Koronavirus pandemiyasi boshlangandan beri Meksikadan AQShga giyohvand modda olib o’tish payida bo’lgan amerikaliklar soni oshgan.
AQShning janubiy chegaralari muhim bo’lmagan safarlardan tashqari barcha uchun bir yildan beri yopiq. Ushbu cheklovlar kamida 21-iyungacha amal qilishi kutilyapti. Ammo Meksika rasmiylari aksariyat amerikaliklarning chegarani osonlikcha kesib o’tishiga qashilik qilmayapti.
Huquq-tartibot rasmiylarining aytishicha, 2020-yil aprelda chegarani kesib o’tish bo’yicha cheklovlar kuchaytirilgandan beri giyohvand moddalarni olib o’tish ishlariga aralashgan amerikaliklar sonida o’sish kuzatilgan.
2020-yil oktabrdan 2021-yil martgacha bo’lgan davr ichida giyohvand moddalar olib kirishga urinish jinoyati bilan qo’lga olingan amerikaliklar soni meksikaliklarga qaraganda yetti marta ko’proq bo’lgan. 2018-2019-yillar ular soni ikki baravarni tashkil etgan edi, xolos.
“Chegaradan o’tish cheklanishi ortidan jinoiy tashkilotlar ham o’z amaliyotlarini o’zgartirdi”, - deyiladi AQSh Bojxona va chegara nazorati agentligi bayonotida.
Agentlik ma’lumotiga ko’ra, jinoiy to’dalar giyohvand moddalarni olib kirishda sayohat qilish bo’yicha mavjud cheklovlardan ozod qilingan AQSh fuqarolari va tijoriy yuk tashuvchi mashinalar yaydovchilarini yollash ishlarini kuchaytirgan.
Pandemiya giyohvand moddalarning global savdosiga putur yetkazganiga qaramay, noqonuniy moddalar AQSh hududiga oqib kirishda davom etgan. 2021-yilda qo’lga tushirilgan narkotik moddalar miqdori avvalgi yilga qaraganda o’sgan. Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotiga ko’ra, pandemiya meksikalik jinoiy guruhlarning mamlakatga giyohvand moddalar olib kirish salohiyasiga jiddiy ta’sir o’tkazmagan.
Amerikaliklar ko’proq yollanmoqda
AQShga aksariyat noqonuniy giyohvand moddalar janubiy chegaradan kiradi. Bu ishda amerikaliklarning ishtiroki katta, deydi kuzatuvchilar.
“AQSh fuqarolarini kamroq tekshirishadi, degan qarash bor, - deydi ekspert Maykl Korbet. – Dorilarni olib kirish bu xatarlarni boshqarish biznesidir. Tovarni chegaradan xavfsiz va samarali olib o’tishning barcha usullarini ishga solishadi”.
Arizonaning Tuson va Texasning El-Paso shaharlarida uzoq yillar chegara qo’riqchisi bo’lib ishlagan Viktor Manxarrezning aytishicha, Amerika fuqarolaridan foydalanish doim bo’lgan.
“Narkotashkilotlar o’zgarishlarga hukumatlardan ko’ra tezroq moslashadi”, - deydi u.
2020-yil oktabr va 2021-yil may orasida Meksika bilan chegarada 42 tonnaga yaqin narkotik modda qo’lga tushirilgan. Bu amaliyotlar doirasida 2400 ta amerikalik ushlangan. Qo’lga olingan meksikaliklar soni esa 361 tani tashkil etgan.
Badaniga yashirib giyohvand modda olib kiradigan amerikaliklar sonida ham o’sish kuzatilgan. 2021-yilning dastlabki to’rt oyida ular 505 tani tashkil etgan. Xuddi shu vaqt oralig’ida ayni yo’l bilan hibsga olingan, lekin amerikalik bo’lmaganlar miqdori 35 ta bo’lgan.
Bir martalik ishlar
Ko’pincha, narkotik modda olib kiruvchilar mo’may pul evaziga bu ishga bir martalik vazifa sifatida qo’l urgan bo’ladi.
Yatziri Barboza ham shundaylardan biri. 24 yoshli bu ayolning mashinasi mart oyida chegarada tekshirilganda, avtomobilining benzin bakida 58 kilogramm metamfetamin moddasi suyuqlik shaklida saqlangani aniqlangan.
Barbozaning huquq-tartibot idoralariga aytishicha, bu moddani Xyustonga olib borib berish evaziga unga 10 ming dollar haq va’da qilingan.
23 yoshli Mayk Mendoza fevral oyida qo’lga olinganda, uning mashinasi shinalari orasidan 60 kilogramm noqonuniy modda topilgan. Bu moddalarning bozor bahosi 360 ming dollar ekani aytiladi.
Facebook Forum