Uni Afg’onistonning Ovozi deb ta’riflashadi. Farida Mavosh o’z qo’shiqlari orqali afg’on xalqining azob-uqubatlari haqida hikoya qiladi.
“Qo’shiqlarim besh qit’a bo’ylab yangragan. Jumladan, ayol va erkak huquqlari teng bo’lgan joylarda ham. Afg’onistonda esa Tolibon hokimiyatga qaytib, ayollarni tiriklayin ko’mishyapti hisob”, - deydi san’atkor.
Farida Mavosh afg’on bolalarini qo’llab-quvvatlash uchun konsertlar bergan, xotin-qizlar huquqlari uchun kurashgan.
U oila a’zolari bilan Afg’onistonni tark etganiga 30 yil bo’ldi. 1991-yilda AQShdan boshpana olgan. Bugun Kaliforniyada ko’plab afg’onlarni ko’raman, deydi Mavosh. Ushbu shtat Tolibon hokimiyatga qaytgan Afg’onistondan yana 5000 qochqinni qabul qilishga tayyorlanmoqda.
“Hozirgi ahvol 90-yillardagidan ham ko’ra yomonroq. Ayollar maktabga borolmaydi, xohlagan kiyimini kiya olmaydi. Ishidan ayrilmoqda ular”, - deydi huquq faoli Guti Rafiq-Suri.
Afg’onistonni tark etishga muvaffaq bo’lganlar uchun Amerikada oson bo’lmasligi aniq, deydi faollar. Ular yangi qochqinlarga qo’ldan kelgancha yordam beradi.
“Ular bu yerda hech kimni tanimaydi, til bilmaydi. Tizim qanday ishlashini bilmasangiz, yangi joyda qiyinchiliklar bo’ladi, albatta. Shuning uchun jamoa bir bo’lib, muhtojlarga ko’mak ko’rsatishi darkor”, - deydi Rafiq-Suri.
Qochqinlar yaqin haftalarda Kaliforniyaga kelishi kutilyapti.
“Turli jabhalarda ish olib borayapmiz. Qochqinlarga yordam bera oladigan shaxslar va tashkilotlar bilan aloqadamiz. Afg’onlar bu shtatda muvaffaqiyat qozonishi uchun barcha imkoniyatlarga ega bo’lishini, integratsiya oson kechishini istaymiz”, - deydi qochqinlarga yordam berayotgan Arash Azizzoda.
Xayriya tashkilotlari mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda turar joy masalasi bilan shug’ullanmoqda. Harbiy bazalarda tekshiruvdan o’tgan afg’on oilalar turli shtatlarda joylashtiriladi. Kaliforniya bo’ylab xayriya markazlari ochilgan. Moliyaviy yordam berayotgan fuqarolar ham bor.
“Uy-ro’zg’orda kerakli barcha narsalarni olib kelishlarini so’rayapmiz. Gigiyena vositalari, choyshablar, idish-tovoq, oshxona jihozlari. Umuman, yangi uyga ko’chib o’tganda nimaiki kerak bo’lsa, shunday buyumlarni to’playmiz”, - deydi qochqinlarga yordam berayotgan nohukumat tashkiloti vakili Nataliya Kastellon.
Aksar afg’onlar Qo’shma Shtatlarga gumanitar asosda kiritilib, joylashtirilmoqda. Ularga vaqtinchalik qonuniy maqom beriladi. Mamlakatda ikki yilgacha qolishi mumkin. Ishlash va ba’zi imtiyozlarni olishga ham ruxsat bor. Muddati tugayotganda maqomini yangilashga imkoniyat beriladi.
Kaliforniyadagi afg’onlar jamoasi advokat topishda ham yordamlashadi.
“Birinchidan, qochqinlar bu yerga aniq maqsad bilan vaqtincha kelganini isbotlashi lozim. Keyin esa ikki yo’l bor: ular vatani Afg’onistonga qaytishi mumkin; qolishni istasa, buning qonuniy yo’li borligini ko’rsatishi kerak”, - deydi advokat Bashir G’ozialam.
Maxsus immigratsion vizani qo’lga kiritgan afg’onlarning bir qismiga doimiy yashash huquqi beriladi. Ular fuqarolikka ariza topshirishi mumkin.
Facebook Forum