O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Toshkentda Afg'oniston Milliy birdamlik oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla bilan Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qilgan.
10-noyabr kuni ShHT doirasida o’tkazilgan virtual sammitda chiqish qilgan O’zbekiston prezidenti Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishiga doir tarixiy umid yuzaga chiqayotganini qayd etdi.
Ammo Afg’oniston prezidenti Ashraf G’anining shu sammitdagi ma’ruzasi Mirziyoyev ta’kidlagan umidlarga nisbatan ishonch ancha pastligini ham ko’rsatdi.
Prezident G’ani Tolibon o’t ochishni, zo’rlik ko’lamini to’xtatish bo’yicha bitim shartlarini muntazam buzib kelayotgani, hukumatning asosiy kuchi qurollangan muxolifatga qarshi kurashga qaratilayotgani haqida gapirdi.
Toshkentning Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishiga doir umidlari nafaqat afg’on hukumati rasmiylari, balki Tolibon guruhi bilan o’tkazilgan muloqotlarga ham asoslanadi.
O’zaro qarama-qarshi har ikki tomon vakillari tinchlik muloqotiga vositachi sifatida o’rtaga chiqayotgan Toshkent taklifiga ko’ra O’zbekistonda bir necha bor bo’lgan, turli darajadagi muloqotlar o’tkazgan.
Afg'oniston Milliy birdamlik oliy kengashi raisi Abdulla Abdullaning Toshkentga tashrifi, prezident Mirziyoyev, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan o’tkazgan muzokarasi so’nggi paytda jiddiy faollashgan shu uchrashuvlarning navbatdagisi.
Abdulaziz Komilov va Abdulla Abdulla o’rtasidagi uchrashuvda nafaqat tinchlik muzokarasiga doir vaziyat, shuningdek, ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar, Afg’onistonning Markaziy Osiyo integratsion jarayonlariga qo’shilishi istiqbollari ham muhokama qilingan.
Afg’onistonning mintaqadagi tarixiy o’rni tiklanishi, Markaziy Osiyo integratsiyasi tarkibiga qo‘shilishi bu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o’rnatilishida faollik ko’rsatayotgan O’zbekistonning asosiy manfaatlaridan biri sifatida qayd etib kelinadi.
Afg’oniston bilan o’zaro aloqalarni jiddiy faollashtirish tashabbusi bilan chiqqan prezident Mirziyoyev bu manfaatlarni Afg’oniston bozoriga chiqish, shu mamlakat orqali o‘tuvchi savdo yo’llarining O’zbekiston uchun muhimligi bilan izohlagan edi.
ShHT sammitida Afg’onistondagi vaziyat haqida gapirgan prezident Mirziyoyev qo’shni mamlakat bilan bog’liq umidlar jo’g’rofiyasini yanada kengaytirgan.
Mirziyoyev Afg’onistonning Janubiy va Markaziy Osiyoni tutashtiruvchi hudud bo’lishiga umid bildirar ekan, 2021-yili Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Xatar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya rejalashtirilganini bildirgan.
O’zbekiston Afg’oniston bo’yicha, xususan, tinchlik muloqotiga doir barcha tashabbuslarni olqishlab keladi. Shuningdek, Toshkent afg’on hukumati va qurolli muxolifat Tolibon o’rtasida tinchlik muloqotini ilgari surayotgan tomonlardan biri ham sanaladi.
Rasmiy Toshkent Afg’onistonda barqarorlik o’rnatilishining asosiy yo’lini o’zaro tinchlik bitimida ko’radi. Tolibonning Tinchlik bitimi doirasida siyosiy maydonga qaytishi radikal muxolifat Afg’onistonda hokimiyatni qayta qo’lga olishi mumkinligini ham anglatadi.
Shu bois ham afg’on hukumati va toliblar o’rtasidagi tinchlik muzokarasiga doir turli qarashlar mavjud, jumladan, O’zbekistonda ham.
Ekspertlar, rasmiy Toshkentning tinchlik bitimi yuzasidan bildirayotgan umidlaridan farqli, bu borada ancha tanqidiy qarashlarga ham ega.
Siyosatshunos Farhod Tolipov tinchlik muloqoti bo’yicha tashabbuslar, jumladan, Toshkentning Tolibon bilan muntazam muloqotidan qat’iy nazar, Afg’onistondagi vaziyat tinchlik haqida gapirishdan uzoqda ekanligini ta’kidlaydi.
“Afg’oniston hukumati hozirgacha ham vaziyatni to’liq nazorat qilish qudratida emas, zaifligicha qolmoqda. Shunday sharoitda afg’on hukumatining toliblar bilan tinchlik bitimiga erishishi mamlakatdagi barqarorlikka xizmat qiladi deyish qiyin. Zo’ravonliklar ko’lami hamon keng, kamaymayapti. Mamlakatdagi barqarorlik faqat xalqaro qo’shinlar, harbiy kuch evaziga ushlab turilibdi”, - degan fikrda Tolipov.
Afg’oniston tinchlik muloqotiga doir jarayon shu yili AQSh va Tolibon o’rtasida imzolangan, AQSh qo’shinlarining bosqichma-bosqich Aqfg’onistondan chiqarilishini nazarda tutuvchi Tinchlik shartnomasidan so’ng muhokamaga chiqdi.
Bu kelishuv ortidan afg’on hukumati, toliblar va AQSh ishtirokida bir qator uchrashuvlar kuzatildi. Tinchlikka doir tomonlar o’rtasidagi dastlabki muzokara esa sentabr oyida Qatarda AQSh davlat kotibi Mayk Pomepo vositachiligida boshlandi.
AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Afg’onistondan qo’shinlar chiqarilishi tezlashtirilishini ham ma’lum qilgan edi.
AQShdagi saylovlar natijasida prezident almashishi kutilmoqda. Jo Baydenning hokimiyatga kelishi Afg’onistondagi vaziyat, tinchlik muzokaralariga doir jarayonda ham ayrim o’zgarishlar yasashi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Afg’on hukumati AQShning yangi ma’muriyati toliblar bilan erishilgan Tinchlik bitimini qayta ko’rib chiqishi, Tolibonga nisbatan talablarni kuchaytirishi kerak degan umidlarni ham bildirmoqda.
Tolibon tomonidan yaqinda tarqatilgan bayonotda esa AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Qatarda imzolangan Tinchlik bitimiga sodiq qolishga chaqiriladi.
Facebook Forum