Breaking News

AQSh Bobomurod Abdullayevga qarshi ish yopilganini olqishladi


Bobomurod Abdullayev, Toshkent, 23-oktabr, 2020
Bobomurod Abdullayev, Toshkent, 23-oktabr, 2020

O'zbekistonda jurnalist va sobiq siyosiy mahbus Bobomurod Abdullayev ustidan tekshiruv yakunlanib, unga nisbatan gumonlar va shu paytgacha ochiqlanmagan ayblovlar bekor qilingan. Ichki ishlar vazirligi tomonidan unga xorijga chiqish pasporti topshirilgan.

Abdullayev ishi bo'yicha xavotir bildirgan AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum bu qarorni olqishlamoqda.

"Prezident Mirziyoyev tez-tez tilga olganidek, mustaqil matbuot demokratiya ravnaqi uchun nihoyatda muhim va jurnalistlar faoliyati mutlaq himoya qilinishi lozim", - deya yozdi Amerika elchisi o'zining "Twitter" sahifasida.

Bobomud Abdullayevning o'zi bu borada "Facebook" orqali e'lon qilar ekan, unga tergov bilan bog'liq deya olib qo'yilgan narsalar qaytarilishi ham aytdi. Jurnalist bu yangilikni 2018-yilda sud zalidan ozod etilganidagi quvonch bilan qiyoslamoqda. Mazkur masala bilan mana bu yerda batafsil tanishish mumkin.

Abdullayev shu yilning avgust oyida Bishkekda Qirg'izistonda organlari tomonidan ushlanib, O'zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi.

Toshkentga olib kelinganidan keyin bir necha soat ichida qo'yib yuborilgan Abdullayev shu haftagacha tekshiruv va nazorat ostida edi. U aynan nimada gumon qilinayotgani va rasman biror ayblov qo'yilgani yoki qo'yilmagani borasida bu ish bilan shug'ullangan Davlat xavfsizlik xizmati hech qanday bayonot bermagan.

Biroq bu masala bilan tanish manbalar va xususan Abdullayevning o'zi uni Qora Mergan taxallusi ostida prezident va tuzumga qarshi yozayotganlikda ayblashayotgani haqida aytgan edi.

Qora Mergan "Telegram" orqali bu kanalning Abdullayev bilan umuman aloqasi yo'qligini yozgan. Jurnalist hibsda bo'lgan paytda ham bu sahifada postlar davom etgan.

Xalqaro tashkilotlar, huquq himoyachilari va G'arb hukumatlari Abdullayev ishi yuzasidan adolat va oshkoralikka chaqirgan edi.

Yaqinda Abdullayev Toshkentda unga yangi uch xonali kvartira berilgani va bu Prezident Mirziyoyevdan sovg'a ekanini "Facebook" video orqali e'lon qilgan edi.

Jurnalist O'zbekiston rahbariga ishonishini aytib keladi. Uning fikricha, Prezident Mirziyoyev erkinlik tarafdori, xususan matbuot erkinligi, ya'ni jurnalistlar va blogerlarning bemalol faoliyat yuritishi uchun imkoniyat yaratilishini xohlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG