Breaking News

Ikki haftada Afg’onistondan 110 mingdan ziyod odam evakuatsiya qilindi


Kobul: Qonli xuruj ketidan evakuatsiya davom etyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:42 0:00

Afg’onistondan odamlarni evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda. AQSh harbiy missiyasi rasman 31-avgustda yakunlanadi. Ammo Davlat departamentiga ko’ra, ushbu sanadan keyin ham mamlakatni tark etmoqchi bo’lgan amerikaliklarga yordam beriladi.

Tolibon bosib olgan Afg’onistondan har kuni o’nlab samolyotlar osmonga ko’tarilib, odamlarni evakuatsiya qilish davom etmoqda. 26-avgust kuni Kobul aeroportida xudkushlik hujumi oqibatida 100 dan ziyod odam, jumladan 13 AQSh harbiysi, halok bo’ldi. “Islomiy davlat” guruhining Afg’onistondagi bo’limi xurujni uyushtirganini tan oldi.

Vashingtonda esa Oq uyga tanqidlar yog’ilmoqda. Prezident, deydi ba’zilar, chiqish strategiyasini puxta o’ylamagan va ko’pchilik mamlakatdan chiqa olmayapti.

“Ularga sizlarni olib chiqamiz deb va’da berganmiz. Va’dalarni bajarmasak, keyin Amerikaga kim ishonadi”, - deydi kongressmen Maykl Makkol.

Oq uy o’z pozitsiyasida qat’iy.

“Tosh otish, tanqid qilish oson. Murakkab qarorlar qabul qilish qiyin”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.

Ammo mintaqani ko’p yillar o’rgangan ekspertlarning aytishicha, bugungi voqealar uzoq yillik xatolar mahsulidir.

“Bu falokatga Amerikaning to’rt ma’muriyati va hukumatning ko’plab idoralari hissa qo’shgan. Oq uy yo’l qo’ygan xatolar ham bor - Bush, Obama, Tramp va Baydengacha. Xullas, sanab o’tadigan bo’lsak aybdorlar ko’p”, - deydi professor Benjamin Xopkins.

O’nlab kundan buyon mamlakatni tark etmoqchi bo’lgan afg’onlar va boshqalar Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroport tashqarisida to’planmoqda. AQSh mutasaddilarining tan olishicha, ro’yxatga olinganlarning hammasi ham chiqib keta olmaydi.

Davlat departamentiga ko’ra, alohida maqomga ega odamlarni 31-avgustdan keyin ham evakuatsiya qilish davom etadi.

“Harbiy amaliyot 31-avgustda yakunlanadi. Ammo qandaydir sabab bilan hozir Afg’onistondan ketishni istamayotgan amerikaliklar bir necha kun, oy va hatto yildan keyin ham yordam so’rab murojaat qilishi mumkin”, - deydi departament so’zlovchisi Ned Prays.

AQSh uchuvchisiz samolyoti Kobul aeroporti tomon yo’nalgan xudkush hujumchi mashinasini nishonga olgan
AQSh uchuvchisiz samolyoti Kobul aeroporti tomon yo’nalgan xudkush hujumchi mashinasini nishonga olgan

Davlat departamenti kelgusida Tolibon bilan diplomatik aloqalar o’rnatiladimi, yo’qmi, lom-mim demayapti.

Pentagonga ko’ra, aeroportdagi xurujga javoban AQSh “Islomiy davlat” guruhining manzillariga dron hujumi uyushtirib, yuqori lavozimdagi ikki a’zosini yo’q qilgan. 29-avgustda esa AQSh uchuvchisiz samolyoti Kobul aeroporti tomon yo’nalgan xudkush hujumchi mashinasini nishonga olgan.

AQSh rasmiysining “Reyter” axborot agentligiga bildirishicha, hozirda aeroportda taxminan 4000 harbiy qolgan. Evakuatsiyaga ishlari yakunlanmoqda. O’tgan ikki haftada AQSh va boshqa xorijiy davlatlar 113 500 odamni evakuatsiya qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG