Breaking News

Global koalitsiya Xitoydagi huquq buzilishlariga dunyo e'tiborini qaratmoqda


Gonkongliklar uyg'urlar huquqlarini himoya qilib namoyish o'tkazmoqda, 2019-yil, 22-dekabr
Gonkongliklar uyg'urlar huquqlarini himoya qilib namoyish o'tkazmoqda, 2019-yil, 22-dekabr

60 mamlakatning 321 fuqarolik jamiyati guruhlaridan tashkil topgan global koalitsiya inson huquqlari buzilishi yuzasidan Xitoyni ko'proq siquvga olishga chaqirmoqda. Koalitsiya Inson huquqlari bo'yicha BMT kengashining kelgusi hafta bo'lib o'tadigan yig’inida Xitoyning jazosiz qolishiga chek qo’yishni talab qilmoqchi.

Guruh BMT Bosh kotibi va BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy Komissariga ochiq xat yo’llagan. Maktub mualliflari xalqaro hamjamiyatdan Gonkong, Tibet va Shinjon viloyatida Xitoy tomonidan keng tarqalgan huquq buzilishlariga e’tibor qaratishni so’raydi.

“Human Rights Watch” tashkilotining Xitoy bo'yicha direktori Sofi Richardsonning aytishicha, Xitoy ichida va tashqarisida sodir etilgan qonunbuzarliklar shu qadar kattaki, ular BMT Inson huquqlari kengashidan yangicha javob berilishini talab qiladi.

"Xitoy hukumati millionlab odamlarni millatiga qarab ommaviy hibsga olishni davom ettirishi jiddiy javobgarlikka olib kelishini anglab yetishi lozim", - dedi Richardson.

Xabarlarga ko'ra, asosan, musulmon uyg'urlardan iborat bir million odam Shinjonda majburan qayta tarbiyalash lagerlariga tashlangan.

Koalitsiya bayonotida Xitoy BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi vakolatlarini buzishda ham ayblanadi. Unda aytilishicha, Xitoy repressiyaga qarshi o’z huquqini talab qilgan faollarni quvg'in qilishda davom etmoqda. Pekindagi hukumat Xitoyda va dunyo bo’ylab bu jinoyatlarni fosh etishni maqsad qilgan tashabbuslarni to’xtatishga urinmoqda, deyiladi bayonotda.

Xitoy hukumati BMTning inson huquqlariga doir hisobotini rad etib, uni mamlakat ichki ishlariga "qo'pol aralashuv" deya baholadi.

“Human Rights Watch”ning Jenevadagi direktori Jon Fisherning aytishicha, BMT huquqlar buzilishi yuzasidan Xitoyni javobgarlikka tortishga chaqirayotgan xalqaro tashabbuslarga qo’shilishi kerak.

"Ushbu murojaatda turli mamlakatlarning ko’pab nodavlat tashkilotlari nafaqat Xitoydagi inson huquqlari buzilishidan o’z xavotirini bildiryapti, balki bu ishlarning global ta’sirini ham aks ettirmoqda”, - dedi Fisher.

Global koalitsiya Inson huquqlari bo'yicha BMT kengashini Xitoy hukumati amalga oshirgan huquq buzilishlari ko’lamini o’rganish uchun maxsus sessiya o’tkazishga chaqirmoqda. Shuningdek, inson huquqlari bo’yicha Xitoydagi vaziyatni muntazam kuzatib, hisobot beradigan alohida BMT mexanizmini yaratish taklif qilingan.

BMT Xitoy hukumatini inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarini so’zsiz bajarishga chaqirishi kerak, deyiladi koalitsiya chaqirig’ida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG