Breaking News

Germaniyadagi vatandosh O’zbekiston ta’lim tizimi haqida nima deydi?


Fozilbek Hasanov Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida tug’ilib o’sgan. Germaniyaning Bilefeld Universitetida biotibbiyot (molekulyar tibbiyot) yo‘nalishi bo’yicha magistratura bosqichida tahsil olmoqda. Shu bilan birga, universitet qoshidagi mikrobiologiya laboratoriyasida faoliyat olib boradi.

O’zbekistonda Toshkent tibbiyot akademiyasi tibbiy profilaktika fakultetida bakalavr, bakteriologiya va virusologiya yo’nalishida esa magistratura diplomini olgan. O’zbekistonda tibbiyot o’quv dargohlaridagi asosiy kamchiliklardan biri bu ilmiy-tadqiqotlar olib borish uchun kafedralarda yetarlicha sharoit mavjud emasligi, deydi Hasanov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Oydin Sa’dullayeva: Germaniyada tahsil olish uchun yoshlarga qanday imkoniyatlar bor?

Fozilbek Hasanov: Germaniyani keng imkoniyatlar mamlakati sifatida ko’raman. Ko’pgina mamlakatlarda universitetlarda tahsil olish katta mablag’ talab etadi. Germaniyada esa o’qish bepul bo’lgan universitetlar bisyor. Shu bilan birga, aynan ana shu o’qish bepul bo’lgan universitetlar dunyodagi eng yaxshi universitetlar top mingtaligiga kiradi. Xorijiy talabalar uchun ham xilma-xil grantlar bor. Ayniqsa, Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) dasturi orqali juda ko’plab xorijdan talabalar Germaniyaga o’qish uchun keladi. Masalan, 2019-yilning o’zida mazkur dasturning 240 dan ortiq loyihasi doirasida 140 mingdan ortiq nemis va xorijlik talabalar uchun stipendiyalar ajratilgan. Aynan shu dastur orqali O’zbekistondan ham ko’plab yoshlar o’qishga keladi.

Bundan tashqari har xil jamg’arma fondlari ham mavjud bo’lib, ular ham talabalar uchun o’z stipendiyalarini taklif qiladi. Masalan, bunday jamg’armalarga misol qilib, Haynrix Byoll (HBS), Fridrix Ebert (FES), Konrad Adenauer, Fridrix Naumann kabi har xil jamg’armalarni keltirishimiz mumkin. Shu bilan birga, har bir federativ viloyat yoki universitetlar ham grantlar ajratadiki, yoshlarimiz ana shu imkoniyatlardan foydalansa bo’ladi.

Ko’pchilik Germaniyada o’qish uchun nima qilish kerak, degan savol berishadi. Hammaga aytadigan javobim odatda bir xil: eng avvalo chet tilini yaxshi o’rganish kerak. Masalan, o’z misolimda aytaman: maktabda nemis tilini yaxshi o’rganganligim keyinchalik Germaniyada o’qishim uchun poydevor bo’ldi. Nemis tili darajasini baholovchi TestDaF maxsus imtihonidan o’tib, keyin universitetlarga hujjat topshirganman.

O.Sa‘dullayeva: O’zbekistonda yoshlar ko’proq ingliz tilini o’rganadi. Nemis tilini bilmaydigan, lekin ingliz tilini yaxshi o’zlashtigan yoshlar Germaniya universitetlariga hujjat topshirishi mumkinmi? Yoki nemis tilini albatta bilishi kerakmi?

Fozilbek Hasanov: Nemis tilini bilish talab etilmaydigan dasturlar ham bor. Lekin tavsiya etardimki, qaysi davlatga o’qishga bormasin, o’sha mamlakatning mahalliy tilini ham o’rganish maqsadga muvofiq. Aks holda, ko’p qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin.

O.Sa‘dullayeva: Germaniyada ham o’qib, ham ishlash imkoniyatlari bormi?

Fozilbek Hasanov: Germaniyda nafaqat mahalliy, balki xorijiy talabalar ham ishlashi mumkin. Lekin ayrim huquqiy jihatlari mavjud. Talabalar odatda haftasiga 20 soatdan ortiq ishlashi mumkin emas. Semestr ta’tili vaqtida esa haftasiga 20 soatdan ko’proq ishlashga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, xorijiy talabalarning bir yil davomida ishlagan kunlari soni to’liq ish kunida 120 kun yoki yarim ish kunida 240 kundan oshmasligi kerak.

O.Sa‘dullayeva: Germaniyada tibbiyot sohasining o’qitilishi, ta’lim sifati haqida nima deya olasiz? O’zbekistonda tibbiyot o’quv dargohlarida ta’lim berishda aynan qaysi jihatlari oqsamoqda?

Fozilbek Hasanov: Yaxshi savol. Oxirgi statistik ma’lumotlarga ko’ra, nemis universitetlari bir talabaning bir yil o’qishi uchun o’rtacha 12 ming yevrodan ortiq pul sarflar ekan. Lekin tibbiyot sohasida o’qiydigan talabalar uchun bu ko’rsatkish 32 ming yevroni tashkil etadi. Ya’ni tibbiyot sohasiga alohida e’tibor beriladi. Shu sabab ham Germaniyaning tibbiyot tizimi dunyoning eng yaxshi tibbiyot tizimlari qatoriga kirgan, desa mubolag’a bo’lmaydi. Zero, taraqqiyot ta’limdan boshlanadi.

Nemis universitetlari bir talabaning bir yil o’qishi uchun o’rtacha 12 ming yevrodan ortiq pul sarflar ekan. Lekin tibbiyot sohasida o’qiydigan talabalar uchun bu ko’rsatkish 32 ming yevroni tashkil etadi.

Menga eng yoqqan jihati, universitetlarda ilmiy-tadqiqot uchun zamonaviy jihozlangan laboratoriyalarning mavjudligi. Nazariya bilan amaliyot birgalikda olib boriladi. Nemislar ilmiy-tadqiqotlar uchun hech narsani ayamaydi. Aynan shu jihatini Germaniyaning rivojlanish siri sifatida bilaman.

O’zbekistonda tibbiyot o’quv dargohlaridagi asosiy kamchiliklardan biri bu ilmiy-tadqiqotlar olib borish uchun kafedralarda yetarlicha sharoit mavjud emasligi. Ustozlar nazariy jihatdan qanchalik yaxshi o’qitmasin, amaliyotda sinamasangiz, yutuqqa erisha olmaysiz. Istardimki, barcha kafedralar qoshida zamonaviy ilmiy laboratoriyalar tashkil etilsa va bu albatta kelajakda yangidan-yangi kashfiyotlar uchun zamin yaratgan bo’lardi, nazarimda.

Ta’lim sohasidagi yana bir e’tiborli jihat – kredit-modul tizimiga o’tilganligi. Bu tizimda har bir talaba o’z qiziqishlaridan kelib chiqqan holda o’qimoqchi bo’lgan fanlarini o’zi tanlash imkoniyatiga ega.

Yana bir e’tiborli jihati, nemis talabalari o’z sohasini o’z xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda mustaqil tanlaydi. Germaniyada talabalar maktabni bitirishi bilan universitetga kirishga shoshilmaydi. Sababi - maktabni bitirganda ko’pincha yoshlar qaysi sohani tanlash bo’yicha bir qarorga kelmagan bo’lishi mumkin.

Maktab bitiruvchilari uchun bir yillik volontyorlik yoki amaliyot dasturlari borki, bitiruvchilar avval ana shu dasturlarda o’zini sinab ko’radi. Ana shunday dasturlarda ishtirok etish esa ularga bir qarorga kelishga yordam beradi, ya’ni shu soha unga ma’qul keladimi yoki yo’qmi, avval shuni o’zi uchun aniqlab oladi. Bu dasturlarda albatta ularga ma’lum miqdorda moddiy yordam yoki haq to’lanadi.

O.Sa‘dullayeva: Germaniyada o’qiyotgan, ishlayotgan, qolaversa, istiqomat qilayotgan kishi sifatida mamlakatda koronavirus bilan kurashish chora-tadbirlari haqida nima deya olasiz?

Fozilbek Hasanov: Germaniya COVID-19 ga qarshi kurashishga virus hali mamlakatga kirib kelmasidan oldin tayyorlana boshladi. Virusga qashi kurashishning har xil strategiyalari ishlab chiqildi. Infeksiya tarqalishining ehtimoliy eng yuqori cho’qqisini taxmin qilgan holda shunga tayyorgarlik ko’rildi. Birinchi navbatda, karantin qoidalarini kuchaytirishga e’tibor qaratilgan bo’lsa, ikkinchi o’rinda virus diagnostikasiga e’tibor berildi. Koronavirus tashxisi uchun klinik laboratoriyalar soni oshirildi, klinikalarning tibbiy bazasi yaxshilandi, intensiv terapiya bo’limlarida bemorlar uchun o’rinlar soni ko’paytirildi, tibbiyot muassasalarida qo’shimcha ish o’rinlari ochildi.

O’zbekistonda tibbiyot o’quv dargohlaridagi asosiy kamchiliklardan biri bu ilmiy-tadqiqotlar olib borish uchun kafedralarda yetarlicha sharoit mavjud emasligi.

Bundan tashqari, koronavirusning xususiyatlarini o’rganish va unga qashi vaksina ishlab chiqish uchun ilmiy-tadqiqotlar boshlab yuborildi. Masalan, Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko’ra, bugungacha ro’yxatga olingan, koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot dasturlarining soni dunyoda jami 165 tadan oshdi. Ular orasida Germaniya ana shu yo’nalishda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot dasturlari soni ko’pligi bilan ajralib turadi.

Bundan tashqari, pandemiya davrida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan iqtisodiy tanazzul xavfini kamaytirish maqsadida aholining barcha qatlamlari uchun ijtimoiy qo’llab-quvvatlash dasturlari ishlab chiqildi.

Shu bilan birga, yaqinda “Korona-ogohlantiruv” ilovasi yaratildi. Uni har bir kishi bepul o’z telefoniga yuklab olishi mumkin. Ilova anonim bo’lib, u orqali siz bo’lib turgan hududda koronavirus bor yoki yo’qligi, shu joyda avval COVID-19 ga chalingan bemor bo’lgan yoki bo’lmaganligi haqida ma’lumot olishingiz mumkin.

Germaniyada xizmat ko’rsatish sohasida onlayn savdoning yaxshi yo’lga qo’yilganligi ham nafaqat kishilarga qulaylik yaratadi, balki hozirgidek pandemiya davrida kasallik keng tarqalishini ma’lum darajada oldini oladi.

O.Sa‘dullayeva: O’qish bilan birga ishlar ham ekansiz. Kasalxonalar faoliyatida qanday afzalliklar ko’rdingiz?

Fozilbek Hasanov: Mikrobiologiya bo’limida faoliyat yuritaman. Shu sabab bemorlar bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqotda bo’lmaymiz. Bemorlardan kelib tushgan namunalar, ya’ni bakteriyalarni aniqlash ustida tekshiruvlar olib boramiz, tashxis qo’yamiz. Magistrlik dissertatsiyam mavzusi ham faoliyatim yo’nalishi bilan bog’liq. Dissertatsiyamni yozish uchun ana shu laboratoriyada ilmiy tadqiqot olib boryapman.

O’z yo’nalishimda, ya’ni mikrobiologiya diagnostikasidagi yutuqlar haqida gapiradigan bo’lsam, laboratoriyalar diagnostika uchun zarur bo’lgan barcha eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.

Bundan tashqari, klinika va laboratoriyalarning bir-biri bilan aloqasi juda yaxshi yo’lga qo’yilgan.

Mamlakatning tibbiyot tizimidagi yana bir yutug’i – sharoitlarning birday taqsimlangani. Germaniyaning katta shahridagi bir klinikada mavjud bo’lgan sharoitlar chekka qishlog’idagi klinikada ham bor.

Germaniyaning tibbiyot tizimi yutuqlariga, aholining barcha qatlamlarini tibbiy sug’urta bilan qamrab olinganini ham keltirish mumkin. Tibbiy sug’urta kasalliklar profilaktikasida muhim rol o’ynaydi. Oddiy misol: kishi kasalikka chalindi, tibbiy sug’urtasi bo’lmasa davolanish qimmatga tushadi. Buni bilgan bemor esa shifokorga ko’rinishni paysalga solishi va oxir-oqibat kasallik rivojlanib ketishi mumkin. Yuqumli kasallik bo’lsa, boshqalarga ham yuqtirib, jamiyatga xavf solishi mumkin.

O.Sa‘dullayeva: Germaniyada o’qishni bitirgandan so’ng ishlash uchun qolish mumkinmi?

Fozilbek Hasanov: Ha, bu yerda o’qishni bitirgandan so’ng 18 oygacha vizangizni uzaytirish imkoni mavjud. Aynan bu vaqt sizga o’zingiz tugatgan yo’nalish bo’yicha mos ish o’rni topish uchun beriladi. Bu orada siz o’z yo’nalishingiz bo’yicha ish topishingiz va faoliyatingizni davom ettirishingiz mumkin.

O.Sa‘dullayeva: Kelajakdagi rejalaringiz qanday? Bir umr Germaniyada qolishni istaysizmi? Yoki vatanga qaytib borasizmi?

Fozilbek Hasanov: Kelajakdagi rejalarim – Germaniyada mikrobiologiya va virusologiya yo’nalishida doktoranturada ilmiy faolyatimni davom ettirish va albatta O’zbekistonga qaytib, bu yerda olgan bilimlarimni, tajribamni mamlakatimiz taraqqiyoti uchun sarflash.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG