Breaking News

Tramp: Saylovda yutqazsam, nima bo'lishini ko'ramiz


Prezident Donald Tramp, agar 3-noyabrdagi saylovda demokrat raqibi Jo Baydenga yutqazsa, hokimiyatni tinch yo’l bilan topshiraman, deyishdan bosh tortmoqda.

“Nima bo’lishini ko’ramiz. Byulletenlar xususida shikoyat qilib kelayapman, byulletenlar - ofat”, - dedi AQSh rahbari Oq uyda o’tgan matbuot anjumanida.

Tramp, hech qanday dalilsiz, pochta orqali yuboriladigan millionlab saylov byulletenlari soxtalashtirilishini da’vo qilmoqda. Pandemiya davrida aksar shtatlar fuqarolarni pochta orqali ovoz berishga undayapti.

Trampning ushbu bayonotiga Bayden shunday izoh berdi:

“Qanday davlatmiz o’zi? Trampdan eng mantiqsiz gaplar chiqadi. Nima deyishni bilmaydi odam”.

Bir necha soat o’tib, Oq uy so’zlovchisi Tramp “erkin va adolatli saylov” natijasini tan oladi, deya aniqlik kiritdi.

Prezidentning partiyadoshlari uning gaplaridan norozi ekanini bildirmoqda.

“Hokimiyat tinch yo’l bilan almashishi – demokratiya asosi. Mana, Belarusga qarang. Prezident ushbu konstitutsiyaviy kafolatni hurmat qilmasligi aqlga sig’maydi va buni qabul qilib bo’lmaydi”, - deya yozdi Twitterda senator Mitt Romni.

2012-yilda prezidentlikka nomzod bo’lgan Romni Trampni onda-sonda tanqidga oladigan kam sonli respublikachilardan biridir.

Partiyaning boshqa yetakchilari ham tanqidga qo’shildi.

“3-noyabr saylovlari g’olibi 20-yanvarda qasamyod keltiradi. 1792-yildan beri bo’lgani kabi hokimiyat tartibli ravishda almashadi”, - deydi Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel.

Vakillar palatasining Razvedka qo’mitasi rahbari Adam Shiff esa Tramp ma’muriyatida xizmat qilayotganlarni iste’foga chiqishga chaqirdi.

Amerika Fuqaro erkinliklari uyushmasi bayonotiga ko’ra, hokimiyat tinch yo’l bilan almashishi demokratiya ustunlaridan biri bo’lib, prezidentning bunday gaplari har bir amerikalikni xavotirga solishi kerak.

Prezident Tramp fikricha, bo’lajak saylov natijasi Oliy sudda ko’rilishi mumkin va shu bois ushbu organda 9 sudya bo’lishi muhim. Sud a’zosi Rut Ginsburg vafot etishi ketidan Tramp uning o’rniga yangi sudya tayinlashi kutilmoqda.

Agar nomzod Senat tasdig’idan o’tsa, Oliy sudda konservativ a’zolar 6-3 hisobda ustunlikni qo’lga kiritadi.

“Demokratlar [saylovda] hiyla-nayrang qollaydi va bu ish Oliy sudgacha boradi. Sakkiz sudya bo’lishi yaxshi emas”, - deydi Tramp.

Qator shtatlar, jumladan Kaliforniya, Kolorado, Gavayi, Nevada, Nyu-Jersi, Oregon, Yuta, Vermont va Vashington avtomatik ravishda o’z aholisiga pochta orqali ovoz berishni taklif etayotgani yuzasidan prezident o’z xavotirini bildirib kelmoqda.

Saylov masalalari bo’yicha respublikachi advokat Benyamin Ginsbergga ko’ra, Trampning saylovda firibgarlik bo’lishi haqidagi da’volari asossiz.

“Prezident va partiyadoshlarining gaplarida samimiy tashvish sezilmaydi. Aksincha, bu saylovda ustunlikni ta’minlashga qaratilgan ikkiyuzlamachilikka o’xshaydi. Respublikachilar oddiy haqiqatni tan olishi kerak – 40 yillik chuqur tekshiruvlar saylovda soxtalashtirish hollari juda kam uchrashini ko’rsatgan”, - deydi Ginsberg o’z maqolasida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG