Bir-biriga tarixiy raqib bo’lgan Turkiya va Gretsiya O’rta yer dengizidagi suv hududlari ustida yana o’zaro ziddiyatga kirishmoqda. Afina da’vosiga ko’ra, Anqara neft va gaz zaxiralarini qidirib, Gretsiya orollariga tegishli hududlarga daxl qilmoqda.
Mojaroga Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi davlatlar ham qo’shilmoqda. Yevropa Ittifoqi Anqarani hududdan o’z kemalarini olib chiqib ketishga chaqirmoqda. Aks holda Turkiyaga qarshi iqtisodiy jazo choralari qo’llanishi mumkin.
Ehtimoliy urush
Agar Anqara va Afina harbiy to'qnashuvga kirishsa, bu tarixga "eng baxtsiz urush" sifatida kirishi mumkin, deya xavotir bildirmoqda tahlilchilar.
"Oddiy tasodif bilan Sharqiy O'rta yer dengizida to’qnashuv boshlanib ketishi mumkin", - deya ogohlantiradi “Carnegie Europe” tahlil markazi tahlilchisi Mark Pyerini.
Ba’zilarga ko’ra, mintaqada 1897-yilgi buyuk kuchlar to’qnashuvi yuzaga kelmoqda. O’shanda Turkiya va Gretsiya Krit orolini talashib, harbiy ixtilof boshlanishiga bir bahya qolgan edi. Yevropaning katta kuchlari aralashishi tufayli Krit usmoniylar ixtiyorida qolgan, ammo unga greklar boshqaruvidagi avtonomiya maqomi berilgan. 1913-yilda Gretsiya orolni rasman o’ziga qo’shib olgan.
Oradan bir asrdan ziyod vaqt o’tib, suvosti tabiiy zaxiralarini qidirayotgan Turkiya kemalarining yana Krit va boshqa grek orollari yaqiniga kelishi Afinaning keskin noroziligiga sabab bo’ldi.
G'arbiy davlatlar ehtimoliy to'qnashuvning oldini olishga urinmoqda. Fransiya hududga o’z harbiy kemalarini jo’natdi. AQShning “Hershel "Woody" Uilyams” harbiy kemasi ham O’rta yer dengiziga jo’natilgan.
Fransiya Italiya, Gretsiya va Kipr bilan mintaqada harbiy mashg’ulotlar boshladi.
Bu orada AQSh Prezidenti Donald Tramp Gretsiya va Turkiya rahbarlari bilan telefon orqali suhbatlashdi. Yevropa Ittifoqi Turkiyani sanksiyaga tortish masalasini ko’rib chiqmoqda.
"Biz Yvropa Ittifoqining manfaatlari hamda Gretsiya va Kipr bilan birdamlikni himoya qilishda qat'iymiz", - dedi Yevropa Ittifoqining Tashqi siyosat bo'yicha rahbari Jozep Borell.
"Biz haqiqiy muloqot maydonini saqlab qolish va shu bilan birga jamoaviy kuchni namoyon etish o'rtasidagi yo’ldan o’tishimiz kerak", - deya qo'shimcha qildi u.
Energiya bo'yicha nizo?
Afina ham, Anqara ham burg'ulash huquqi bo'yicha xalqaro qonunlar doirasida ish ko’rayotganini da’vo qilmoqda. Gretsiya va g'arbiy yevropaliklarga ko’ra, dengiz qonunlari Afina tomonida. Ular Turkiyani qaroqchilik va bezorilikda ayblamoqda. Bu orada Gretsiya va Turkiya o’z harbiy dengiz va havo kuchlarining ta’tilini bekor qilib, safarbarlik e’lon qilgan.
Turkiya o’z navbatida dushanba kuni Gretsiyani "qaroqchilikda" aybladi va Afinani Turkiya sohiliga yaqin orollarni harbiylashtirishdan tiyilishga chaqirdi. Gretsiya Kastellorizo oroliga shartnomalarga zid ravishda grek qo'shinlari joylashtirilayotgani haqidagi da’volarni rad etdi. Orol Turkiya sohilidan atigi ikki kilometr uzoqlikda joylashgan. Turkiyadagi hukmron partiya vakili Omer Chelikka ko’ra, "qurollarni Turkiya qirg'oqlariga qaratib qo'yish - bu ahmoqlik".
O'tgan hafta Gretsiya parlamenti Misr bilan tuzilgan dengiz shartnomasini ratifikatsiya qildi. Bu Turkiya Sharqiy O'rta Yer dengizida seysmik tadqiqot kemasi ishini davom ettirish va Kiprning shimoli-sharqiy qirg'og'ida o'q otish mashqlarini o'tkazish haqida qaror qabul qilishidan bir necha soat o’tib yuz berdi.
Afina-Qohira kelishuvi 2019-yilda yirik suv osti konlarini o’zlashtirish bo'yicha imzolangan Turkiya-Liviya kelishuviga javob sifatida ko’rilmoqda. Misr va Gretsiya o’zlariga qarashli eksklyuziv dengiz zonasida mavjud tabiiy resurslardan maksimal darajada foydalanishni ko’zlamoqda. Xuddi shunday bitim Italiya va Gretsiya o'rtasida ham imzolangan.
Dengiz chegaralari va O'rta yer dengizi sharqida burg'ulash huquqlari yuzasidan Turkiyaning Gretsiya va Kipr bilan kelishmovchiligi NATOdagi ittifoqdoshlari bilan mavjud yagona nizo emas. Suriyalik qochqinlar taqdiri, Suriyaning shimoliga va Liviyaga Turkiya askarlarining kiritilishi, Turkiyaning Rossiyadan havo mudofaa tizimini sotib olishi kabi masalalarda Anqara Yevropa Ittifoqi bilan kelisha olmayapti.
Ekspertlarga ko’ra, Rossiya va Eron gaziga qaram Turkiya, bir tomondan, energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga urinayotgan bo’lsa, boshqa tomondan, amaldagi hukumat tarixiy fath mavzularidan foydlangan holda o’z aholisining hissiyotlari bilan o’ynashmoqda.
"Ichki siyosiy maqsad yetarlicha aniq: dushman kuchlari qurshovida bo'lgan mamlakatda barqarorlikni faqat amaldagi rahbariyat saqlay oladi, degan qarashni singdirish", - deydi Pyerini.
Olov bilan o'ynashish
O'tgan hafta Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maasning Anqaraga tashrifi Afina-Anqara ziddiyatini yechishda biror natija bermadi. Germaniya tomonlarni O'rta yer dengizining sharqida harbiy-dengiz mashg'ulotlarini to'xtatishga chaqirdi.
"Shubhasiz, O'rta yer dengizining sharqida harbiy kemalar yuzma-yuz turganda tomonlar muzokara uchun stolga o'tirmaydi", - dedi Maas.
O'rta yer dengizi sharqida hozir "har qanday kichik uchqun falokatli yong’inga olib kelishi mumkin", - deya qo'shimcha qildi u.
Ba'zilar diplomatiya va kuchli harbiy signallarning o’zi Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’anni to’xtatish uchun kifoya qilmasligini aytmoqda. Erdog’an o’tgan hafta Afinaga "agar badalini to’lashga tayyor bo’lsang, kel va biz bilan yuzlash" deb do’q urdi.
Tarix saboqlari
Turkiya va Gretsiya bir-biriga azaliy dushman sanaladi. Usmoniylar imperiyasining sobiq koloniyasi bo’lgan Afina zamonaviy Turkiyani ham o’zi uchun tahdid sifatida ko’radi.
1919-1922-yillardagi Gretsiya-Turkiya urushi, Birinchi Jahon urushidan keyin Usmoniylar imperiyasini bo'lib olish paytida olib borilgan qatliomlar, pravoslav nasroniylarning Turkiyadan Gretsiyaga va musulmonlarning Gretsiyadan Turkiyaga surgun qilinishi, millionlab aholining ommaviy ko’chishi haligacha tomonlar yodidan ko’tarilgani yo’q.
Kuzatuvchilar O’rta yer dengizida paydo bo’lgan so’nggi mojaro mintaqadagi kuchlar o’rtasida yana qurolli ixtilofga aylanishi mumkinligidan xavotirda.
Facebook Forum