Breaking News

Turkiyaning dengizda neft va gaz qidirishi ziddiyatlarga sabab bo‘lyapti


Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an 21-avgust kuni televideniye orqali chiqishida Qora dengizda olib borilgan qidirish-burg‘ilash ishlari natijasida yirik gaz zaxirasi aniqlanganini ma’lum qildi.

Zonguldak viloyati sohillari yaqinidagi “Tuna-1” qudug‘ida topilgan ushbu zaxiraning miqdori 320 milliard kubometrga teng ekani aytildi va bu Turkiya tarixida eng yirigi hisoblanadi. Prezident Erdog‘an qidirish-burg‘ulash ishlari davom ettirilishini va bunda-da yirik zahiralar aniqlanishi kutilayotganini bildirdi.

O‘zbekistonlik geofizik-muhandis Shukurjon Islomovga ko‘ra, dunyoda oxirgi yillarda dengiz shelfida kon qidirish tendensiyasi avjiga chiqqan. Chunki quruqlikdagi zaxiralar razvedka qilib bo‘lingan deydi u.

“Tabiiy gaz zaxirasini aniqlashning geologik usullari mavjud. Yer ostidagi kon qanday yotqiziqlarda joylashganiga qarab uning ichidagi zaxira taxminan hisoblanadi. Turkiya topgan zaxira 320 milliard kubometr ekanligi aytilyapti, lekin buni aniq raqam deyish unchalik to‘g‘ri emas, bu taxminiy hisob-kitoblarga asoslangan. Turkiyada juda xursand bo‘lishdi bu xabardan, chunki o‘zlarida gaz yo‘q. Bilishimcha, Turkiya tabiiy gazni tashqaridan suyultirilgan holatda sotib oladi”, – deydi mutaxassis.

Darhaqiqat, Turkiya dunyodagi eng yirik tabiiy gaz importchilaridan biri (Germaniya, Yaponiya, Xitoy, AQSh va Italiyadan keyin) hisoblanadi. O‘tgan 2019-yilda Turkiya tashqaridan 45 milliard kubometr gaz sotib oldi va buning uchun 12 milliard dollar to‘ladi.

Shukurjon Islomov prezident Erdog‘anning Qora dengizdagi gazni 2023-yilda iste’molchilarga yetkazib berish boshlanishi haqidagi so‘zlarini izohlar ekan, bu ishni belgilangan muddatda amalga oshirish mumkinligini bildirdi. Buning uchun Turkiya zarur infratuzilmaga, imkoniyatga ega bo‘lishi zarur, deya tushuntirdi u.

Energetika bo‘yicha mutaxassis Mithat Rende Turkiya Qora dengizning boshqa nuqtalarida ham gaz konlarini topishga umid qilayotganini aytadi.

“E’lon qilingan zaxira Turkiyaning 7 yoki 7,5 yillik ehtiyoji uchun yetadi. Bu ma’lum bir muddat Turkiyaning gaz bo‘yicha tashqariga qaramligini kamaytirishi aniq. Qolaversa, qidiruv hududi ancha keng”, – deydi Rende.

Turkiyaning Qora dengizda neft va gaz qidirish ishlari muammosiz kechayotgan bo‘lsa-da, O‘rta dengizning sharqiy qismidagi harakatlari eng avvalo Gretsiya va Kiprning e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Ularning da’vosiga ko‘ra, Turkiya neft va gaz qidirish ishlarini Gretsiya va Kiprning dengiz yurisdiksiyasiga kiruvchi hududlarda olib boryapti. Anqara esa o‘z harakatlari xalqaro qonunlarga zid emasligini va muammoni hal qilish uchun muzokaralarga ochiqligini aytmoqda.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Gretsiya va Kiprni qo‘llab-quvvatlash borasida hamkfikr bo‘lsa-da, O‘rta dengizda Turkiya bilan ziddiyatga borish masalasida fikrlar turlicha. Xususan, Yevropa Ittifoqining ikki yirik a’zosi – Germaniya va Fransiya mazkur masalada yakdil emas, bu 20-avgust Parijda bo‘lib o‘tgan kansler Angela Merkel va Prezident Emmanuel Makron uchrashuvida ham yaqqol ko‘rindi. O‘rta dengizning sharqiy qismida vaziyat jiddiyligini ta’kidlagan Merkel mintaqada taranglikka emas, barqarorlikka ehtiyoj borligini aytdi.

“Biz muammolarning ziddiyatni kuchaytirish orqali emas, muloqot yo‘li bilan hal etilishi tarafdorimiz. Bu hamma tomonlar uchun tegishli”, – dedi u.

Gretsiya hukumati esa Turkiyaning eng yirik iqtisodiy hamkori Yevropa Ittifoqi ekanligini aytib, “shundoq ham iqtisodiyoti qiyin ahvolda bo‘lgan Turkiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llash orqali natijaga erishish”ni istayapti. Biroq Angela Merkel bunga rozi emas. Uning ta’kidlashicha, Anqara bilan qochqinlar, terrorizmga qarshi kurash va iqtisodiy masalalarda hamkorlik qilish zarur.

Fransiya bu mojaroda Gretsiya va Kiprni qo‘llab-quvvatlayapti va turk hukumatini tanqid qilyapti. Hatto Parij hududga ikki harbiy kemasini yubordi. Shundoq ham Parij va Anqara o‘rtasidagi aloqalar havas qilgudek emas. Fransiya Suriyada kurdlarning Demokratik ittifoq partiyasini (PYD), Liviyada esa general Xalifa Haftarni qo‘llab-quvvatlayapti.

Anqara esa kurdlarning partiyasini terrorchi tashkilot, Haftarni esa isyonchi deb hisoblaydi. Bundan tashqari, Parij 1915-yilda, usmoniylar davrida yuz bergan “armanlar genotsidi” masalasida armanlarning yonini olib, Anqaraning jahlini chiqargan. Ana endi ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlar orasiga Sharqiy O‘rtayer masalasi ham qo‘shildi.

Fransiyaning Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Didiyer Billion Prezident Makronning siyosatini tanqid qildi. Ham muloqotga chaqirib, ham harbiy kemalarni jo‘natish to‘g‘ri emas, taranglikni bu taxlit kamaytirib bo‘lmaydi, deydi u.

“Makron har qanday imkoniyatdan foydalangan holda Turkiyani voz kechishga majbur qilmoqchi. Livan masalasida ham, Turkiya masalasida ham bir xil xatoni takrorlayapti. Makron bu muammolarni bir o‘zi hal qila olishiga ishonyapti va Yevropa Ittifoqidan alohida harakat qilyapti. Sharqiy O‘rta dengiz va Liviya masalasidagi xatosi shuki, dunyoga saboq berish va xaloskor rolini ijro etish orqali o‘sha hududlardagi muammolarni yechishiga ishonishi”, – deydi Billion.

O‘rta dengizning sharqiy qismidagi vaziyatga NATO va AQSh ham befarq emas. Harbiy alyans va Vashington mintaqadagi muammo muzokaralar orqali hal etilishi tarafdori. Amerikalik ikki senator – Bob Menendez va Kris Van Xollen esa Davlat kotibi Mayk Pompeoga maktub yo‘llab, Turkiyani Sharqiy O‘rtayerdagi harakatlari uchun ogohlantirishga va unga nisbatan sanksiya qo‘llashga chaqirdi. Senatorlarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp Anqaradan qidiruv kemalarini O‘rta dengizdan olib chiqishini talab qilishi zarur, chunki Turkiya neft va gazni o‘ziga tegishli bo‘lmaygan joylarda qidiryapti.

Sentabr oyida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlarining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tishi kutuilmoqda. Unda O‘rta dengizdagi vaziyat va Turkiyaga nisbatan qanday chora qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG