Breaking News

Kobuldan chiqish: aeroportda farzandlarini yo'qotgan ota hikoyasi


Kobul aeroportida farzandlarini yo'qotgan ota hikoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:31 0:00

Ne’matulloh Hagori yetti farzandning otasi. U yaqinda maxsus immigrant vizasi orqali Afg’onistondan AQShga keldi. Butun oilasi bilan 16-avgust kuni uchishi kerak edi. Ammo bir kun avval Kobulda hukumat qulab, safari ostin-ustun bo’lib ketdi. Oradan qariyb ikki hafta o’tgachgina Amerikaga kirib keldi.

Nema’tulloh Hagori 15-avgustni hech qachon esidan chiqarmaydi. Shu kuni Kobulda hukumat qulab, Tolibon mamlakatni egallab oldi.

Maxsus immigrant vizasiga ega Hagori ertasiga oilasi bilan AQShga uchib ketishi kerak edi. Tolibon barcha reyslarni bekor qildi.

“Juda yomon kun bo’ldi”, - deya eslaydi u.

Navbatdagi reys ochilguncha u yana 12 kun Kobulda qolishiga to’g’ri keldi.

“Kechqurun 11 da oilam bilan Kobul aeroportiga kelganimda buncha ko’p odam bo’lishini kutmagan edim. Tiqilinchda ko’z oldimda uchta bola nobud bo’ldi. Yana bir ayol ham o’ldi”, - deydi u.

Bu tasvirlarni Ne’mat Hagori olgan. Shafqatsiz issiq, behisob odamlar, vahima va qiy-chuv. Aeroport devoridan oshib o’tishga uringanlar sim-to’siqlardan jarohat oldi.

“Butun oilam ko’z yoshi to’kdi, chunki hammasi jarohat oldi. Bir qizim va o’g’lim tikanli sim ustida yalang oyoq yurishga majbur bo’ldi, chunki poyafzali yo’q edi”, - deydi u.

Oila aeroportga kirish eshigi oldiga yaqinlashganda, Hagori ortiga qaytishga majbur bo’ldi. Chunki to’polonda ikki o’g’li va to’qqiz yashar qizi yo’qolgan edi.

“Qizim o’lgan bo’lsa kerak, deb o’yladim. Chunki uchta bola o’lganini oldinroq ko’rgan edim. Olti soat qidirib ikkita o’g’limni topdim. Qizimni tirik ko’rganimda esa yig’lab yubordim. Juda xursand edim. Uning tirikligi uchun Xudoga shukronalar aytdim”, - deya xotirlaydi afg’onistonlik ota.

16 yoshli o’g’lini topganida u hushsiz edi.

“Uni yelkamga olib, odamlar orasidan olib chiqdim. Bo’yi past bo’lgani uchun odamlar orasida siqilib qolgan. Quyosh qizdirgan, havo yetishmagan. Tashqariga olib chiqib, suv berdim, birozdan so’ng nafas olishni boshladi”, - deydi u.

Hagori uchun aeroport ichiga kirishning o’ziga to’rt kun vaqt ketdi. Bu orada rafiqasi va to’rt farzandi dastlab Qatarga, so’ng AQShga jo’nab ketdi. Butun oila 12 kundan keyingina qayta ko’rishdi. Hozir ular doimiy yashash manzili aniq bo’lguncha boshqa afg’on muhojirlari bilan Vashingtondagi mehmonxonada turibdi. Qolganlar Virjiniya, Texas, Viskonsin va Nyu-Jersidagi harbiy bazalarga joylashtirilgan.

Bolalar Afg’onistonda yuz bergan voqealar haqida gapirishni istamaydi, ammo AQShda yangi hayot boshlayotganlaridan xursand.

“Akalarim bilan yana futbol o’ynashni, maktabga borishni va yangi do’stlar orttirishni xohlayman. Chunki hozir bu yerda yolg’izman”, - deydi Ab Mobin.

Ular keyingi taqdirlarini kutar ekan, Migratsiya bo’yicha xalqaro tashkilot Hagori va uning oilasini oziq-ovqat bilan ta’minlamoqda. Ko’ngillilar ham ularning holidan xabar olib turibdi. Ko’plab afg’onlar AQShga quruq qo’l bilan kelgan.

Hagori endi Afg’onistonda qolgan yaqinlarining taqidirdan tashvishda.

“Ular otamni taniydi, akalarimni bilishadi. Men Afg’onistonni tark etganimdan keyin oilamni qidirishga tushishgan. Mening o’rnimga otam, akalarimni qo’lga olishadi”, - deydi afg’onistonlik muhojir.

Hagoriga ko’ra, bu ixtiloflardan eng ko’p bolalar aziyat chekyapti. Hozir u har kuni farzandlari yonida. Birga sayr qilyapti, gaplashyapti. Bu bolalar endi qo’rquvsiz yashashni o’rganishi kerak. Tez orada oila Kaliforniyada yangi hayot boshlashga hozirlanyapti. Hagorining farzandlariga aytadigan eng muhim gapi shu: eng yomoni ortda qoldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG