Breaking News

Millionlab amerikaliklar ijara uyidan chiqarib yuborilishi mumkin


Pandemiya: ijara uyidan haydalayotgan amerikaliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:02 0:00

Koronavirus pandemiyasi olib kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli yil oxirigacha 40 millionga yaqin amerikalik ijara haqini to’lay olmagani uchun yashab turgan uyidan chiqarib yuborilishi mumkin. Mana shunday oilalarga yordam berish uchun qabul qilingan federal ko’mak dasturi o’tgan oy nihoyasiga yetdi. Qonunchilar yordam dasturini uzaytirish haqida hali bir qarorga kelgani yo’q. Bu esa yordamga muhtoj amerikaliklar ahvolini yanada og’irlashtirmoqda.

Pandemiya tufayli ishini yo’qotgan millionlab amerikaliklar endi yashab turgan uyini boy berish arafasida.

Tiana Koldvel buning nima ekanini yaxshi biladi. 2019-yil u ishini yo’qotib, saratonga qarshi davolanayotganda, butun oilasi blan ijarada turgan uyidan chiqarib yuborilgan.

“Hayotimiz yaxshi edi. Keyin saratonga yo’liqdim. Davolanayotganimda uyimizdan chiqarib yuborishdi. Juda yomon tajriba bo’ldi”, - deydi u.

Ishsiz va kunini zo’rg’a ko’rayotgan Tiana Missurining Kanzas-Siti shahrida faollar bilan uy-joy huquqi uchun namoyish o’tkazmoqda.

Pandemiya davrida mamlakatning boshqa hududlari kabi Missuri shtati ham uy-joy inqirozi bilan yuzlashdi.

Shtatda ijarachilarning qariyb 50 foizi to’lovlarni to’lay olmasligi tufayli uyidan haydab chiqarilishi mumkin.

“Pandemiyadan oldin ham Missuridagi o’n minglab ijarachilar daromadlarining 50 foizdan ko’pini ijara uchun sarflayotgan edi. Hozir esa yuz minglab odam ishsiz va ularning qarzi oshib boryapti. Ko’plab qashshoq va ishchi oilalar uchun ijarani qoplash imkonsiz holga keldi”, - deydi “KC Tenants” tashkiloti rahbari Tara Raguvir.

Ko’plab amerikaliklar federal va shtat hukumatidan moliyaviy yordam olyapti. Ammo ishsizlarga beriladigan haftalik 600 dollar yordam iyul oxirida to’xtatildi. Natijada millionlab odam ijara uyidan ayrilish xavfi bilan yuzlashmoqda.

“Odamlar biz ilgari hech qachon ko’rmagan inqirozga duch keldi”, - deydi Raguvir.

Uy-joy huquqi faollari hukumatdan ijara bo’yicha yordam berilishini talab qilmoqda. Prezident Donald Tramp ham shu masalaga e’tibor qaratdi.

8-avgust kuni o’tkazilgan matbuot anjumanida Prezident Tramp amerikaliklarning yashab turgan uyidan chiqarib yuborilishini to’xtatuvchi farmonga imzo chekkanini e’lon qildi.

Ammo ekspertlarga ko’ra, farmonning qanday ijro qilinishi mavhum qolmoqda.

Huquqshunos Jina Kiyalaga ko’ra, muammoning yechimi qonunchilar qo’lida.

“Hammamiz birlashib, Kongress bu masalada nimadir qilishi uchun kurashishimiz kerak. Faqat yaraning yuzini berkitmasdan, ham maosh, ham uy-joy muammosini doimiy hal qilishimiz lozim”, - deydi Kiyala.

Kiyala uy egalarini ham ijarachilarga imkon qadar yordam berishga chaqiradi.

Ammo ijaraga beriladigan uylarning 40 foizi o’rtahol oilalarga tegishli va ular ijara daromadidan voz kechishga tayyor bo’lmasligi mumkin.

“Jamiyatimiz misli ko’rilmagan bir davrni boshdan o’tkazmoqda. Uy egalaridan tinimsiz qo’ng’iroqlar olyapmiz. Ular nafaqar ijara daromadidan, balki uylaridan ham ajrab qolishdan xavotirda”, - deydi Mustaqil mulkdorlar assotsiatsiyasi prezidenti Treysi Benson.

Keysi Filips ijaraga berilgan uylaridan daromad qiladi. Ijarachilarimdan biri vaqtida to’lay olmayapti, deydi u.

“U yolg’iz ona. Hozirgi sharoitda uni chiqarib yuborishga vijdonim qiynaladi. Uch oy muddatga ijarasini 50 foizga kamaytirdim, qaytarishi shart emas. Ularni ham tushunish kerak”, - deydi u.

Tiana Koldvel ham shunday fikrda.

“Uydan chiqarib yuborishganda buni shaxsiy hujumdek qabul qildim. Qanday xato ish qildim, deb o’yladim. Menga g’amxo’rlik qilishni xohlagan oilamning aybi nimada?”, - deya so’raydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG