Breaking News

Ashraf G’ani: Jangni qayta boshlash oson, lekin sulh jasorat talab qiladi


Afg’oniston tinchlikka qanday erishmoqchi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:07 0:00

Afg’onistonda tinchlik muzokaralarini osonlashtirish bo’yicha tuzilgan Milliy birdamlik oliy kengashining yig’ilishi bo’lib o’tdi. Aksariyat siyosiy rahbarlar ishtirokida o’tgan tadbirda muzokara jarayoni va kelgusida amalga oshirilishi zarur bo’lgan masalalar muhokama qilindi.

Prezident Muhammad Ashraf G’ani tinchlik muzokaralari ikkinchi bosqichga o’tganiga ishora qilib, olib borilayotgan sa’y-harakatlar natija berayotganidan mamnun ekanini qayd etdi.

“Afg’oniston xalqi va hukumat sulh bo’yicha jiddiy irodasi borligini isbotladi. Dunyoning hech bir joyida muzokaralardan oldin hatto 200 nafar mahbus ham ozod etilmagan. Qiyin qarorlar qabul qilindi, yana muhim qarorlar qabul qilinadi. Endi esa Tolibon guruhi ham o’z irodasini isbotlashi lozim”, - dedi prezident.

G’ani mintaqaviy hamfikrlik mavzusiga to’xtalar ekan, Afg’onistonning ichki masalalariga aralashayotgani iddao qilinayotgan Pokiston va Eron bilan jiddiy muzokaralar olib borilishini ta’kidladi.

“Jangni qayta boshlash qiyin emas. Lekin sulhni boshlash jasorat talab qiladi”, - dedi u.

Qatar poytaxti Doxada qariyb uch oydan beri uchrashuvlar davom etar ekan, tomonlar muzokara qoidalari bo’yicha kelishib olgan.

Milliy birdamlik oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla qurolli hujumlarni to’xtatib, adovatga chek qo’yishga chaqirmoqda.

“Xalqaro hamjamiyatning yordamidan minnatdormiz. Afg’oniston tinchlikka erishish uchun mintaqa va dunyo ko’magiga muhtoj”, - dedi u.

Kengash raisi o’rinbosari va tadbirda Afg’oniston o’zbeklari nomidan qatnashgan Inoyatullo Bobur Farahmand barcha qatlamlar istaklari inobatga olingan qarorlar qabul qilinishi zarur ekaniga urg’u berdi.

“Ushbu jarayon natijalari sizlarning, ya’ni yoshi katta rahbarlarning nomi bilan yoziladi. Biz esa qabul qilingan qarorlarni tatbiq qiluvchi avlodmiz. Kelajak avlod bundan manfaatdor bo’lishi, faxrlanishi kerak”, - dedi Farahmand.

Juzjon universitetidan tahlilchi Muhammad Basir Muqimiy Afg’oniston masalalari xorijiy aralashuv girdobida ekanini ta’kidlaydi.

“Afg’oniston urushi 50 yildan ziyod davom etmoqda. Bunga daxldor davlatlar Afg’onistonning tiklanishini xohlamaydi. Masalan, Pokiston tuzgan rejalari amalga oshib, ko’zlagan manfaatini qo’lga kiritishga urinadi”, - deydi Muqimiy.

Ayni paytda Tolibon guruhining siyosiy maydonga qaytishi turli sohalardagi yutuqlar va erkinliklarning cheklanishiga doir xavotirlarni oshirgan.

“O’ylaymanki, toliblar eski dunyoqarashlari bilan qaytmaydi. Xalq bunga tayyor emas, bunga aslo yo’l qo’yib bo’lmaydi”, - deydi Juzjon universitetidan professor Habib Qosimpo’r.

Afg’oniston tinchligi xususidagi muzokaralar yangi bosqichga o’tarkan, AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod mintaqaviy safarlarini Turkiyadan boshlagan. Diplomat xalqaro yordamni jalb qilish maqsadida ekanini ma’lum qilgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG