G’arb razvedka idoralarining aytishicha, Rossiya maxfiy xizmatlari Yevropa davlatlari mudofaa vazirliklarida josos yollab, NATO hujjatlarini o’g’irlashga urinmoqda.
Italiya shu hafta Rossiyaning ikki diplomatini mamlakatdan badarg’a qildi. Ular Rimdagi avtoturargohda Italiya dengiz floti kapitanidan harbiy hujjatlar olib, evaziga naqd pul berayotgan payt qo’lga tushgan. Rossiyaliklar qo’lga kiritishga uringan hujjatlar orasida NATO fayllari ham bo’lgan.
54 yoshli italyan dengiz ofitseri Uolter Biot o’n yildan beri Italiya Mudofaa vazirligida xizmat qilgan. Mahalliy matbuot xabariga ko’ra, u faoliyat yuritgan bo’lim maxfiy ma’lumotlar, xususan, NATO hujjatlari bilan ishlagan.
Italiya huquq-tartibot organining aytishicha, to’rt farzandning otasi bo’lgan Biot hujjatlar saqlangan flesh-diskni rossiyaliklarga berayotgan payt qo’lga olingan. U josuslik va davlat xavfsizligiga tahdid solish jinoyatlarida ayblanmoqda.
Surishtiruvchilarga ko’ra, bu Biotning rossiyaliklar bilan birinchi uchrashishi emas. Har safar uchrashuvda u rossiyaliklardan besh ming dollardan ziyod pul olgan.
Uolter Biot bir necha oy kuzatuv va o’rganishlar ortidan hibsga olingan.
Josuslar boshqa davlatlarda ham faollashgan
Biotning qo’lga tushishi Bolgariyada harbiy josuslar guruhi fosh etilishi va shundan so’ng ikki rossiyalik diplomat mamlakatdan chiqarib yuborilishidan bir necha hafta o’tib yuz berdi. Bolgariyada NATO va Yevropa Ittifoqining maxfiy hujjatlarini xorijliklarga taqdim etganlikda ayblanib olti kishi hibsga olingan.
Qo’lga olinganlardan birining aytishicha, har safar hujjat topshirganda rossiyaliklar unga uch ming dollar pul bergan. Rossiyaga josuslik qilganlar orasida Bolgariya harbiy razvedkasining sobiq rahbari Ivan Iliev ham bor. Uning Rossiya va Bolgariya fuqaroligiga ega xotini ham josuslar guruhi a’zosi bo’lgan.
Italiya hukumati Rossiyaning josuslik xatti-harakatini qoraladi. Tashqi ishlar vaziri Luiji Di Mayo so’nggi voqeani “o’ta og’ir holatdagi dushmanlik harakati” deb atadi. U Rossiya elchisini huzuriga chaqirib, Biotga pul bergan ikki diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishni buyurdi.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Rim bilan hamfikr ekanini bildirib, Rossiyaning NATOga zarar yetkazish maqsadida olib borayotgan josuslik harakatlarini tanqid qildi.
Kreml aloqalar saqlanib qolishidan umidvor
Kreml bu hodisaning Rossiya-Italiya munosabatlariga putur yetkazishi mumkinligi haqidagi ehtimolni kamaytirib ko’rsatishga urinmoqda. Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov “Rossiya-Italiya aloqalarining juda ijobiy va konstruktiv tabiati davom etishi va saqlanib qolishi”dan umidvor ekanini aytdi.
Moskva ayni paytda Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini sotish uchun Italiya hukumati bilan muzokara olib bormoqda. Rimdagi Rossiya elchixonasi ikki diplomatning chiqarib yuborilganidan taassufda ekanini bildirgan, ammo bunga javob sifatida Italiya diplomatlari ham Rossiyadan chiqarib yuborilishini ehtimoldan soqit qildi. Rossiya matbuoti esa Kreml javob choralari ko’rishi mumkinligi haqida yozmoqda.
“O’ziga kelib olishi uchun vaqt kerak”
Agar aybdor deb topilsa, Biot kamida 15 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.
“U o’zini yo’qotib qo’ygan, ammo o'z pozitsiyasini aniqlashtirishga tayyor. U fikrlarini to'plab olish uchun vaqt so'radi”, - dedi Biotning advokati Roberto De Vita.
Biotning sudgacha uy qamog’ida saqlanish haqidagi iltimosi sud tomonidan rad etilgan.
Kremlning Biot bilan yuz bergan hodisani sukut bilan qarshi olayotgani avvalgi holatlardan farq qiladi. O’tgan oy rossiyalik diplomatlarning Bolgariyadan haydalishi hamda dekbarda yana ikki diplomatning Niderlandiyadan quvilishi Rossiyaning noroziligiga sabab bo’lgan edi.
Niderlandiya rasmiylarining aytishicha, mamlakatdan chiqarib yuborilgan rus diplomatlari yuqori texnologiya sektorini nishonga olib, bu sohada josuslar tarmog’ini yaratish bilan shug’ullangan. Bu diplomatlar, shuningdek, Rossiyaning Tashqi razvedka xizmati uchun ishlagani aniqlangan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mazkur ayblovlarni asossiz deb atab, diplomatlarni haydash qarori “provokatsiya” ekanini ta’kidlagan edi.
Facebook Forum