Breaking News

AQSh-Rossiya sammiti: Putin Gorbachyov emas  


Prezidentlar Jo Bayden va Vladimir Putin o’rtasida kutilayotgan uchrashuv natijasi nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki dunyodagi geosiyosiy vaziyat, jumladan, Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlarga ham bilvosita ta’sir o’tkazishi ta’kidlanmoqda.

Sammit yaqinlashar ekan, undan kutilayotgan natijaga doir mulohazalar, bahs-munozaralar kuchaygan. Bu uchrashuv o’zbekistonlik sharhlovchilarning ham diqqat markazida.

Bayden va Putin muzokaralari Markaziy Osiyo uchun mintaqada Rossiya ta’siri tobora kuchayib borayotgan, Afg’onistonda vaziyat keskin beqarorlasha boshlagan bir vaziyatda yanada ahamiyatli ko’rilmoqda.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, agar AQSh-Rossiya o’rtasidagi bugungi taranglikdan kelib chiqilsa, muzokaralarning biror ijobiy yechim bilan tugashi ehtimoldan yiroq:

“Agar uchrashuvning Markaziy Osiyo uchun ahamiyati haqida gapiradigan bo’lsak, Afg’onistondagi vaziyatning so’nggi paytda jiddiy keskinlashayotganini diqqatdan qochirmaslik kerak. AQSh ma’muriyati Rossiya Tolibon bilan yaxshi ittifoqda ekanligini, Moskva toliblarni qurol bilan ta’minlab kelayotgani, ularning tahdidini kuchaytirish orqali mintada davlatlariga o’z bosimini orttirishni maqsad qilayotganidan yaxshi xabardor deb o’ylayman. Agar Kreml azaliy ta’kidlab kelayotgan da’vo, ya’ni “sobiq ittifoq hududi bizning strategik manfaatlarimizga kiradi, hech kimning bunga aralashishga haqqi yo’q” qabilidagi talablar Bayden tomonidan inobatga olinadigan bo’lsa, tabiiyki xato bo’ladi. Bu Markaziy Osiyoni Rossiya ixtiyoriga topshirib qo’yish bo’ladi. O’ylaymanki, bunday bo’lmaydi. Chunki AQSh ham, Yevropa ham hozir ayniqsa Putinning asl maqsadini anglab yetgan”, - deydi Anvar Nazir.

AQSh va Rossiya prezidentlari o’rtasidagi uchrashuv 16-iyun kuni Jenevada o’tadi. Muzokaralar doirasi keng. AQSh- Rossiya o’rtasidagi ikki tomonlama ziddiyatlar muhokamasidan tashqari, bevosita ikki davlat aloqador bo’lgan xalqaro miqyosdagi boshqa tarangliklar ham munozara qilinishi kutilayapti.

Bayden va Putin uchrashuvi arafasida Bryusselda NATO sammiti o’tdi. NATO ga a’zo davlat rahbarlari ishtirokidagi bu sammitda ham Rossiya tahdidi muhokama markazida bo’ldi.

Tashkilot a’zolari Rossiyani Yevropa chegaralarida harbiy ishtirokni kuchaytirib, global xavfsizlikka tahdid solayotgan davlat sifatida qayd etdi. Moskva tomoni esa NATO ni Rossiya chegaralari tomon kengayishda ayblab keladi.

“Nazarimda, global xavfsizlik masalasida bu uchrashuvdan aniq natijalar bo’lishi qiyin. Putin allaqachon pragmatik fikrlash doirasidan chiqqan. Moskva tomoni bu uchrashuvdan faqat piar sifatida foydalanadi. Ehtimol Rossiyaning ichkarisida avjiga chiqqan repressiyalarni susaytirish, jumladan, siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarish masalasida qandaydir natijalar bo’lar. Lekin umumiyatla, Putin hozirgi siyosatini o’zgartirishini kutmaslik kerak. Shulardan kelib chiqilsa, bu uchrashuvning global barqarorlik, inson huquqlari va demokratiya masalasiga ta’sir ko’rsatishi ehtimoli juda kam. Ammo shunisi aniqki, sammitdan Moskva tomoni to’liq foydalanadi. Putinning, Rossiyaning qudratini dunyo tan olayotganining isboti sifatida taqdim etiladi. Hozir ko’pchilik bu sammitni sobiq ittifoq davrida Mixail Gorbachyov va Ronald Reygen o’rtasida Jenevada o’tgan uchrashuvga taqqoslamoqda. Ammo bir narsani unutmaslik kerak: Putin Gorbachyov emas, hozirgi vaziyat ham mutlaqo boshqa”, - deydi sharhlovchi Nazir.

AQSh va Rossiya rahbarlari o’rtasida Jenevada kutilayotgan sammit yaqinda prezidentlikka saylangan Jo Baydening 20 yildan buyon hokimiyatda qolayotgan Vladimir Putin bilan dastlabki yuzma-yuz muzokarasi bo’ladi.

Sharhlovchilarga ko’ra, ikki qudratli davlat prezidentlarining muzokarasi Rossiya o’z strategik manfaati doirasida ekanligini ta’kidlab kelayotgan sobiq ittifoq davlatlaridagi, jumladan, Ukrainadagi vaziyatga bevosita ta’sir ko’rsatsa, Moskva bosimidan chiqishga shoshilmayotgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham bilvosita muhim ahamiyat kasb etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG