AQSh apellyatsiya sudi yuz minglab muhojirlarning gumanitar asosda AQShda qolishiga ruxsat beruvchi tartibni tugatishga oid Tramp ma’muriyati qarori qonuniy ekani haqida hukm chiqardi.
Kaliforniya shtatida joylashgan 9-AQSh Apellyatsiya sudi "Vaqtinchalik himoya maqomi" (TPS) deb nomlangan jarayonni bosqichma-bosqich tugatish haqidagi Tramp qarorini to’xtatib qo’ygan quyi sud hukmini bekor qildi. Bu tartib asosida Salvador, Gaiti, Nikaragua, Sudan kabi bir qator mamlakatlardan kelgan muhojirlar AQShda uzoq yillardan beri yashab keladi.
Apellyatsiya sudi qaroriga ko’ra, “TPS” asosida yashab kelayotgan muhojirlar martgacha AQShdan chiqib ketishi yoki qonuniy ravishda qolishning boshqa yo’lini topishi kerak.
Respublikachilarning sobiq prezidenti Jorj Bush tomonidan tayinlangan sudya Konsuelo Kallaxan sud hukmi uchun yozgan 54 betli izohda aytilishicha, Trump ma'muriyatining himoya choralarini bekor qilish to'g'risidagi qarorini qayta ko'rib chiqish uchuh huquqiy asos mavjud emas va shu sababli bu qarorning quyi sud tomonidan to’xtatib qo’yilishi asossiz.
Kallaxan da'vogarlarning oq tanli va yevropalik bo'lmagan muhojirlarga nisbatan Trump ilgari qo’llagan ayirmachilik siyosati TPS qarorlariga ta'sir qilgani haqidagi da'voni ham rad etdi.
"Biz prezidentning haqoratli va kamsituvchi so’zlarini qoralagan holda aytamizki, ushbu bayonotlar TPSga oid qarorlarga aloqasi bo’lmagan kontekstlarda sodir bo’lgan", - deb yozadi sudya Kallaxan.
Da'vogarlar vakili, Janubiy Kaliforniyadagi Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi advokati Axilan Arulanantamga ko’ra, sud qarorida "jiddiy nuqsonlar" bor. Ishni AQSh Oliy sudigacha olib boramiz, dedi advokat.
Tramp immigratsiyani cheklash siyosatini prezidentligi davomida va qayta saylanish kampaniyasida asosiy yutuqlaridan biri sifatida taqdim etadi.
TPS mamlakatida tabiiy ofat, qurolli to'qnashuv yoki boshqa g'ayrioddiy hodisalarni boshdan kechirgan chet elliklarga Qo'shma Shtatlarda qolishga va ishlash uchun ruxsat olishga imkon beradi. Ammo bu maqom vaqti-vaqti bilan yangilab turilishi kerak. Uni olti oydan 18 oygacha uzaytirish mumkin.
Tramp ma'muriyati ushbu dasturdagi aksariyat mamlakatlar tegishli ofatlar yoki mojarolardan xalos bo'lganini, shu bilan birga, ushbu maqomdan ko’plab muhojirlar uzoq yillardan beri foydalanib kelayotganini aytadi.
Prezidentlik saylovida Trampning raqibi demokrat Jo Baydenga ko’ra, TPSni bekor qilish bo’yicha Tramp qarori "siyosiy asosga ega”. U muhojirlarni xavfli mamlakatlarga qaytarilishdan himoya qilishini aytadi.
Salvadordan kelgan muhojirlar TPS himoyasini oluvchilarning eng katta guruhini tashkil etadi. Raqamlarga ko’ra, 263 ming nafar salvadorlik ushbu dasturdan foydalanadi.
Facebook Forum