaydigan Bosniya va Gersegovinada yuz berdi.

Fojia Bosniya va Gersegovina sharqida yashaydigan musulmon aholiga uch yildan ziyod vaqt mobaynida millatchi serblar tomonidan qo’llangan zulmning kuchayishi bilan boshlangan. Minglab musulmonlar to’qnashuv qurboni bo’lgan, xonadonlar va xo’jaliklar vayronaga aylangan.

1995-yilning 11-iyulida General Ratko Mladich qo’mondonligidagi Bosniya serblarining harbiy qo’shini qamaldagi Srebrenitsa hududiga bostirib kiradi. Bu hudud 1993-yilda BMT tomonidan “xavfsiz zona” deb e’lon qilingan va tashkilot himoyasida edi.

Shahar yon-atrofdagi qishloqlardan panoh izlab qochib kelgan o’n minglab odam bilan to’lgan. Serb harbiylari aholini ommaviy taslim qilib, ayollar va yosh bolalarni ajratib olgan. 15 yoshdan oshgan barcha o’smirlar va erkaklarni 11-iyuldan 25-iyulga qadar tizimli ravishda qatl etgan. 8372 nafar qurolsiz musulmonlar genotsid qurboniga aylangan.

BMTning 1948-yilda qabul qilingan konvensiyasida qayd etilishicha, “muayyan millat, etnik, irqiy yoki diniy guruhni to’liq yoki qisman yo’q qilish jinoyati genotsid hisoblanadi”. Srebrenitsa qatliomi bo’yicha tuzilgan maxsus komissiyaning 2004-yildagi hisobotida mazkur jinoyat genotsid deb topilgan.

Bosniya serblari prezidenti Radovan Karadjich va harbiy qo’mondon Ratko Mladichlar qirg’in bo’yicha asosiy aybdorlar sifatida qo’lga olingan. Sobiq Yugoslaviya bo’yicha Xalqaro jinoyat tribunalida sudga tortilgan. Urush jinoyati, insoniyatga qarshi jinoyat va genotsid jinoyatini uyushtirganlikda aybdor deb topilgan.

Ekspertlar Srebrenitsa qatliomi qurbonlarining ommaviy qabrida. Bosniya va Gersegovina, sentabr, 1996.
Ekspertlar Srebrenitsa qatliomi qurbonlarining ommaviy qabrida. Bosniya va Gersegovina, sentabr, 1996.

Srebrenitsa fojiasiga 25 yil to’lgani munosabati bilan AQSh hukumati genotsid qurbonlarining oilalariga chuqur hamdardlik bildiradi. Ana shu jinoyat yodga olinar ekan, Vashington insoniyatga qarshi har qanday jinoyat jazosiz qolmasligiga yana bir bor urg'u bermoqda.

Srebrenitsa fojiasi Bosniya va Gersegovinada tinchlik va barqarorlikning naqadar muhim ekanini ham yodga soladi. Uning bugungi liderlarini xalqlar va hukumat o’rtasida o’zaro ishonch, ehtirom va birdamlik rishtalarini mustahkamlash uchun xizmat qilishga chaqiradi.

Mamlakatda Srebrenitsa fojiasi qayta takrorlanmasligi uchun barcha choralar ko’rilishi muhim. Toki uning fuqarolari tinch-totuvlikda, tenglikda yashasin va davlat rivoj topsin.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG