Breaking News

O’zbekiston-Qirg’iziston chegarasi ochildi: odamlar qanday o'tyapti?


O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi ochildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:43 0:00

O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi ochildi

Marhamatxon opa asli oʻzbekistonlik. U Qirgʻizistonga 40 yil avval kelin boʻlib tushgan. Yaqinda onasi vafot etgan, ammo chegaralar yopiq boʻlgani sabab soʻnggi vidolashuvga ham bora olmagan edi.

Endi, chegaralarning ochilishi bilan u ona yurtiga yoʻl oldi.

2-sentabrdan boshlab Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻtkazish punktlarida fuqarolarning va transportlarning kirib-chiqishiga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilindi. Chegaralar joriy yilning 16-martida koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida yopilgan edi.

Endi oʻzbekistonliklar Qirgʻizistonga va qirgʻizistonliklar Oʻzbekiston hududiga odatiy tartibda, fuqarolik pasportini koʻrsatib oʻta oladi. Faqat sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilish lozim.

Bu haqda Qirgʻizistonning “Doʻstlik” chegara nazorat-oʻtkazish punkti yetakchisi jurnalistlarga bergan intervyusida bildirdi.

“Chegara bekatidan oʻtayotganlar qaysi davlatning fuqarosi ekaniga qaramay sanitariya karantin nazoratidan oʻtkazilmoqda. Hozirgi vaqtda yoʻlovchilar termometriya orqali tana harorati oʻlchangandan keyin oʻtkazilmoqda. Agar fuqarolarda tana harorati yuqori boʻlib, kasallik alomatlari sezilsa, Oʻzbekiston fuqarolari ortga qaytariladi. Agar Qirgʻiziston fuqarosida asoratlar aniqlansa tez yordam chaqirilib, observatsiyaga olib ketiladi”, - dedi mayor Supatay Ismanaliyev.

Rasmiy maʼlumotda bugundan boshlab Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi “Doʻstlik”, «Qizilqiya», «Qadamjoy», “Madaniyat” va «Baymaq» chegara bekatlaridan piyodalar uchun, transportlar uchun esa «Qadamjoy», “Doʻstlik” va «Qizilqiya» bekatlari ochiq ekani aytilgan.

Maʼlumotga koʻra, Qirgʻizistondan Oʻzbekistonga chiqqan va Qirgʻiziston hududidagina boʻlib kelgan Oʻzbekiston fuqarolari respublikaga qaytib kelayotganda karantin nazoratiga olinmaydi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan oʻzbekistonliklar ham bu rasmiy maʼlumotlarni tasdiqlab, chegaradan oʻtishda hech qanday muammolarga duch kelishmaganini aytdi.

1-sentabrdan boshlab Oʻzbekiston COVID-19 boʻyicha epidemiologik vaziyati barqarorlashgan mamlakatlar roʻyxatiga kirgan.

Bugungi kunda Qirgʻiziston Oʻzbekistondan tashqari 31 davlat fuqarolari uchun oʻz chegaralarini ochdi. Bular: Rossiya, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Turkmaniston, Belgiya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Irlandiya, Islandiya, Italiya, Latviya, Litva, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Portugaliya, Turkiya, Shveysariya, Shvetsiya, Qatar, BAA, XXR, Malayziya, Janubiy Koreya, Pokiston, Sloveniya, Kuvayt va Yaponiya.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG