Breaking News

Urush, evakuatsiya va avianazorat nihoyasiga yetdi


AQShning so'nggi samolyoti Afg'onistonni tark etgani nishonlanmoqda. Kobul, 31-avgustga o'tar kechasi.
AQShning so'nggi samolyoti Afg'onistonni tark etgani nishonlanmoqda. Kobul, 31-avgustga o'tar kechasi.

AQShning 2461 nafar askari halok bo’lgan Afg’oniston urushi yakunlandi. So’nggi 17 kun ichida Kobul aeroporti orqali 120 mingdan ziyod shaxslar evakuatsiya qilindi. AQShning so’nggi harbiylari 30-avgust kuni mamlakatni tark etgan.

Ayni damda Kobul aeroportida avianazorat to’xtatilgan. AQShga qarashli harbiy va tijoriy samolyotlarning Afg’oniston havo hududiga kirishi taqiqlangan. Mamlakat havo hududidan foydalanish uchun Vashington Tolibondan avvalroq rozilik olishi talab etiladi. Bu haqda AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati 30-avgust kuni bayonot berdi.

AQSh kuchlari minglab fuqarolari va urush jarayonida ko’makchi bo’lgan afg’onistonlik tarjimonlar hamda boshqa xizmatchilarni oila a’zolari bilan birga evakuatsiya qildi.

Federal aviatsiya ma’muriyatining bildirishicha, AQSh tijoriy samolyotlari faqatgina Afg’onistonning sharqiy chegarasi uzra uchib o’tishi mumkin.

30-avgust kuni Pentagonda o’tgan brifingda so’zlar ekan, AQSh Markaziy qo’mondonligi generali Kennet Makkenzi Afg’onistondan so’nggi evakuatsiya parvozi amalga oshirilganini ma’lum qildi.

So’nggi aviareysda, xususan, Kobuldagi AQSh kuchlari qo’mondoni Kris Donaxyu va AQShning Afg’onistondagi elchisi Ross Uilsonlar bo’lgan.

AQShning so’nggi harbiy samolyoti Kobulni tark etganidan bir necha soat o’tib, Oq uy Prezident Jo Bayden bayonotini e’lon qilgan.

AQSh rahbari Afg’onistonda xizmat qilgan, og’ir evakuatsiya missiyasini amalga oshirgan barcha harbiylarga minnatdorchilik izhor etgan.

“Bizning qo’shinlarimiz AQSh tarixidagi eng yirik evakuatsiya parvozlarini amalga oshirdi. Buyuk matonat, professionalizm va qat’iyat bilan xizmat qildi. Ayni damda AQShning Afg’onistondagi harbiy operatsiyalari yakunlandi. Ushbu missiyaning tugatilishi Amerika askarlari hayotini asrash va Afg’onistondan xavfsiz chiqish uchun eng yaxshi yo’l bo’ldi”, - deya ta’kidladi prezident.

General Makkenzining ta’kidlashicha, harbiy evakuatsiya missiyasi tugatilgan bo’lsa-da, AQSh fuqarolari va tegishli talablarga muvofiq mamlakatdan chiqib ketishni istagan afg’onlar uchun diplomatik missiya xizmatlari davom etadi.

“AQSh va harbiy koalitsiya samolyotlari jami 123 ming tinch aholi vakillarini evakuatsiya qildi. Kobul aeroportini nazorat qilgan va xavfsizlikni ta’minlagan AQSh harbiylari bunga imkoniyat yaratib berdi”, - deydi general.

Makkenzining ta’kidlashicha, Afg’onistonda qoldirilgan AQSh harbiy texnikasi, bronemashinalari va 73 ta harbiy samolyot yaroqsiz holga keltirilgan. Tolibon ulardan foydalana olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG