Sirojiddin Nasafiy AQShga bundan 51 yil oldin kelgan. Uni Chikago shahriga kelib o’rnashgan birinchi o’zbek deyishadi. Ota-onasi asli O’zbekistondan, o’tgan asrning 30-yillari sovetlar tazyiqidan qochib Afg’onistonga o’tgan va Nasafiy o’sha yerda tug’ilgan.
Chikagoga o’rnashgan kunimdan boshlab vatandoshlar jamiyatini qurish orzuim bo’lgan, deya xotirlaydi Sirojiddin ota.
“Bu yerga birinchi kelganimda na o’zbek, na afg’on bor edi. Yillar davomida vatan firog’ida yurdim. Koshki bir vatandoshimni ko’rsam, ularning o’zbekcha gapirishini eshitsam, deb firoqda yashadim”, - deya xotirlaydi Sirojiddin Nasafiy.
Oradan yarim asr vaqt o’tdi. Nasafiyning orzu-armonlari ro’yobga chiqdi. Vatan mustaqil bo’ldi. AQShga nafaqat o’zbekistonliklar kela boshladi, balki Nasafiyning o’zi va hatto ota-onasi ham oltmish yillik ayriliq ortidan O’zbekistonga borish imkoniyatiga ega bo’ldi.
“Dadam aytadilar: tayyora Toshkentda aeroportda yerga qo’ngandan keyin zinadan tushib yerni o’pdim, boshimni yerdan ko’tara olmadim, dedilar. Hech kimnikiga bormasdan, avvalo, Qashqadaryoga, ota-onasining qabrini ziyorat qilgani boribdilar. O’sha yerdan bir musht tuproqni olib, dastro’moliga tugib o’zi bilan olib kelganlar. Shundan keyin 15 yil davomida menga aytardilar: o’g’lim, esingdan chiqmasin; o’lsam, meni shu tuproq bilan birga ko’m, deb aytardilar”, - deya xotirlaydi Sirojiddin ota ko’zida yosh bilan.
Bugun Chikago shahri va uning atrofida bir necha ming o’zbek va o’zbekistonlik istiqomat qiladi. Ular Chikago O’zbek-Amerika Assotsiatsiyasi qoshida yig’ilgan.
Uyushmaga bugun Olim Sharipov rahbarlik qilmoqda.
“Biz 2009-yil bir guruh o’zbeklar Sirojiddinhoji Nasafiy uyining yerto’lasida ish boshlaganmiz. Har oy yig’ilib turardik. Hoji akamiz bizni mehmon qilardilar. Maqsadimiz bu yerga kelgan va kelayotgan o’zbeklarni birlashtirish, dinini, tilini, an’analarini saqlab qolish va amerikaliklarga o’zbekistonliklarni tanishtirish bo’lgan”, - deydi Olimjon Sharipov.
Yerto’lada tug’ilgan kichik jamiyat oradan 10 yil o’tib katta uyushmaga aylandi. Kamtarona ish keyinroq ijaraga olingan ofisga ko’chdi. AQShda tug’ilgan farzandlar uchun o’zbek tilini o’rgatuvchi maktab va turli to’garaklar tuzildi. Yangi kelgan muhiojirlar uchun muntazam treninglar o’tkazish yo’lga qo’yildi.
Yaqinda esa jamiyat o’z uyiga ega bo’ldi. Vatandoshlar Chikagoga yaqin Eljin shaharchasida eski cherkovni sotib olib, uni diniy va madaniy markazga aylantirishga qaror qildi.
Faollarning aytishicha, binoni sotib olish uchun o’tkazilgan xayriya tadbirida uch soat ichida 1,2 million dollar mablag’ yig’ilgan. Bino 700 ming dollarga sotib olindi.
Vatandoshlar ayni paytda markazni qayta ta’mirlash, uni uyushma maqsadlariga moslash ustida ish olib bormoqda. Jamiyat boshqaruv kengashi a’zosi Gulshanbek Ravshanbekning aytishicha, bu kunlarga erishish oson bo’lmadi.
“2009-yili o’zbek jamiyati qurilgan bo’lsa, 2015-2016-yilgacha akalarimiz yetti yil kutubxonalardan joy olib, qiynalib ishlab kelishgan. Ijara uchun joyimiz ham bo’lmagan. Ijaraga joy olishga 2016-yil noyabr oyida qaror qildik. Unda ham yillik xarajatimizni hisob-kitob qilsak, 40 ming dollar chiqdi, hisobimizda esa 20-30 ming pulimiz bore di. 10 kishilik boshqaruv kengashida besh kishi joy olishga rozi bo’lgan, qolgan besh kishi qarshi chiqqan. Shunday qiyinchilik bilan qaror berganmiz. 2019-yil shu bino sotilayotganini eshitib qoldik. Bir million dollar narx qo’yishgan ekan. Jamiyat a’zolari bilan maslahatlashib, uni sotib olishga qurbimiz yetmaydi, deb tarqaldik. Oradan bir yil o’tdi, 2020-yil dekabrda kelsak, narxi 850 mingga tushibdi. Olaylik, deb yana gaplashdik, yana qurbimiz yetmaydi, deb mavzuni yopdik. Lekin o’zbekistonlik biznesmen akalar bor, ular bizga dalda bo’lishdi. Agar bu bino yangidan qurilsa, kamida 5 million dollardan 10 million dollargacha pul ketadi. Bank orqali olmoqchi edik, akalar bu yerda yetarli odam bor, yig’ilsak, naqd pulga olamiz, deb aytishdi. Xayriya yig’ish kechasini o’tkazdik; bir kechada bir million ikki yuz yigirma ming pul yig’ildi”, - deydi Gulshanbek.
Kelasi yil boshigacha qayta ta’mirlanib, to’liq ishga tushishi kutilayotgan Al-Buxoriy islom markazida masjid, bog’cha, darsxonalar, sport zali, oshxona, mehmonxona hamda boshqa ko’plab qulayliklar bo’lishi ko’zda tutilgan. Shunga yarasha, jamiyat oldidagi vazifa va mas’uliyat ham oshib bormoqda.
“Avval ijaraga turgan paytimiz bir yillik xarajatimiz 100 ming dollar atrofida edi. 50 ming dollari ijara va kommunal to’lovlarga ketgan bo’lsa, qolgan 50 ming dollar tadbirlar va boshqa xarajatlarga ketgan. Hozir faoliyatimiz va xarajatimiz 10 baravar kattalashdi, deb ayta olamiz. Hozir, Alhamdulillah, birovga muhtojligimiz yo’q, o’z binomiz bor. Berilgan ehsonlarni isrof qilmasdan, hammasini o’z o’rniga ishlatishga harakat qilyapmiz”, - deydi Gulshanbek.
O’zbekistonliklar soni ortar ekan, jamiyat yig’inlari ham doimiy an’anaga aylanib bormoqda. Har yili ular turli bayramlarda yig’ilib, vatan bayrog’ini tepaga ko’tarishadi.
Maqsad – bayram bahona vatanni eslash, vatandoshlarni yig’ish. Toki ular o’z yurtini, tili va dinini unutmasin.
Facebook Forum