Britaniyada ko’plab rossiyaliklar yashaydi. Ular orasida Kremlning dushmanlari ham, do’stlari ham ko’p. Ularni bu yerdagi hayot tarzi, savdo do’konlari, banklari va tomir yozgan rossiyaliklar jamiyati o’ziga jalb etadi. Ammo Rossiya rejimidan qochib G’arbdan panoh topgan ba’zi muxolif ovozlar shu yerda ham Kreml tazyiqidan qutila olgani yo’q.
Sobiq diplomat va Rossiya bo’yicha ekspert Iyn Bondning aytishicha, London azaldan rossiyaliklarni o’ziga jalb qilib keladi.
“Bu yerda siz qo’shilib ketishingiz mumkin bo’lgan jamoa bor. Rus tilida ikkita gazeta chiqadi, rus cherkovlari, maktablari bor”, - deydi u.
Ammo bu yerda yashash har doim ham xavfsiz emas. Putin tanqidchisi Aleksandr Litvinenko 2006-yil Londonda zaharlanishdan vafot etdi. Britaniyaga ko’ra, bu ish ortida Rossiya hukumati turibdi.
2018-yil Rossiyaning sobiq josusi Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Rossiya hukumati tomonidan ishlab chiqarilgan “Novichok” moddasi bilan zaharlandi. Ular tirik qoldi, ammo zaharga tasodifan yo’liqib qolgan boshqa bir ayol halok bo’ldi.
Sobiq chechen qo’mondoni Zelimxon Xangoshvili 2019-yil Berlindagi parkda otib ketildi. Germaniya bu ishda ham Kremlni aybladi.
Moskva ayblovlarni rad etadi. Ammo tahlilchilarga ko’ra, so’nggi 20 yil ichida Yevropada Rossiyaning tanqidchisi bo’lgan faollarning o’limi ko’p yuz bermoqda.
“Ba’zi Yevropa mamlakatlarida, agar ruslar ruslarni o’ldirayotgan bo’lsa, bunga e’tibor bermaganimiz ma’qul, degan qarash ham bor”, - deydi Bond.
Rossiya muxolifatining taniqli namoyandasi Aleksey Navalniy ham Sibirda “Novichok” bilan zaharlangani aytilmoqda. U keyinroq davolanish uchun Berlinga olib kelindi.
Moliyachi Bil Brauder G’arb davlatlarini Kreml rasmiylariga qarshi “Magnitskiy qonuni”ni qabul qilishga chaqirib keladi. 2009-yil uning advokati Sergey Magnitskiy Rossiya qamoqxonasida o’ldirilgan edi.
“Putin siyosiy muxolifini kimyoviy qurol bilan zaharladi. Shuning o’zi unga qarshi ulkan va jazolovchi oqibatlarni keltirib chiqarishi kerak edi. Ammo bundan darak yo’q”, - deydi Brauder.
Uning aytishicha, Yevropa qo’lida Putin va oligarxlarga qarshi ta’sir ko’rsatish imkoniyati bor.
“Bu odamlarning barchasi Fransiya janubida villalarga ega. Shveysariya, Parij va Londonda bank hisoblari bor. Ularga tegishni, yovuzlikka qo’l urishlaridan oldin ikki marta o’ylashga majbur qilishni xohlasangiz, ular ardoqlaydigan narsalarning payiga tushing. Buning kaliti Yevropa Ittifoqida”, - deydi Brauder.
Navalniyning zaharlanishi ortidan Germaniya Yevropa Ittifoqini Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo’llashga chaqirdi. Ammo bir a’zo veto kiritsa ham, bu haqda qaror qabul qilish imkonsiz.
“Har doim kimdir Putinga xayrixohlik qiladi. Shu bois Yevropa Ittifoqi samarali ishlay olmaydi”, - deydi Brauder.
Germaniya o’z navbatida ikkiyuzlamachilikda ayblanmoqda. Chunki u Rossiya gazini tashuvchi “Nord Steam 2” quvurlari qurilishining davom etishini istayapti. Tanqidchilarga ko’ra, bu loyiha Kremlni boyitishga xizmat qiladi.
“Uni bekor qilish bo’yicha Angela Merkelga qo’yilayotgan bosim har qachongidan ham katta”, - deydi Iyn Bond.
Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti ekspertlari o’tkazgan tahlil Navalniyning “Novichok”dan zaharlanganini aniqlandi. Avvalroq, agar bu tasdiqlansa, Berlin Moskvaga qarshi keskinroq choralar ko’rishga va’da bergan edi.
Facebook Forum