Breaking News

Qonunchilar Afg'onistondan chiqish masalasida Blinkenni yana so'roqqa tutadi


Blinken 13-sentabr kuni videomuloqot orqali Vakillar palatasi qonunchilari oldida besh soat so’roqqa tutildi.
Blinken 13-sentabr kuni videomuloqot orqali Vakillar palatasi qonunchilari oldida besh soat so’roqqa tutildi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Afg’onistondan AQSh kuchlarining olib chiqilishi mavzusida Senatda yana savolga tutilishi kutilyapti.

Blinken kecha videomuloqot orqali Vakillar palatasi qonunchilari oldida besh soat so’roqqa tutildi. U 20 yillik urush ortidan Baydenning askarlarni Afg’onistondan olib chiqish qarorini himoya qildi.

AQSh yetakchi diplomatining aytishicha, agar Prezident Jo Bayden urushni davom ettirishni xohlaganda, Tolibonni to’xtatish uchun Afg’onistonga yana katta miqdorda askar kiritish kerak bo’lardi. Bu esa urushning hech qachon tugamasligi bilan barobar, dedi Blinken.

“Uzoqroq qolish afg’on xavfsizlik kuchlarini yoki Afg’oniston hukumatini kuchliroq qiladi, degan gapda hech qanday asos yo’q. Agar 20 yillik muddat va yuzlab milliard dollarlik yordam, qurol-aslaha bunga yetmagan bo’lsa, yana bir, besh yoki o’n yil qolish biror o’zgarish qila oladimi?” – deya so’radi u.

Tolibon jangchilari avgust o’rtalarida mamlakatni egallab olishi ortidan prezident Ashraf G’ani Birlashgan Arab Amirliklariga qochdi. AQSh bu orada, asosan, afg’onlardan iborat 124 ming kishini Kobuldan evakuatsiya qildi. Ular orasida 5500 atrofida amerikalik bor. Afg’onistonda yana 100 tacha amerikalik qolgani aytiladi.

Blinkenga ko’ra, rasmiylar Kobulning bu qadar tez qulashini kutmagan.

“Eng pessimitsik qarashlar ham AQSh kuchlari hali chiqib ketmasdan turib Kobuldagi hukumat askarlari taslim bo’lishini taxmin qilmagan edi”, - dedi davlat kotibi.

Harbiy missiya tugagani rasman e’lon qilingan bo’lsa-da, AQSh diplomatining aytishicha, Afg’onistonda qolgan amerikaliklarni va ittifoqchilarni, xususan, mamlakatni tark etishni xohlagan afg’onlarni olib chiqish ishlari davom etadi.

Respublikachilar va Baydenning ba’zi demokrat partiyadoshlari askarlar va fuqarolarning bunday tartibsiz olib chiqilishini keskin tanqid qildi.

Vakillar platasi qo’mitasi raisi, Nyu-Yorkdan saylangan qonunchi Grigoriy Miksning aytishicha, Afg’onistondan chiqish hech qachon oson bo’lishi kutilmagan.

“Ammo bu urush 19 yil oldin tugashi kerak edi, - deya qo’shimcha qildi u.

Texasdan respublikachi qonunchi Maykl Makkol AQShning Afg’onistondan chiqishini “ulkan miqyosdagi falokat” va “xiyonat” deb atadi. Unga ko’ra, Afg’onistonni hozir boshqarayotgan rasmiylar bir paytlar Kubadagi Guantanamo qamoqxonasida saqlangan terrorchilardir.

Ogayolik respublikachi Stiv Chabot Afg’onistonning yana terrorchilar uchun boshpanaga aylanishidan xavotir bildirdi.

“To’g’ri, amerikaliklarning aksariyati Afg’onistonni tark etishni xohladi, lekin bu yo’l bilan emas”, - dedi u.

Uning qo’shimcha qilishicha, Bayden ma’muriyatining xatti-harakati “sharmandalik”dan boshqa narsa emas.

Janubiy karolinalik qonunchi Jo Uilson Blinkenni iste’fo berishga chaqirdi. Floridalik Brayn Mast davlat kotibini hatto yolg’on gapirganlikda aybladi.

Demokrat qonunchi Bred Sherman AQSh kuchlarini olib chiqish bilan bog’liq boshboshdoqlik uchun Tolibon bilan bitim tuzgan sobiq prezident Donald Trampni aybladi. Kuchlarni olib chiqish bo’yicha sobiq ma’muriyat biror reja qoldirganmi, deya so’radi u Blinkendan.

“Biz faqat chiqish muddatini meros qilib oldik. Kuchlarni olib chiqish bo’yicha hech qanday reja olmaganmiz”, - deya javob berdi davlat kotibi.

13 amerikalik askar Kobul aeroportidada yuz bergan xudkushlik hujumida halok bo’lgach, Bayden rejasiga nisbatan tanqidlar yanada kuchaydi. Afg’onistonda joylashgan IShID guruhi xuruj uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga oldi.

Mahalliy so’rovlarda aholining aksariyati Afg’onistondan chiqish haqidagi Bayden qarorini ma’qullagan, ammo uning ijrosini emas.

Qonunchilar Kobulning qulashi bo’yicha razvedka idoralari nega aniq ma’lumot bera olmaganini ham savol ostiga olishi kutilyapti.

Kongressdagi ikki kunlik taftishda respublikachilar, asosan, Afg’onistondan chiqish va urushni tugatish bo’yicha Bayden ma’muriyati so’nggi haftalarda amalga oshirgan ishlarga e’tibor qaratsa, demokratlar to’rt prezident davrini o’z ichiga olgan 20 yillik urushni tahlil qilishni maqsad qilgan.

Amerika bo'ylab xotira marosimlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

Jorj Bush 2001-yil 11-sentabr voqealari ortidan hujum uchun mas’ul “Al-Qoida” terror tarmog’ini yo’q qilish maqsadida Afg’onostonga qarshi urush ochgan edi. Shanba kuni AQShda 11-sentabr falokatining 20 yilligi xotirlandi.

Bayden Afg’onistondan chiqish rejasi “favqulodda muvaffaqiyat” bilan amalga oshirilganini e’lon qilib, urushni tugatish qarori to’g’ri bo’lganini aytdi. Bu urushni beshinchi prezidentga meros qilib qoldirish niytatim yo’q, dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG