Chikagodagi O’zbek-Amerika jamiyati bu yil ham yillik an’anani davom ettirdi. O’zbekistonning Mustaqillik bayrami ochiq tabiat qo’ynida, vatandoshlar davrasida nishonlandi.
Jamiyat rahbari Olim Sharipov, odatdagidek, yoshlarga bosh-qosh.
“Bu yerda hozir vatandoshlarimiz yig’ilgan. Erkak-ayol, qari-yosh, bolalar… Havo lekin juda issiq. Shunga qaramasdan, diydor shirin degan gap bor. Hamma bayram shukuhida. Mana buyoqda ikkita qozonda osh damlayapmiz. Bir tomonda kabobchilar shashlik qilishyapti. Oshni ikki yuz kishilik tayyorlayapmiz. Shashliklar 100 kishilik. Bolajonlar uchun alohida halol go’shtdan hotdog qilyapmiz. Xullas, 300 kishi keladi, Xudo xohlasa”, - deydi jamiyat rahbari.
Chikago shahri atrofida yashaydigan o’zbeklar yarim asrlik tarixga ega. O’zbeklar jamiyatini qurish bu yerga 51 yil muqaddam ko’chib kelgan Sirojiddin Nasafiyning azaliy orzusi edi. 2009-yil uning orzusi ushaldi: Chikago O’zbek-Amerika assotsiatsiyasiga asos solindi.
“Hozir taqriban uch ming yo undan ko’proq Chikago mintaqasida o’zbeklarimiz bor. Alhamdulilloh, o’zbeklarimiz juda ham g’ayratli, hammasi ishli. Hozirda ishlari juda yaxshi. Amerikaga ham ko’p hissalarini qo’shishyapti. Katta-katta ishlari bor. Katta-katta kompaniyalari bor. Millioner bo’lib ketganlari bor. Allohga shukr, hammalaridan faxrlanaman”, - deydi jamiyat asoschisi Sirojiddin Nasafiy.
Bayram munosabati bilan uyushtirilgan saylda milliy taomlar tortiq qilindi. Doshqozonlarda osh pishdi, albatta, kabob ham unutilgani yo’q.
“Mana hozir kaboblar pishyapti. Go’sht, tovuq go’shti hamda boshqa go’shtlar, har xil mahsulotlardan sosiskalar pishyapti. Ularni bolalarga olib borib beramiz. Chodirning tagida odamlarga tarqatiladi. Juda ajoyib, shirin go’shtlar”, - deydi tadbirda ko’ngilli sifatida yordam berayotgan Akmaljon Jumaboev.
Bu yil Chikagodagi o’zbeklar hayotida unutilmas yana bir voqea yuz berdi. Jamiyat nihoyat o’z uyiga ega bo’ldi: eski bir cherkovni 700 ming dollarga sotib olib, uni islomiy va madaniy markazga aylantirishga qaror qilishdi. Bularning barchasi vatandoshlar, millatdoshlar xayriyasi asosida amalga oshmoqda, deydi O’zbek-Amerika jamiyati boshqaruv kengashi a’zosi Gulshanbek Ravshanbek.
“Masjidimizni olayotganda homiylik qilgan hamkorlarimiz bular. Eng tepadagi qatorda 100 ming dollar va undan yuqori ehson qilgan akalarimizning kompaniyalari. Keyin 50 ming va undan yuqori miqdorda ehson qilgan kompaniyalarning logolari. Pastdagilar 50 mingdan kam ehson qilgan akalarimiz. Sirojiddin Nasafiy o’rtada turibdi, bizning eng buyuk hamkorlarimizdan. Sirojiddin Nasafiy bizga 100 ming dollar ehson qilib, tanishlari orqali yana yuz ming topib, masjid uchun jami 200 ming dollar berdilar. Logosi bo’lmasa ham, rasmlaridan logo yasadik”, - deydi Gulshanbek Ravshanbek.
Chikagoda yashovchi vatandoshlar tarkibi rang-barang. Ular orasida muvaffaqiyatli biznes boshlaganlar, nufuzli kompaniyalarda ishlayotganlar hamda talaba va yangi kelgan muhojirlar bor.
Iskandar Sobirovning asli kasbi huquqshunos. AQShga kelib u axborot texnologiyalari sohasida o’qishga qaror qildi.
“Axborot texnologiyalari sohasida Konkordiya universitetida magistraturada ikki yarim yil o’qidim. Hozir tamomladim. Xudo xohlasa, IT sohasida yaxshi loyihalarimiz bor. O’zimizning o’rtoqlar, kursdoshlar bilan yangi proyektlar boshlayapmiz”, - deydi u.
Bayramda boshqa shtatlardan kelgan mehmonlar ham ishtirok etdi. Mehriniso Rahmatova yaqinda AQShga kelib, Arizona universitetida tadqiqot boshlagan o’zbekistonlik.
“Men Buxoro Davlat universitetida ishlayman. Arizonda Davlat universitetiga almashinuv dasturi asosida kelganman. Bu almashinuv dasturi Amerika elchixonasi tomonidan moliyalashtirilgan. Hozir biz tadqiqot bilan shug’ullanyapmiz. To’rt oy davomida ilmiy tadqiqotlar bilan shug’ullanamiz”, - deydi u.
Dala saylining o’ziga xos tadbiri bu Mustaqillik bayramiga bag’ishlangan mashinalar paradi bo’ldi.
O’nlab o’zbekistonliklar shaxsiy avtomobillarini O’zbekiston bayrog’i bilan bezab, ko’chalarni kezdi. Vatan bayrog’i milliy musiqa sadolari ostida hilpiradi. Mashinalar kortejiga politsiya yo’lboshchilik qildi.
“Men buxorolikman, shu yerda, Chikagoda yashayman. Tadbir judayam yaxshi o’tyapti. Muborak bo’lsin hammamizga. Biz ham mashinalar paradiga chiqamiz. Bezatib qo’yganmiz”, - deydi Chikagoda yashovchi o’zbekistonlik bir ayol.
Yaqinda AQShga kelgan o’zbekistonlik tadiqoqtchi Nigora G’ulomova Amerikadagi o’zbeklarning bunchalar axil ekanidan hayratlanganini yashirmadi.
“Chikagoda shuncha o’zbeklarimiz, millatdoshlarimiz, vatandoshlarimiz yashashini ko’rib judayam xursand bo’lib ketdim, juda ham uyushgan ekan. Mana hozir parad bo’ldi. Hamma o’z mashinalariga vatanimiz bayrog’ini osib ko’chalarda yurildi. Hozir piknikka keldik. Osh, kabob, turli taomlar tayyorlanmoqda. Ko’plab insonlar bilan dildan suhbat qilib, ko’plab tanishlar orttirdim. Bunaqa bayramlar ko’p bo’lishini istab qolaman”, - deydi Nigora.
Dala sayli kun bo’yi davom etdi. Kattalar ham, bolalar ham ochiq havoda bir-birining diydoriga to’ydi. Bu nafaqat bayram shukuhidan, balki uzoq davom etgan koronavirus pandemiyasining nihoyasidan ham darak bo’lsa, ajab emas.
Facebook Forum