Breaking News

Afg’onistonda zo’ravonlik sur’ati oshib bormoqda


AQSh-Tolibon muzokaralari Afg’onistonda zo’ravonlikni kamaytirishi haqidagi umidlar oqlanmadi. Afg’onistonni Qayta Qurish Bo’yicha Bosh Inspektor (SIGAR) agentligi hisobotiga ko’ra, joriy yilning iyul-sentabr oylarini 2019-yilgi ayni davr bilan qiyoslaganda dushman tomonidan uyushtirilgan kundalik xurujlar 50 foizga oshgan.

SIGAR AQSh Kongressi tomonidan Afg’onistonni tiklash bo’yicha ishlarni mustaqil va obyektiv nazorat qilish uchun tuzilgan. AQSh harbiylariga ko’ra, hujumlar “mavsumiy normadan yuqori”.

Uchinchi chorakda aholi orasida o’lim hollarining 83 foiziga Afg’oniston hukumatiga qarshi kurashayotgan guruhlar sababchi bo’lgan. Jumladan, 40 foizi noma’lum jangarilar, 38 foizi Tolibon, 3 foizi “Islomiy davlat” va 2 foizi Haqqoniy guruhi hissasiga to’g’ri keladi. O’limlarning 8 foiziga hukumat tarafdori bo’lgan kuchlar aybdor deb ko’rilmoqda.

AQSh Mudofaa vazirligining bildirishicha, Tolibon hujumlari shu zayl davom etsa AQSh-Tolibon tinchlik kelishuvi “tahdid ostida qoladi”.

“Tolibon kelishuv shartlari doirasida qolish uchun zo’ravonlik darajasini, afg’on armiyasiga qarshi hujumlari sur’atini kalibrovka qilmoqda. Ehtimol AQSh qo’shinlarini chiqib ketishga undash uchun”, - deyiladi SIGAR hisobotida.

Qo’shma Shtatlar Tolibon hujumlari kuchayganini qoralasa-da, qo’shinlarini Afg’onistondan olib chiqishda davom etyapti. Vashington jangari guruhni tinchlik bitimini buzganlikda ayblashgacha borgani yo’q. Afg’onistonda hozir taxminan 4500 amerikalik askar bor.

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod o’tgan hafta afg’on guruhlarini zo’ravonlikdan chekinishga undadi.

“Afsuski, zo’ravonlikni kamaytirish va’dalari ijrosiz qoldi. Siyosiy yechimga erishish imkoniyati cheksiz davom etmaydi”, - deydi Halilzod.

O’tgan oy AQSh Hilmand viloyatida afg’on askarlarini o’qqa tutayotgan toliblarni havodan nishonga olgan.

NATO kuchlarining Afg’onistondagi bosh qo’mondoni Skott Millerning aytishicha, Tolibon hujumlari kelishuvga zid va darhol to’xtashi kerak.

Tinchlik muloqoti boshlanganidan buyon Tolibon tomonidan AQSh askarlari va inshootlariga hujumlar bo’lganmi? SIGAR hisobotiga ko’ra, bu savolning javobi sir saqlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG