Breaking News

Turkiya sudi Abdulqodir Masharipovni misli ko'rilmagan darajadagi jazolarga loyiq deb topdi


Sud materiallariga ko‘ra, Abdulqodir Masharipov Istanbulning Beshiktosh tumanida joylashgan “Reina” tungi klubida ommaviy qotillikni amalga oshirgan
Sud materiallariga ko‘ra, Abdulqodir Masharipov Istanbulning Beshiktosh tumanida joylashgan “Reina” tungi klubida ommaviy qotillikni amalga oshirgan

7-sentabr kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi 27-sonli O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sudda o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov ustidan hukm o‘qildi. Konstitutsion tuzumni yo‘q qilishga urinish va 39 kishini qasddan o‘ldirishda aybdor deb topilgan sudlanuvchiga 40 ta ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, Masharipov 79 kishini o‘ldirishga urinishda ham aybdor deb sanalib, 1368 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Rusxatnomaga ega bo‘lmay turib qurol olib yurgani uchun esa 375 ming lira (taxminan 50 103 AQSh dollari) jarimaga tortildi. Suq qaroriga binoan tayinlangan bu jazolar qat’iy bo‘lib, yumshatishga ruxsat etilmaydi.

Bundan tashqari, mazkur jinoyat ishi doirasida Ilyos Mamasharipov “Reina” tungi klubiga hujum uyushtirishga, 39 kishini o‘ldirishga va 79 kishini o‘ldirishga urinishga yordamlashishda aybdor deb topilib, 1432 yilga qamaldi.

Abdulqodir Masharipovning rafiqasi Zarina Nurullayeva va Masharipovga terakt uchun ko‘rsatma bergan “Abu Jihod” laqabli Yasir Muhammad Radaunga, jami 12 kishining har biriga 12 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Sud qaroriga muvofiq 11 kishi oqlandi.

Turkiyaning Karabuk universitetida ilmiy tadqiqot olib borayotgan Fazliddin Ma’diyev deydiki, jinoyatchilarga bunchalik og‘ir jazo beririlishi Turkiyada kamdan kam uchraydigan holat.

Abdulqodir Masharipov ishi O‘zbekiston uchun noxush voqea, deydi Ma'diyev.

“Bu voqea matbuotda bot-bot tilga olinaversa, mahalliy aholida O‘zbekiston va Turkiyadagi o‘zbeklar haqida salbiy tasavvurlar paydo bo‘lishi ham mumkin”, – deydi tadqiqotchi.

Sud materiallariga ko‘ra, Masharipov Istanbulning Beshiktosh tumanida joylashgan “Reina” tungi klubida ommaviy qotillikni amalga oshirgan. U 2017-yilning 1-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 01:15 da klubga kirib, odamlarga qarata avtomatdan o‘t ochgan. Oqibatda turli davlatlarning fuqarolari halok bo‘lgan va yaralangan.

O‘shanda “Reina” klubiga hujumni "Islomiy davlat" o‘z zimmasiga olgan edi.

Joriy yilning 1 va 2-sentabr kunlari Turkiyaning Istanbul, Adana, G‘oziantep va Xatay shaharlarida xavfsizlik kuchlari o‘tkazgan maxsus operatsiyada "Islomiy davlat" a’zolari deya gumon qilingan shaxslar ushlandi.

“Ozodlik” xabariga ko‘ra, ularning orasida kamida yigirma kishi O‘zbekiston fuqarosi. Ma’lum bo‘lishicha, 31-avgust kuni bu to'daning Turkiyadagi “amiri” deb hisoblangan Mahmud O‘zdan qo‘lga olinganida, unga tegishli kompyuter va boshqa jihozlardan Turkiyadagi o‘zbek va tojiklarning ismlari va yashash manzillarining ro‘yxati chiqqan. Qo‘lgan olingan o‘zbekistonlik va tojikistonliklar haqida Toshkent va Dushanbega xabar berilgan.

O‘zbekistondagi madrasalardan birida dars beradigan, ismi ochiqlanishini istamagan o‘qituvchi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, o‘zbekistonliklarning turli radikal ve terrorchi guruhlarga qo‘shilib ketganiga asosiy sabab sifatida xalq orasida diniy savodsizlik yuqori ekani.

Uning fikricha, O‘zbekistonda diniy savodni oshirish uchun yetarli darajada imkonyat mavjud emas. Shunday ekan, noto‘g‘ri ta’limotlarga aralashib qolganlardan ajablanmaslik kerak, deya tushuntiradi suhbatdosh.

“Islom Karimov davrida dinni muayyan qolipga solishga urinishdi. Buning oqibatida “Karimov dini” degan ibora ham paydo bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev paytiga kelib, dinga nisbatan siyosat nisbatan yumshadi, lekin tub o‘zgarishlar yo‘q", – deydi u.

"Yangi hukumat davrida ikkita yangi (diniy) institut, bitta madrasa va 10-15 ta madrasa ochildi, lekin bular xalq uchun yetarli emas. Masjid-madrasalar qoshida Qur’on kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi. Ikki yilcha ishlagandan keyin ular yopilib ketdi. Oliy madrasa va ma’hadda kvota juda oz, masalan, qizlarga atigi o‘nta o‘rin berilgan. Diniy kitoblarni chop ettirish ham oson emas. Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin bu borada cheklovlar yumshaganday bo‘lgandi. To‘g‘ri, ahvol avvalgiday og‘ir emas, lekin mualliflar qaysi mavzuda kitob yozsam, nashr etishga ruxsat tegadi deb o‘ylanadigan bo‘lib qolgan. Din ishlari qo‘mitasidagilar ham, Musulmonlar idorasida ishladiganlar ham qolipga tushib qolgan, na o‘zlari ishlaydi, na boshqalarni ishlagani qo‘yadi”.

Tadqiqtochi Fazliddin Ma’diyevning fikricha ham o‘zbekistonliklarning xorijdagi turli radikal va terrorchi guruhlarga aralashib qolishi mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov davrida diniy siyosatning noto‘g‘ri shakllangani bilan bog'liq.

“Bunday holatlarning ildizi 90-yillarning boshiga borib taqaladi. Hukumat mamlakatdagi har xil kuchlar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnata olmadi. Ayni paytda bu holat hukumat uchun o‘sha kuchlar timsolida dushman yaralishiga ham olib keldi. Hukumatning tazyiqi ortgani sari ayrim guruhlarning radikallashuvi orta bordi. Ular o‘zlariga chetdan homiylar topdi va a’zolari tashqariga yo‘nala boshladi”, – deydi Ma’diyev.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG