100 yil oldin AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan o’zgartirish bu mamlakat ayollariga ovoz berish huquqini kafolatlagan. 19-o’zgartirish, degan nom bilan tanilgan bu qonun.
Garchi ayollarning ovoz berish va boshqa huquqlari uchun kurash 1848-yildagi Seneka Fols Konvensiyasi bilan boshlangan bo’lsa-da, harakatlar 1920-yil 18-avgustga kelibgina yakuniga yetgan. Tennesi shtati eng oxirgi bo’lib, o’sha mashhur 19-o’zgartirishni ratifikatsiya qilgan.
Ovoz berish huquqi uchun kurashgan ayollarni amerikaliklar “Safrijet” (Suffragette) deb atashgan. Ingliz tilida “Suffrage” “ovoz berish” ma’nosini bildiradi.
“Hech qaysi erkak ayolni, agar o’zi shunga izn bermasa, boshqara olmaydi”. Syuzan Entoni
Safrijetlar turli belgilar tushirgan, o’zlarini temir yo’lga zanjirband qilgan, politsiyachilarga soyabonlar bilan hujum qilib, hukumat idoralari va do’konlarga bostirib kirgan, namoyishlar uyushtirgan.
Quyida Amerikada ayollarning huquqlari uchun kurashgan ba’zi safrijetlar bilan qisqacha tanishtiramiz.
Syuzan Entoni. Amerika Teng huquqlar assotsiatsiyasi hamda Ayollar Safrij milliy assotsiatsiyasini ta’sis etgan. 1872-yildagi prezidentlik saylovida ovoz berishga uringani uchun sudga tortilgan. U umrining oxirigacha ayollar huquqlari uchun kurashgan.
Elizabet Keydi Stenton. 1848-yildagi Seneka Fols konvensiyasining tashkilotchisi bo’lgan. Ayollarning ovoz berishi uchun kurashgan, xotin-qizlarni ta’lim olishga da’vat etgan.
Ida Vells. Qora tanli ayollar Milliy assotsiatsiyasining ta’sischilaridan biri. Qora tanli ayollarning huquqlari uchun ashaddiy kurashgan. “Memphis Free Speech and Headlight” nashrining tashkilotchilaridan biri bo’lgan bu ayol mamlakatda keng tarqalgan qora tanlilarni osish jinoyati haqida o’tkir, keskin maqolalar yozgan. Oq tanli safrijetlarni mana shu masalaga yetarlicha ahamiyat qilmagani uchun tanqid qilgan. Tahririyati oq tanlilar tomonidan buzib tashlangan. O‘zi esa qochishga majbur bo’lgan. Jasur ayol 2020-yilda afro-amerikaliklarning huquqlari haqidagi maqolalari uchun Pulitzer mukofoti bilan taqdirlandi.
Kerri Chapman Kat. Avvaliga Ayollar Safrij milliy assotsiatsiyasiga a’zo bo’lib kirgan, keyinchalik uni boshqargan.
Meybl Ping Hua Li asli xitoylik bo’lgan. Xitoyning Guanjou viloyatida tug’ilgan. Yoshligida oilasi bilan AQShga ko’chib kelgan. Ayollarning erkin va erkaklar bilan birday teng huquqli bo’lishini istagan Li Nyu-Yorkdagi safrij harakatlarini tashkillashtirishda o’rni katta bo’lgan. Ovoz berish huquqi qo’lga kiritilgandan keyin ham, xitoyliklar fuqarolikka olinmagani sababli, ayollarning ovoz berishi uchun kurashini davom ettirgan.
Adelina Otero Uorren kelib chiqishi ispaniyalik bo’lgan ayol o’zi yashagan ispanzabonlar makoni – Nyu-Meksikada ayollarning huquqlari uchun ashaddiy kurashgan.
Meri Cherch Terrill. Otasi bir paytlar qul bolgan Meri Cherch Terrill dugonasi osib o’ldirilgandan keyin safrij harakatiga qo’shilgan. Universitetda ta’lim olgan qora tanli ayol afro-amerikaliklarning huquqlari uchun fidokorona kurashgan.
Vilhelmayn Dovset Gavayi orollarining tub aholisi orasidan chiqqan. 1912-yilda Ayollarning ovoz berish huquqi Gavayi milliy assotsiatsiyasiga asos solgan.
Facebook Forum