Breaking News

2021-yilgi "Grin karta" g'oliblarining taqdiri nima bo'ldi?


AQSh hukumati yangi moliyaviy yil boshida 2023-yil uchun “Grin karta” viza lotereyasi dasturini rasman ochar ekan, Afg'oniston, Misr, Peru, Eron, O’zbekiston kabi ko’plab mamlakatlardan 2021-yil uchun o’tkazilgan daasturda g’olib bo’lgan minglab odamlar hanuz AQShga kelish vizasini qo’lga kirita olgani yo’q. Ular shu yil sentabr oxirigacha viza olgan bo’lishi kerak edi.

6-oktabr kuni “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi - DV” dasturi uchun qabul boshlandi. AQSh har yili bu dastur orqali turli mamlakatlardan keladigan immigrantlar uchun 55 mingta viza ajratadi.

2023-yil uchun qabul boshlangan bo’lsa-da, o’tgan yili g’olib bo’lganlarning aksariyati hanuz vizasini olgani yo’q. Bunga koronavirus pandemiyasi tufayli ko’plab mamlakatlarda AQSh elchixonalarining ishlamagani sabab bo’ldi.

Viza olish huquqi keyingi yilga o'tkazilmaydi. Butun jarayon bir yilda yakunlanishi kerak. Bu yil 30-sentabrda moliyaviy yil tugashi ortidan 2021-yilgi dastur g’oliblari viza olishi kerak bo’lgan so’nggi muhlat tugadi.

"Amerika Ovozi" shu masalada izoh so’rab Davlat departamentiga bog’landi. Davlat Departamenti vakili elektron pochta orqali yuborgan yozma javobda, "Dastur asosida tasodifan tanlanishingiz viza olishingizga yoki viza intervyusi uchun chaqirilishingizga kafolat bermaydi. Tanlov, shunchaki, bu odam DV dasturida qatnashish huquqiga ega ekanligini bildiradi", dedi.

2017-yilda o'sha paytdagi prezident Donald Tramp musulmonlar ko'p bo'lgan mamlakatlardan odamlarning AQShga kelishiga to'sqinlik qilgan qator qarorlarni e'lon qilgan edi.

2020-yil mart oyida esa koronavirus pandemiyasi tufayli barcha mamlakatlardagi AQSh elchixonalari va konsulliklari yopildi. Keyinroq Amerika iqtisodiyotini himoya qilish maqsadida Tramp ma’muriyati ba’zi immigratsion vizalar berilmasligini e’lon qildi.

Bu o’zgarishlar minglab “Grin karta” g’oliblarining AQShga kelishiga to'sqinlik qildi.

Dastur ishtirokchilari advokatlar yollab, AQSh hukumatini sudga berdi. O'tgan oy federal sudya Bayden ma'muriyatiga lotereya g’oliblariga viza berishni boshlashni buyurdi. O'tgan hafta Vashingtondagi AQSh okrug sudyasi Amit Mehta lotereya g'oliblari uchun qo’shimcha 7000 viza ajratish haqida hukm chiqardi.

Sud qaroriga ko’ra, pandemiya viza bermaslik uchun sabab bo’la olmaydi.

"Bu kamchiliklarning bir qismi, shubhasiz, “COVID-19” pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklar tufayli, lekin pandemiya asosiy sabab emas", - dedi Mehta o'z qarorida.

Uning qo'shimcha qilishicha, muammoning asosiy sababi - Davlat departamenti “Grin karta” g’oliblari arizalarini ko’rib chiqishni besh oy davomida butunlay to'xtatib qo’ygan va konsulliklar ish boshlagandan keyin ham bunday arizalarni ko’rib chiqishni qonunga xilof ravishda ortga surgan.

Davlat departamenti davom etayotgan sud jarayonlari haqida izoh berishdan bosh tortib, quyidagilarni bildirdi:

"Biz AQSh elchixonasi yoki konsulligida immigratsion viza uchun intervyularini belgilashni kutayotgan arizachilar sonini kamaytirish ustida ishlayapmiz. Yangiliklar uchun azirachilar elchixona yoki konsullik saytlarini kuzatib borishlari kerak".

Arizachilarning advokatlariga ko’ra, AQSh elchixonalarida ko’rib chiqilishi kerak bo’lgan minglab ishlar yig’ilib qolgan va har oy “Grin karta” dasturi bo’yicha faqat 10 tacha suhbat o’tkazilyapti, xolos.

"Bu odamlar uchun juda achinarli va asabiy holat, chunki ular ikki yildan beri bu yerga kelish umidi bilan yurishibdi", - deydi immigratsiya bo'yicha advokat Kertis Morrison "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Morrisonning aytishicha, hozirgi kechikishlarni boshdan kechirayotgan g'oliblarning viza olish imkoniyati 30 foiz atrofida.

"Biz ko'proq viza so'raymiz. Lekin sudya bizning so'rovimizni qondirishiga kafolat bera olmaymiz", - dedi u davom etayotgan sud jarayoniga ishora qilib.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG