Ukraina, Gruziya va Ruminiya Rossiyani agressiv harakatlardan tiyish uchun Qo’shma Shtatlar va NATOni Qora dengizga e’tiborni oshirishga undamoqda.
Dengiz bilan chegaradosh uch mamlakat diplomatlari Yaqin Sharq institutida kechgan davra suhbatida o’z xavotirlarini bayon qildi.
Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq chorrahasidagi Qora dengiz uchun kurash asrlar osha davom etgan, deya qayd etdi Ukrainaning AQShdagi elchisi Vladimir Yelchenko. Yaqin o’tmishda Rossiya 2008-yilda Gruziya, 2014-yilda Ukraina hududlarini bosib olib, strategik suvlarda o’z nazoratini kuchaytirgan.
“Biz yakka o’zimiz Rossiyaga bas kela olmaymiz”, - deya tan oladi Yelchenko.
Uning qatorida Gruziyaning AQShdagi elchisi David Bakradze ham AQShni mintaqada o’z mavqeini mustahkamlashga va ittifoqchilariga yordamni oshirishga chaqirdi.
Vashingtondagi “Heritage” tahlil markazi tadqiqotchisi Lyuk Koffining qayd etishicha, 2014-yilda Qrim inqirozidan so’ng AQSh va NATOning Qora dengizdagi faolligi keskin oshgan edi, lekin hozirda bunday emas.
“Qora dengizni zabt etish uchun dunyoning eng yirik imperiyalari kurashgan. Tarixan, Yevrosiyo mintaqasidagi geosiyosiy va iqtisodiy jihatdan eng muhim joylardan biri bo’lib kelgan”, deyiladi Koffining avvalroq chop etilgan maqolasida.
Dengiz tubidan neft va gaz quvurlari, optik tolali kabellar o’tgan. Har kuni yuzlab kemalar odamlar va mahsulotlarni olib o’tadi, deydi mutaxassis.
Rossiya uchun bu dengiz Suvaysh kanali, O’rta dengiz va boshqa strategik nuqtalarga olib boradigan darvoza hamdir.
Lyuk Koffi fikricha, NATO bu mintaqada doimiy ravishda hozir bo’lishi darkor.
“Qora dengizda har kuni alyansning kamida bir kemasi bo’lishi kerak”, - deydi u.
Biroq Koffi byudjet asosan pandemiya bilan kurashga qaratilgan hozirgi sharoitda dengizda kuchaytirilgan tartibda ish borish uchun NATO mamlakatlarida kemalar yetmasligi, siyosiy iroda ham bo’lmasligi mumkinligini qayd etadi.
Yechimlardan biri, deydi u, masalaga kengroq nuqtai nazar bilan qarab, region davlatlarining AQSh va NATO bilan ittifoqchilikka bo’lgan qiziqishi va g’ayratini hisobga olgan holda yondashish lozim.
Qora dengiz bilan chegaradosh davlatlar orasida NATOning eng faol a’zosi Ruminiya bo’lsa, regionda Rossiyadan keyin eng katta harbiy-dengiz kuchlariga ega davlat Turkiyadir.
Hech bir regional tashabbus Anqaraning quvvatlovisiz samara bermaydi - Gruziya, Ruminiya va Ukraina elchilari bu borada hamfikr. “Turkiya faolroq bo’lishini istardik”, - deydi Ruminiyaning Vashingtondagi elchisi Jorj Mayor.
Ruminiya, uning so’zlariga ko’ra, regionda AQSh harbiy hozirligini oshirish uchun Pentagon bilan astoydil va izchil ishlab kelmoqda. Quruqlikda ham, dengizda ham.
Facebook Forum